UPD:
Materialning oldingi versiyasida Shodlik Palace mehmonxonasi bilan ijara shartnomasi uzaytirilganligi haqida xato xabar berilgan edi. Aslida, Ilhomning mehmonxona bilan shartnomasi uzaytirilmadi.
Hammasi qanday boshlangan edi?
1976-yilda Mark Vayl o‘z talabalari va hamkasblari
bilan “Shodlik” mehmonxonasi (Shodlik Palace) yerto‘lasida Sobiq Ittifoqidagi birinchi
professional nodavlat truppa – “Ilhom” TYTS (Teatr yoshlarining tajriba studiyasi)
ni tashkil etdi. Teatr balandparvoz e’lonlarsiz, ammo qat’iyat va sahna
erkinligiga ishonch bilan dunyoga keldi: bu yerda mafkuraga emas, balki
metafora va jonli nutqqa tayanildi. Spektakllar senzurasiz “oldindan tasdiqdan
o‘tmay turib” sahna yuzini ko‘rdi – bu o‘sha davr uchun xavfli, ammo ijodkorlar
uchun qat’iy qadam edi.
1982-yilda “Ilhom” birinchi marta Moskvadagi “Mossovet” teatrining kichik
sahnasida chiqish qilganida mashhurlik onlari boshlangan edi. Tomoshabinlar “Sharqdan
yangi shamol esgani”
haqida gapira boshladilar, teatrning o‘zi esa diqqat markazida bo‘lib, asosiy yo‘nalishi
– o‘z ovozi va mustaqillik huquqini saqlab qoldi.
1980-yillarda “Ilhom” so‘zga bergan urg‘usidan biroz
chekinib, plastika va musiqiy partituraga o‘tdi: aynan o‘sha davrlarda
truppaning mashhur dastxatiga aylangan “Masxarabozlar uchun regtaym” (1986) va “Klomadeus”
(1988) asarlari paydo bo‘ldi. 1991-yildan boshlab teatr mahalliy mavzularni
ochib berishga harakat qildi – eski Toshkent haqidagi Abdulla Qodiriy asari asosida sahnalashtirgan “Oppoq, oppoq qora laylak”, dadil qadam bo‘lgan Pushkinning asari asosida “Qur’onga taqlid” spektakllari shular jumlasidan.
Ushbu sahna asarlari “Ilhom” teatrining, zamonaviy
syujetlar va klassika davr bilan hamnafas tilda yangraydigan, badiiy erkinlik
esa eʼlon qilinmasdan, amaliyotda o‘z aksini topadigan makon – “mustaqillik
orolchasi” sifatidagi mavqeini belgilaydi.
Mark Vaylning o‘ldirilishi
2007-yil 7-sentabr o‘zbek teatri uchun mash’um kunga aylandi. Kechqurun
Esxilning “Oresteya”si repetitsiyasidan so‘ng uyga qaytayotgan Mark Vayl o‘z
uyi yo‘lagida og‘ir yaralanib, vafot etdi. O‘shanda u 55 yoshda edi.
Fojia sabablari hamon oxirigacha maʼlum bo‘lmay qolmoqda. Ko‘pchilik
uni “Ilhom”ning repertuari bilan bog‘lashadi: ya’ni “Qurʼonga taqlid” yoki
“Oppoq, oppoq qora laylak” kabi dadil sahna asarlari, diniy mavzular,
taqiqlangan muhabbat, erksizlik va ijtimoiy bosim kabi mavzularning olib
chiqilishi. Ushbu spektakllar konservativ
(eski) qarashdagi odamlarning e’tiroz va tanqidiga, teatrga esa oshkora tazyiq o‘tkazilishiga
sabab bo‘ldi.
2008-yilda Toshkent sudi uch nafar erkakni
rejissyorni o‘ldirishda aybdor deb topdi. Pichoq
bilan jarohat yetkazgan Tojikiston fuqarosi Yoqub Gafurov 20 yilga
ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyatni tashkillashtirishga yordam bergan ikki
nafar sobiq militsiya xodimi 17 yilga qamaldi.
Sudlanuvchilarning ta’kidlashicha, jinoyatga “Qur’onga taqlid” spektakli sabab
bo‘lgan, ammo tergov qotillikning haqiqiy sabablari haqida aniq xulosaga
kelmagan.
Teatr asoschisining o‘limi truppani larzaga soldi. Boris
Gafurovning eslashicha, jamoa “Ustoz yaratgan joy yashashi kerak”,
degan qarorga keldi.
Vaylning shogirdi va safdoshi sifatida u teatrga rahbarlikni o‘z zimmasiga
oldi, lekin bu qaror unga osonlikcha kelmaganini ham tan oldi: afsonaviy teatr
mas’uliyati ham og‘ir, ham sharafli edi.
Ta’sischi vafotidan keyingi dastlabki mavsumlar
sinovlar davri bo‘ldi: mablag‘ yetishmasligi, bosim va yopilish xavfi har
qadamda kuzatilardi. Ammo “Ilhom”ning asosiy tamoyillari: senzura va
mansabdorlar diktaturasidan mustaqillik saqlab qolindi. “Davlat teatrlarida
qarorni komissiya, “Ilhom”da esa tomoshabin qabul qiladi. Agar spektakl
aks-sado bermasa, u shunchaki repertuardan olib tashlanadi”, – deydi Gafurov.
Mark Vaylning o‘limi burilish nuqtasi bo‘ldi, aslo
oxirgi nuqta emas. Zero, “Ilhom” o‘z yaratuvchisining xotirasi va davr uchun
chaqiriq sifatida yashashda davom etmoqda.
#SaveIlkhom dan senzuraga qarshi kurashgacha
“Ilhom” uchun mustaqillik shior emas, kundalik
voqelik. “Biz dotatsiyada emasmiz, shuning uchun, bizga hech kim nimani sahnalashtirish va nimani o‘ynashni
buyura olmaydi”, – deya
ta’kidlaydi Boris Gafurov. Barcha qarorlar teatrning ichida tug‘iladi, lekin
oxirgi bahoni zal beradi: “Komissiya tomoshabinga nima kerakligi haqida
o‘ylashi mumkin, lekin agar tomoshabin kelmasa, spektakl bo‘lmaydi. Jonli
teatrda shunday bo‘lishi kerak”.
Erkinlikning bahosi bor. Teatr chipta sotish evaziga
yashaydi va xalqaro hamkorlar yordamiga tayanadi. “Ish haqi, bino va texnikani
saqlash uchun mablag‘ yetishmasligining salbiy tomonlari yaqqol ko‘rinib
turibdi. Teatr – qimmat san’at turi, chiptalar esa xarajatlarni to‘liq qoplay
olmaydi: zal atigi 150 o‘ringa mo‘ljallangan”, – deydi Gafurov. Hatto
gastrollar ham jiddiy sinovga aylanadi: truppaning O‘zbekistondan boshqa
davlatlarga borib kelishi qimmat.
“Biz faqat hamkorlar barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga
olgan taqdirdagina rozi bo‘lamiz. Aks holda buni uddalashimiz qiyin”, – deya
qo‘shimcha qiladi u.
Shu bilan birga, xalqaro donorlar repertuarga hech
qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Gyote instituti, Fransiya madaniyat markazi,
Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) yillar davomida teatrni
qo‘llab-quvvatlab keldi.
SDC ko‘magida 2005-yilda “Ilhom”da Markaziy Osiyo yosh rejissyorlari
laboratoriyasi tashkil etildi.
U teatrning muhim qismiga aylandi: o‘nlab
ishtirokchilar, jumladan, olti nafar o‘zbekistonlik va bir nechta “Ilhom”
aktyorlari uni tamomlashdi. Teatrning o‘ziga laboratoriya sezilarli natijalar
berdi: bu yerda “Dehli raqsi” (2022) repertuariga kiritilgan Anton Paxomovning “Loyli
harflar, suzuvchi olmalar” asari, shuningdek, yubiley mavsumida sahnalashtirish
uchun tanlangan yangi pyesalar: Nilguna Bahromzodaning “Ey, belyash” va Natalya
Lining “Ikki tosh haqida ertak” asarlari paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonda xayriya ishlari qiyinroq kechadi. “Bizda
homiylik madaniyati umuman rivojlanmagan. Sizdan ugina, bizdan bugina, deganday”,
– deya tan oladi Gafurov. Shuning uchun xususiy kompaniyalarning e’tibori,
ayniqsa, muhim: “Kapitalbank” va “Uzum” sahnani mustahkamlash, ovozni yangilash
va yong‘indan keyin ko‘rgazma zalini tiklashga yordam berishdi.
Ba’zan badiiy g‘oyalar emas, balki teatr ishlaydigan
oddiygina sharoitlar xavf ostida qolardi. 2020-yilda binoning yangi egasi teatr
tashkil etilganidan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Shodlik Palace”
mehmonxonasi yerto‘lasini bo‘shatishni talab qilgan. Bunga javoban #SaveIlkhom
kampaniyasi boshlandi: tomoshabinlar, rassomlar, xorijiy diplomatlar va ommaviy
axborot vositalari birlashdi, O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash
va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘sha paytdagi
o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bizni himoya
qilishdi. Natijada ijara shartnomasi uzaytirildi.
2022-yilda esa Teatr arboblari uyushmasi Ichki ishlar
vazirligiga murojaat qilib, Jenni Nordbergning Afg‘onistondagi “bachcha-posh”
fenomeni haqidagi kitobi asosida polshalik rejissyor Yakub Skrjivanek tomonidan
sahnalashtirilgan “Yashirin qizlar” spektaklini namoyish etishni taqiqlashni
so‘radi. Tashkilot ushbu spektaklni “o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va
barqaror yashashiga salbiy ta’sir qiladi’, deb topgandi. (matnda shunday — HD jurnali). Shunda Adliya vazirligi “Ilhom”ni himoya
qildi va jamoat
tashkilotlari teatr repertuariga ta’sir o‘tkazishga haqli emasligini eslatdi. “Muhimi, spektakl qo‘yilsin, degan odamlar topildi, –
deya eslaydi Gafurov. – Bu bizga ishonch beradi: agar biz haqiqatni gapirsak va
ishimizni halol bajarsak, bizning kelajagimiz bor”.
Missiya va badiiy falsafa
“O‘tmish bilan yashash kerak emas – yangi narsa
yaratish muhim, hatto bu eski asar asosida takroran sahnalashtirilgan bo‘lsa
ham. Adabiyot faqat asos beradi, teatr esa uni bugungi kunning jonli nafasiga
aylantirishi shart”, – deya ta’kidlaydi Boris Gafurov.
Bu fikr “Ilhom” falsafasini belgilaydi. Bu yerda
klassikani muzey uchun qayta yaratmaydilar, balki omma bilan uning tilida
gaplashishga va matnlarni zamonaviy kontekstda qayta ko‘rib chiqishga
intiladilar. Shu tarzda Brextning “Meshchan to‘yi”ni qayta tiklashga bir necha
bor urinish Gafurovga o‘tmishga qaytish klassik asarni muzey eksponatiga
aylantira olishini ko‘rsatdi. “Teatrning vazifasi nusxa ko‘chirish emas, balki yangidan yaratishdir.
Tolstoy yoki Brextni olsak ham, XXI asrda ularni qanday his qilsak, shunday o‘qishimiz kerak.
San’atda taqiqlar yo‘q va bo‘lmasligi kerak”, – deydi u.
Bundan sahna tillarining polifoniyasi kelib chiqadi:
masxarabozlik falsafa bilan, plastika hujjatli drama bilan, musiqa esa so‘z bilan bog‘lanadi.
Ivan Viripayevning “Dehli raqsi”da matn harakatlar va ritmlar oqimiga aylanadi;
Nassim Sulaymonpurning “Oq quyon, qizil quyon”ida tomoshabin harakatning
hammuallifiga aylanadi; Antuan Jintning “Lyudka”sida esa hayot oshxona stolida
– yopiq doira ramzi bo‘lgan sahnada namoyon bo‘ladi.
Bu yerda asosiy tamoyil oddiy: tomoshabinni fikrlovchi
inson sifatida hurmat qilish. “Bizning tomoshabin iste’molchi emas,
hammuallif”, – deya ta’kidlaydi Gafurov. Shuning uchun teatr afishasi
xilma-xil: Chexov va Shekspir, Brext va Navoiy, zamonaviy dramaturglar va
boshlovchi mualliflar yonma-yon turadi. Lekin har bir asar yangicha jaranglaydi
– keskin, kutilmagan, ba’zan provokatsion darajada.
Shu tariqa quyidagi spektakllar yaraldi: Mixail
Ugarovning “OBLOM-off” asarida Oblomov postsovet inersiyasi metaforasiga
aylandi – jamiyatning o‘zgarishlarni kutishi-yu, lekin ularga jur’at yetishmasligi
odati; Mixail Durnenkovning “Xlam” asari – buyumlar va qo‘rquvlar bilan
to‘lib-toshgan odam haqidagi ertak; Alisher Navoiy masallari asosida yozilgan “Yetti
oy”da Sharq she’riyati avangard sahnaviy timsolini topgan.
Bu asarlar nafaqat badiiy izlanish, balki teng huquqlilik, zo‘ravonlik
va tanlov erkinligi mavzulariga hali ham qarshilik ko‘rsatayotgan an’anaviy
jamiyatga chaqiriq hamdir. “Biz bugungi muammolar haqida gapiryapmiz. Agar jim
bo‘lsak, o‘zgarish bo‘lmaydi. Bizning vazifamiz hayotga munosabatni
o‘zgartirish, ertangi kun tuyg‘usini berish. Agar biz zo‘ravonlik, tenghuquqlik, inson huquqlari
haqida gapirmasak, hech narsa o‘zgarmaydi”, – deya ta’kidlaydi Gafurov.
Yubiley mavsumi
12-sentabr kuni “Ilhom” o‘zining yubiley –
50-mavsumini Konstantin Simonov qissasi asosidagi “Urushsiz 20 kun”
spektaklining premyerasi bilan boshladi. Rejissyor Aleksandr Plotnikov
sahnalashtirgan asar tomoshabinni 1942-yilga, qissa qahramonlari yashayotgan
front va front orti o‘rtasidagi kamdan-kam uchraydigan yigirma kunlik tinchlik
vaqtiga olib ketadi. Bosh rol Lopatinning harbiy xizmatchisini Boris Gafurov
ijro etgan. “Bu insonning zaifligi, hayot har doim urushdan kuchliroq ekanligi
haqidagi spektakl. Hatto eng mushkul davrlarda ham inson sevish, orzu qilish, xotirlash
huquqiga ega bo‘ladi”, – deydi u.
Mavsum qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. “Urushsiz 20
kun”dan tashqari, tomoshabinlarni “Central Asia Drama.Lab” laboratoriyasida
yaratilgan tojik yozuvchisi Nilguna Bahromzoda asari asosida Maksim Fadeyev
sahnalashtirgan postanovka hamda Mixail Bulgakovning “Janob de Molyerning hayoti” premyerasi
kutmoqda. Ushbu spektaklni Boris Gafurov 25-yanvar – Mark Vayl tug‘ilgan kuniga
maxsus tayyorlayapti. Spektakl teatr asoschisiga bag‘ishlov bo‘ladi.
Yubiley munosabati bilan teatr foyesi va ko‘rgazmalar
zalida teatr tarixiga bag‘ishlangan “Men yashayotgan tana” nomli katta
ekspozitsiya ochildi, shuningdek, arxiv spektakllari retrospektivasi ishga
tushirildi. “Xotira kinozali” formatida tomoshabinlar turli yillardagi
spektakllarni tomosha qilishdi va aktyorlar bilan ularni muhokama qilishdi.
“Bizning vazifamiz atrofdagi talablarga moslashish
emas, balki halol bo‘lishdir. Agar tomoshabin teatrdan boshqa odam bo‘lib
ketsa, demak, teatr tirik”, – deya xulosa qiladi Boris Gafurov.