Harbiy
jamoa bergan ism va paytavadan qilingan yo‘rgak
Bu g‘alati
voqea. Menga Vyacheslav degan ismni jamoa bergan. Oyim emas, dadam ham emas,
balki harbiy jamoa. Otam o‘shanda qurilish rotasida oddiy rassom bo‘lib
ishlardi. Tug‘ilganimda, mening birinchi yo‘rgaklarim... yap-yangi bayka matoli
paytavalardan tikilgan.
Otam meni
Rafael deb atamoqchi bo‘lgan. Buyuk italyan rassomi Rafael Santi sharafiga.
Onam: “Yo‘q. Rafik bo‘ladimi? Qanaqasiga... qanaqasiga Rafik bo‘lsin u?” – deya
e’tiroz bildirgan. Chunki Rafael ismini sodda odamlar Rafik deb
qisqartirishardi.
Shunda
harbiy askarlar va ofitserlar aralashishgan. “Yo‘q-yo‘q, bunaqasi ketmaydi.
Obro‘liroq ism kerak”, - deyishgan. Shu tariqa yig‘ilishda meni tashqi ishlar vaziri Molotov nomi bilan atashga qaror qilishgan.
Rasm: Katerina Kuznetsova
Bolalikning
uch ifori
Uzoq vaqt
davomida bolaligimdan bog‘cha hidi kelardi, chunki onam u yerda tarbiyachi
bo‘lib ishlagan. Bularning hammasi onam bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Mana shu
bog‘cha va bolalar guruhlarining hidlari bilan. Baliq yog‘ining isi esimda: bizni
navbatga qo‘yishar, qo‘rqinchli aralashmani qoshiq bilan og‘izga tutishardi.
Biz bo‘g‘ilib qolardik, o‘zimizni yomon his qilardik.
Bog‘chamizda
yana mevali daraxtlar gullagan ajoyib bog‘ bor edi. Oh, o‘sha hidlar...
Yana bir
o‘ziga xos hid – bu qabriston hidi. Bolalar bog‘chasi yonida qabriston bor edi.
Urushdan keyin, elliginchi yillarda har kuni uch-to‘rttadan front jangchilari ko‘milardi. Mashina ketidan mashina. Albatta, duxovoy orkestr, oldinda esa
orden va medallar turgan yostiqchalar. Bortlari ochiq mashina sekin yurib
borardi, unda qora ro‘mol o‘ragan ayollar yig‘lashardi. Tobutda front qatnashchisi yotardi, tobutdan esa uning sariq burni ko‘rinib
turardi. Biz kichkintoylar panjaraga osilib olib, har kuni buni kuzatib
turardik.
Bir vaqtlar
hatto bir-birimizni yolg‘ondakam ko‘mardik. Mojjevelnik va tuyaning hidi esimda qolgan.
O‘rta Osiyoda archalar bo‘lmagan, gulchambarlar esa mojjevelnikdan yasalardi. Mana shu
hid meni ancha yillar ta’qib etdi. Men hali ham bu yerda tandir kabob yeya olmayman va
jin (spirtli ichimlik) icholmayman, chunki bu is men uchun hamon qabristonni eslatadi.
Rasm: Katerina Kuznetsova
Budkadagi
etikdo‘z va tungi qorovul: yolg‘izlik haqidagi orzular
Bolaligimdan
avval etikdo‘z bo‘lishni orzu qilardim. Menga uning qishda budkada o‘tirishi
yoqardi. Tashqari sovuq, uning budkasidan esa yelim, charm hidi kelardi.
Ota-onam meni uning oldiga oyoq kiyimni tuzatishga yuborishardi – kelganimda, u
yerda tashrif buyuruvchilar uchun bittagina joy bo‘lardi. O‘tirardim, pech
ustida choynak bor, issiqqina. Mana shu hidlar. Eng muhimi, u yolg‘iz
o‘tirardi. Hech
qanday jamoasi yo‘q. Menga uning yolg‘iz
o‘tirishi juda yoqardi.
Keyin
ulg‘ayib, tungi qorovul bo‘lishni istab qoldim. U ham yolg‘izgina – shunday
budkada o‘tirasan, tranzistor ovozi eshitiladi, derazadan qaraysan, qor yog‘yapti,
hamma yoq shilta. Va bu qandaydir erkinlik edi, jamoasiz, yolg‘iz qolish.
Sababini keyin tushundim. Chunki otam ham yolg‘iz o‘zi ustaxonaga borardi.
Qachon xohlasa, shunda kelardi. Hech qanday siyosiy ma’lumot yo‘q, tinchgina.
Fotosurat: Katerina Kuznetsova
Bo‘shliq –
bu hamma narsaning ibtidosi
Umuman,
yolg‘izlik san’atkorlarga xos deb o‘ylayman. Hammasi uchun emas, albatta.
Masalan, birga ishlaydigan rassomlar guruhlari bor. “Ko‘k burunlar” –
Slava Mizin, Sasha Shaburov, ularga kimdir qo‘shiladi, kimdir ketadi.
Kukrinikslar bor edi, ular uch kishi bo‘lib ishlagan, birga ijod qilgan.
Yolg‘izlikni qumsaydigan odamlar ham bor.
Menimcha,
konseptualizm yolg‘izlikni yoqtiradi, fikrlashni yaxshi ko‘radi. Yig‘ilishlarda, ochilishlarda, katta ko‘rgazmalarda atrofimda
rassomlar ko‘p bo‘lsa, o‘zimni noqulay his qilaman. Bu esa qandaydir tashvish uyg‘otadi.
Bu holat menga xos emas. Yolg‘izlikda esa diqqatni jamlay olasan. Bu sen uchun
yolg‘izlik emas, bo‘shliqning boshqa ko‘rinishiga aylanadi.
Hamma
bo‘shliqni shunchaki bo‘shliq deb o‘ylaydi. Lekin unga daosizm nuqtayi
nazaridan qaralsa, aslo unday emas. Bo‘shliq hamma narsaning ibtidosidir.
G‘oyalar aynan shundan keladi. Qadimgi Xitoy ta’limotlarida aytilishicha, hamma
narsa yo‘qdan paydo bo‘ladi.
Foto: Katerina Kuznetsova
London
to‘lqinlarini radioda sozlagan xayolparast
Bolaligimda
og‘ir-bosiq bola bo‘lganman. O‘z olamimda yashardim. Haddan tashqari
xayolparast edim. Menga aniq fanlar yoqmasdi. Tarix, adabiyotni yaxshi
ko‘rganman. Orzu qilish jonu dilim edi. Men qandaydir xayolparast edim. Nimani
orzu qilganim hozir ham esimda yo‘q, lekin nimanidir xohlaganman.
Radiopriyomnik
qulog‘ini burash, to‘lqinlarni tutish menga juda yoqardi. Unda: Moskva, London
va boshqa turli shaharlar yozilgan edi. Londonni tutsam - Londonni, Parijni tutsam - Parijni eshitaman, deb o‘ylardim. Albatta, bu shunchaki yozuvlar edi.
Ammo bir
kuni ajoyib musiqa eshitib qoldim. U meni shu darajada hayratga soldiki...
Shkalaning qayerida o‘sha chiziq borligini eslab qoldim. Kechqurunlari,
ota-onam boshqa xonada bo‘lganida, men bu stansiyani yana eshitish uchun sozlardim.
Bu Seylon orolidan kelgan ingliz stansiyasi ekan. Musiqa esa jaz edi.
Stalinning
o‘limiga uch munosabat: yig‘i, so‘kinish va otib tashlangan protez
O‘sha mart
oyini juda yaxshi eslayman. Kun bulutli edi. Birdan sirenalar yangradi. Butun
shaharda. Nafaqat harbiy, balki zavod gudoklari ham. Bu Stalin o‘lgani to‘g‘risidagi xabar edi. Oq fartuk taqqan tarbiyachi onam, sichqon rangli xalat kiygan enaga
qizlar chiqib, ho‘ngrab yig‘lay boshlashdi.
Men
kichkina bola bo‘lsam ham, erkinlikni his qildim: qochib ketsam bo‘lardi.
Har doim daraxtlar tagidan o‘tgan yilgi yong‘oqlarni qidirardim. Bir
yong‘oq daraxti yonida mast odam turgan ekan. Cho‘loq, frontdan qaytganligi ko‘rinib
turardi. U daraxtga peshob chiqargan holda g‘o‘ldirab qo‘yardi: “Bu ablah
o‘ldi... ablah o‘ldi”.
Men bu
voqealarning hammasini bir-biriga bog‘lay olmadim. Keyin o‘q ovozlari
eshitildi. Paxsa devordagi teshiklardan birida bog‘chamizdagi bolaning otasini ko‘rib qoldim. U balchiqda yotardi. Ob-havo yomon, mart oyi.
Uning yog‘ochdan yasalgan protez oyog‘i o‘rik daraxti ustida osilib turardi. U o‘z
oyog‘iga qo‘shog‘iz miltiqdan o‘q uzgandi. Oyog‘idan mato parchasi osilib turardi.
Keyin u o‘zining medallari va ordenlariga qarata o‘q uzdi. Baqirardi,
so‘kinardi. Uning uchun go‘yo qiyomat boshlangan edi: Stalin o‘ldi – hayot tugadi.
Dahshatli manzara.
Dahshatga
tushib, onamning oldiga yugurdim. Bola onasiga “uning oyog‘i daraxtda” deganda,
bu xuddi syurrealizmga o‘xshardi. Lekin men onamni o‘sha yoqqa olib bordim.
Hammasi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. U ko‘zlarimni yumib, meni olib ketdi.
Mana,
Stalinning o‘limiga uchta munosabat. Onam yig‘ladi. Erkak yong‘oq yonida
so‘kinardi. Do‘stimning otasi esa protez va medallarni otib tashladi. Axir bu
protezni u uzoq kutgandi. Otam bilan restoranda uni yuvganlari esimda –
yap-yangi, qarsildoq protez.
Bu kun
xotiramda abadiy qoldi. Agar gudok, yig‘i, daraxtga osilgan oyoq bo‘lmaganida,
balki eslab qololmasmidim.
Foto: Katerina Kuznetsova
Otamning
namoyishlari, KGB (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi)
va kechikkan galstuk
Pionerlikka
bag‘ishlovim esimda. Bu quvonchli kun edi, men uni bir umrga eslab qoldim.
Bahorda meni qabul qilishmadi. O‘zi to‘rtinchi sinfdaligimda bahorda qabul
qilishlari kerak edi. Meni esa qabul qilishmadi. Hammani qabul qilishdi, meni
esa yo‘q. Xafa bo‘ldim, jahlim chiqdi. Nima men ijtimoiylashuvdan orqada qolgan odammanmi?
Buning
sababi shundaki, otam namoyish o‘tkazishga qaror qildi. O‘shanda buni
“performans” deb atashmagan, shunchaki... Dadam “Огонёк” jurnalini,
gazetalarni o‘qir, ulardan birida amerikalik ishchilarning rasmi bor edi. Tasvirda ular plash va “borsalino” shlyapalarida sadaqa so‘rab turishardi.
Ostida esa: “Mana, kapitalizm! Yashashlarini qarang!” degan yozuv bor edi.
Bular propaganda ruhidagi sovet jurnallari uchun odatdagi rasmlar edi.
Otam fotosuratchi
Yakov Sutkevichdan uni O‘sh shahri markazida suratga olishni so‘radi – u
xitoycha plash, “borsalino” shlyapasini kiyib, xuddi sadaqa so‘ragandek tik
turardi.
Lekin buni
kimdir ko‘rgan. KGBdan bo‘lsa kerak. Dadamni olib ketishdi. Va so‘roqlar
boshlandi: “Nega? Siz nimani tasvirlayapsiz? Nima, ahvolingiz yomonmi? Siz
sadaqa so‘rayapsizmi? Sizga nima yetishmayapti? Nimaga mamlakatimizni sharmanda qilyapsiz?
Yurtimizda gadoy yo‘q. Sovet Ittifoqi qashshoq xalq emas!”
Xullas, otamni
uch kun qiynashdi, keyin qo‘yib yuborishdi. Chunki u o‘sha paytda Qirg‘iziston janubida
Stalin, Lenin kabi dohiylarning suratlarini chiza oladigan yagona rassom edi.
Keyinchalik
meni qoloqlar qatorida – ikkichilar bilan birga pionerlar safiga
qabul qilishdi. Kuz fasli, sovuq edi. Lenin haykali yonida galstuk taqib,
tabriklashdi.
Esimda,
juda xursand bo‘lib uyga qaytgandim. Hamma menga qarab turibdi, deb o‘ylardim. Huddi
mana bu bolani pionerlikka qabul qilishdi, deyayotgandek. Orden bilan
mukofotlangandek bo‘lgandim.
Men o‘ziga
xos “uchtalik” binoga yetib bordim: u yerda ‘Bolalar dunyosi” do‘koni bor edi,
qarshisida manikyur saloni
– hamma narsa ayollar uchun. Biz uni “onamning
dunyosi” deb atardik, yonida esa “Pomir” restoranini “dadamning dunyosi” deb
talqin qilardik.
“Pomir”
restorani oldida otam do‘stlari bilan turgan ekan: o‘sha fotosuratchi Sutkevich
va boshqalar. Yaqinlashdim: “Dada, meni pionerlikka qabul qilishdi”, - dedim.
Meni ham shu restoranga olib kirishdi. Stolga bo‘yim etishi uchun portfelimni
ostimdagi stul ustiga qo‘yishdi. Xullas, ularda ichkilikbozlik boshlandi, men
esa xuddi tug‘ilgan kun egasidek o‘tirardim. Agar bu restoran bo‘lmaganida, men
o‘sha kunni hech qachon eslay olmasdim.
Rasm: Katerina Kuznetsova
Omonqo‘tonda
ijodiy zaharlanish
Bir kuni – o‘sha
kezlari musiqa bilan shug‘ullanardim – kechqurun restoranda musiqa chalib
o‘tirsam, otam kelib qoldi. Restoranda meni stol yoniga chaqirib, “Ertaga
o‘rtoqlarim bilan mototsiklda O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatga chiqamiz.
Borasanmi?” – deb so‘radi. Men: “Ha, albatta”, - dedim.
Gitaramni
bollarga qoldirdimda, ertasiga otam bilan jo‘nab ketdim. Rassomlar chizishardi,
men bo‘lsam o‘sha manzaralarni tomosha qilib, sang‘ib yurardim. Keyin qo‘limga
mo‘yqalam olib, chiza boshladim. Ajoyib tasvir chiqdi. Hatto bir joyni –
Samarqand bilan Shahrisabz o‘rtasidagi dovondagi Omonqo‘ton qishlog‘ini ham
eslayman. Rasm yaxshi chiqqandi. Birdan nimadir qila olishimni ko‘rib hayratga
tushdim.
O‘shanda
zaharlanganimni his qildim – ha, zaharlanganimni. Ijod bilan zaharlandim. Yana,
yana va yana takrorlagim kelardi. Chizish va yana chizish. Mana shu yaxshi
ma’noda zaharlanish deyiladi. Bu xuddi Pavelning o‘sha yerda yurganida to‘satdan
zaharlanib qolganiga o‘xshardi... U odamlarning terisini shilardi, o‘ldirardi –
va birdaniga unda iymon paydo bo‘ldi. Xuddi shunday. To‘satdan biror narsa
qo‘lingdan kelib qolsa, xuddi shunday zarba olasan.
Foto: Katerina Kuznetsova
Chuykovning
yonida: respublikaning eng yosh rassomi
O‘sha
safardan bahorda qaytdik. Kuzga kelib esa kattaroq, tempera bo‘yog‘ida asar
yozib bo‘ldim. Bu ishimni “Yer va odamlar” respublika ko‘rgazmasiga qabul
qilishdi. U Frunzeda o‘tgan – hozir bu Bishkek.
Mening
ishimni ko‘rgazma bo‘layotgan muzeyga, Semyon Afanasyevich Chuykovning asari
yoniga osib qo‘yishdi. U O‘zbekistonda tasviriy san’atning tashabbuskorlaridan
biri bo‘lib, Pishpekda tug‘ilgan (Frunzening oldingi nomi). Uni eng keksa, meni
esa eng yosh rassom sifatida asarlarimizni ko‘rgazma tashkilotchilari yonma-yon ilib qo‘yishgandi.
O‘shanda
gazetada maqtovli taqriz bosilib chiqdi. Bu gazetani yo‘qotib qo‘ygunimcha
o‘zim bilan olib yurdim. Lekin ochilishda o‘zim qatnasha olmadim – otam bordi, uning ham ishlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan edi. O‘shanda uning yoniga grafikachi,
SSSR xalq rassomi, mashhur Lidiya Ilyina kelib: “O‘g‘lingiz o‘qishi kerak”, –
degan.
Oradan bir
oy o‘tgach, otam meni Bishkekka bilim yurtiga olib bordi va: “Bo‘laqol. Sen
62-yilda imtihon topshirib, qochib ketgan eding, endi tiklanishing kerak”, - dedi.
Meni birdaniga uchinchi kursga qabul qilishdi. Bir yildan so‘ng o‘qishni
tugatib, Moskvadagi Surikov institutiga o‘qishga kirdim.