San’at

Professional bo‘lish san’ati

Alfiya Kalmaganbetova

11 daqiqa o‘qish
Foto: Ildar Sodiqov

Nikolay Tsiskaridze - haqiqiy mahorat, buyuk ustozlar, shaxsiy namuna bilan tarbiyalash, dramatik teatr va ma'rifat maydoni sifatidagi ijtimoiy tarmoqlar haqida.

Bugungi kunda Nikolay Tsiskaridzening professional dunyosi balet sahnasidan ancha kengroq: A. Ya. Vaganova nomidagi rus baleti akademiyasini boshqarish, o'quvchilar bilan ishlash, dramatik teatr, kitoblar, ijtimoiy tarmoqlar. Ammo bu yo'nalishlarning barchasida asosiy narsa saqlanib qoladi - kasbga e'tibor, sifatga talabchanlik va bilim ulashish istagi.

Nikolay Tsiskaridze bilan intervyuni A. Ya. Vaganova nomidagi rus baleti akademiyasining yosh solistlari konserti boshlanishidan oldin Toshkentda yozib oldik.

Men baletga ertak istaganim uchun keldim
Nikolay Tsiskaridze
Foto: Ildar Sodiqov

— Nikolay Maksimovich, inson qanday qilib mashhur bo'ladi? Siz hech qachon ongli ravishda shuhratga intilganmisiz?

— Men hech qachon baletga boraman va mashhur bo'laman, deb o'ylamaganman. Men baletga ertak istaganim uchun keldim. O'shanda na kasb, na karyera, na shunga o'xshash narsalar haqida o'ylamaganman. Gap shundaki, menga omad kulib boqdi: qobiliyatlarim men topshirgan o'quv yurtining talablariga mos keldi. Keyin hammasi ancha muvaffaqiyatli va, aytishim mumkinki, uyg'un rivojlandi, shuhrat esa tabiiy yo'l bilan keldi. Avval xalq artisti bo'ldim, keyin meni televideniyeda ko'rsata boshlashdi. Bugun ko'p yoshlar shon-shuhrat, mashhurlik istashini ko'raman, lekin ko'p hollarda natijaga erishmaydi, chunki ular o'zlari dunyoga nima taklif qila olishlarini, qanday yangilik aytishlarini bilishmaydi. Bir paytlar o'qigan ajoyib fikrni misol qilib keltiraman: yozuvchi - yozadigan  emas, balki o'qiladigan kishidir. Buni tushunish juda muhim. Mingta intervyu berish mumkin, lekin ularni hech kim ko'rmaydi va o'qimaydi, boshqa odam uchta so'z aytadi - va ular hamma joyga tarqaladi.

— Siz haqiqiy ishning ustasini shunchaki ishonchli ravisgda professional bo'lib ko'ringan odamdan qanday ajratasiz?

— Haqiqiy usta odatda darhol ko'zga ko'rinadi. Shunday odamlar borki, ular o'z ishlarini shu qadar oson bajaradilarki, ularga uzoq o'ylash, tushuntirish yoki o'zlari egallagan narsani ko'rsatish kerak emas. Bu yengillik ortida ulkan tajriba, bilim va ichki madaniyat turadi.

Hayotda menga juda omad kulib boqdi: professional yo'limda daho pedagoglar uchratdim, teatrda meni ajoyib odamlar o'rab olgan edi: bu artistlar, grimxona va libosxona xodimlari, musiqachilar, butaforlar edi. Ularning ko'pchiligining yoshi mendan shu qadar katta ediki, men ularga nevaradek edim, lekin shu bilan birga ular o'z ishlarining haqiqiy ustalari edilar. Men ularni kuzatdim va ko'p narsani o'rgandim. O'zing yosh bo'la turib, teatr tuzilishini yaxshi biladigan odamlar seni qo'llab-quvvatlasa, haqiqiy professional e'tirofning qadrini tushuna boshlaysan.

Artist - bu aysbergning cho‘qqisi xolos, axir parda ko'tarilib spektakl bo'lishi uchun ulkan jamoa ishlaydi. Va agar seni teatrni ichidan biladigan odamlar hurmat qilsa, buni so'z bilan ta'riflashga til ojiz.

— Siz o'z pedagoglaringiz haqida alohida hurmat bilan gapirasiz, lekin ularning boshqa o'quvchilari ham bo'lgan. Nega aynan sizga ular shuncha e'tibor berishgan?

— Katta teatrdagi asosiy pedagoglarimdan biri Nikolay Fadeyechev edi. Uning qo'lida bir vaqtning o'zida uchta o'quvchi shug'ullanardi va ularning uchtasi ham keyinchalik xalq artisti bo'lishdi. Ular orasida eng yoshi men edim. Bir kuni ustozdan so'radim: «Nikolay Borisovich, nega Seryoja va Andryushani men qiladigan narsani qilishga majburlamaysiz?». U mendan qancha bera olsam, shuncha talab qilishini tushuntirdi. Bu juda muhim saboq. Haqiqiy pedagog hammaga bir xil talablar qo'yavermaydi. U har bir o'quvchining imkoniyatlarini tushunishi va uning nimalarga qodirligini ko'rishi kerak. Va men hammasini faqat iste'dodga bog'lab qo'ymagan bo'lardim. Iste'dodni rivojlantirish zarur. Va bu yerda ko'p narsa kerakli paytda yoningda kim bo'lishiga bog'liq.

Menga shunchaki o'qitishni emas, balki kasbga munosabatni shakllantirishni biladigan odamlarni uchratish nasib etdi. Aynan shu narsa inson bilan butun umr qoladi.

— Bugun siz nafaqat artist, balki A. Ya. Vaganova nomidagi rus baleti akademiyasining rahbari, pedagog, kitoblar muallifisiz. Sizning artistlik karyerangiz dramatik teatrda ham davom etmoqda. Professional makonning bunday kengayishi siz uchun qanchalik tabiiy?

— Menimcha, hayotda hamma narsa asta-sekin shakllanadi. Men hech qachon o'zimni barcha mumkin bo'lgan yo'nalishlarda sinab ko'rishni maqsad qilib qo'ymaganman. Shunchaki sharoitlar, imkoniyatlar, birga ishlash qiziqarli bo'lgan odamlar paydo bo'ladi.

Balet menga juda ko'p narsa berdi: sahna tushunchasi, intizom, kasbga munosabat, lekin san'at bitta janr bilan cheklanmaydi. Teatr qanday tuzilganini, artistlar qanday ishlashini, spektakl qanday yaratilishini kuzatish menga qiziqarli.

Foto: Ildar Sodiqov

— Chexov nomidagi MXAT ( Moskva badiiy akademik teatri )ning «Kabala svyatosh» (avliyolar qulligi) spektaklida siz Lyudovik XIV rolini o'ynaysiz, Molyerni esa Konstantin Xabenskiy ijro etadi. Dramatik teatrdagi debyutingiz uchun esa Maksim Nikolayev ismini tanladingiz. Nega siz uchun yangi janrda boshqa ism bilan boshlash muhim edi?

— Men uchun bu toza varaqdan boshlash imkoniyati edi. Men tomoshabin aynan shu ishni baholashini, uni faqat mening ismim va avvalgi yutuqlarim orqali qabul qilmasligini xohladim.

Inson ko'p yillar bitta kasbda ishlaganda, tomoshabinlarda u haqida ma'lum tasavvur shakllanadi, lekin yangi janrda o'zingga hammasini qaytadan baholash imkoniyatini berishing muhim. Menimcha, bu har qanday artist uchun foydali. Butun umr faqat avvalgi muvaffaqiyatlar hisobidan yashab bo'lmaydi, ishlashni, o'rganishni va o'z imkoniyatlaringni sinab ko'rishni davom ettirish kerak.

— Sizning «Mening teatrim» kitobingiz kasbga ichkaridan nazar tashlash imkonini beradi. O'z tajribangiz haqida endi sahnadan emas, matn orqali gapirish imkoniyati siz uchun nimani anglatadi?

— Kitob batafsilroq gapirish imkoniyatini beradi. Sahnada hamma narsa shu yerda va hozir sodir bo'ladi, matnda esa to'xtab, odamlarni, sharoitlarni eslab, nima uchun biror narsa muhim bo'lganini tushuntirish mumkin. Men uchun teatr - bu nafaqat rollar va spektakllar. Bu yo'limda uchragan odamlar, pedagoglar, hamkasblar, menga nimadir o'rgatgan vaziyatlar. Bularning barchasi professional hayotni tashkil etadi. Va agar mening tajribam o'quvchilarga qiziqarli bo'lsa, nega ular bilan o'rtoqlashmaslik kerak?

«Mening teatrim» ikki jildligi ko'plab o'quvchilar uchun mening tarixim bilan tanishish va teatr olamini ichkaridan ko'rish imkoniyati bo'ldi. Kitobga bo'lgan qiziqish odamlar uchun nafaqat tayyor natijalar, balki ularga olib boradigan yo'l ham muhimligini ko'rsatadi.

Muhimi, seni qancha odam ko'rgani emas, balki mehnatingdan keyin nima qolgani
Nikolay Tsiskaridze

— Bugun ijtimoiy tarmoqlar deyarli bir zumda mashhur bo'lish imkonini beradi. Siz o'zingiz raqamli makonda taniqli shaxsga aylandingiz, garchi dastlab, tushunishim bo'yicha, bunga intilmagan edingiz. Hammasi nimadan boshlandi?

— Men umuman ijtimoiy tarmoqlarni inkor qilardim va uzoq vaqt ular bilan shug'ullanishni xohlamadim. Pandemiya paytida bir shogirdim meni ijtimoiy tarmoqlarga jalb qila boshladi, ro'yxatdan o'tkazdi va hammasi qanday ishlashini ko'rsatdi, keyin esa menda juda tez katta miqdordagi obunachilar paydo bo'lgani ma'lum bo'ldi. Avvaliga bu bilan nima qilishni ham tushunmadim, lekin keyin nima haqida yozishni o'ylab topa boshladim.

Foto: Ildar Sodiqov

Obunachilarim orasida maktab yoshidagi bolalar ko'pligini payqadim va bu holatni hisobga olishim kerakligini tushundim. Bolalarga yaxshi film ko'rish, kitob o'qish, yangi narsa bilish qiziqarli bo'lishini xohlardim. Bunda onamning pedagog bo'lgani ham rol o'ynagan bo'lsa kerak. Onam haftada bir necha marta sartaroshxonaga borardi va menga bu mutlaqo shart emasdek tuyulardi, lekin u bolalar o'qituvchining qanday ko'rinishini juda diqqat bilan kuzatishini tushuntirardi. Ular o'qituvchining ozoda kelganini, kayfiyati qanday ekanini payqaydi, va men o'zim pedagog bo'lganimda, uning naqadar haq ekanini tushundim. Bolalar haqiqatan ham hamma narsani payqaydi, ular kattalarning so'zlari bilan xatti-harakatlari bir-biriga to'g'ri kelmasa, buni sezadi.

— Bugun bolani ko'proq nima tarbiyalaydi: pedagogmi, oilami yoki uni qurshab turgan axborot muhitimi?

— Menimcha, uni o'rab turgan hamma narsa tarbiyalaydi. Menda katta pedagogik tajriba bor va men aniq aytishim mumkinki: amal so'zdan ancha ko'proq tarbiyalaydi. Siz bolaga million marta biror narsa qilmaslikni aytishingiz mumkin, lekin u sizning o'zingiz aynan shunday yo'l tutayotganingizni ko'rsa, so'zlaringiz hech narsani o'zgartirmaydi. Bundan tashqari, chegaralarni belgilashni bilish zarur. Shunchaki talab qilish kerak emas. «Mumkin emas, tamom!» - deyish lozim. Ruxsat etilgan narsa qayerda tugashini va nima uchun ma'lum bir chegaradan oshib bo'lmasligini tushuntirish kerak. Bola nafaqat taqiqni, balki uning ma'nosini ham tushunishi muhim. U sho'xlik qilishi, yangi narsani sinab ko'rishi, xato qilishi mumkin, lekin chegara qayerdan o'tishini bilishi kerak. Va, albatta, xarakterni hisobga olish zarur. Hamma odamlar har xil. Ba'zan bola, qancha urinmang, sizni darhol eshitmaydi. Sabr qilish va ba'zi narsalarga vaqt kerakligini tushunish lozim.

Birinchi harakatgacha - fotoesseToshkentdagi A. Ya. Vaganova nomidagi Rus balet akademiyasining ochiq mahorat darsi - Alisher Navoiy nomidagi Katta teatrdan Alfiya Kalmaganbetovaning reportaji.mag.humodoc.comBirinchi harakatgacha - fotoesse

— Demak, ijtimoiy tarmoqlar siz uchun pedagogik faoliyatning davomimi?

— Ma'lum ma'noda ha, lekin men buni doim e'lon qilib turish kerak bo'lgan alohida missiyaga aylantirishni xohlamayman. Men shunchaki qiziqarli va muhim deb hisoblagan narsalarim haqida gapirishga harakat qilaman. Agar odam o'qiganidan keyin spektakl ko'rishni, kitob ochishni, shahar tarixini bilishni xohlasa, demak bu yaxshi. Odamlar muayyan mavzularga qiziqishini tushunaman va ularga foydali bo'lishi mumkin bo'lgan narsalar bilan o'rtoqlashishga harakat qilaman. Men uchun bu avvalo muloqot quroli, maqsadning o'zi emas.

Foto: Ildar Sodiqov

Taniqli shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lish haqiqatan ham muhim bo'lib qoldi. Bu auditoriya bilan muloqot qilish, o'z g'oyalaringiz bilan o'rtoqlashish, ish haqingizda gapirish usuli, lekin meni boshqa narsa xavotirga soladi: juda ko'p odamlar aslida yashamayotgan hayotni taqlid qila boshlaydi. Ular muvaffaqiyatli, talabgir, qiziqarli inson obrazini yaratishga harakat qiladi, garchi bu obraz ortida ba'zan hech narsa turmasa ham. Dastlab bunday strategiya ishlashi mumkin, odam e'tiborni tortadi, obunachilar orttiradi, muhokama mavzusiga aylanadi, lekin keyin uni tezda boshqa birov almashtiradi va shu bilan birga umidsizlik va iztiroblar keladi. Agar sen hayotingni faqat tashqi e'tiborga qursang, muqarrar ravishda unga bog'liq bo'lib qolasan. Bu e'tibor senga nima uchun kerakligini, nima demoqchi ekanligingni, qanday g'oyani olib yurishingni tushunish kerak, aks holda bu modaga ergashishga aylanadi.

Ba'zan vizual kontent va voqelik bir-biridan juda farq qiladi. Bir kuni Londonga borib, Xempton-Kort saroyida (Hampton Court Palace) «Favoritka» (Sevimli ayol) filmidagi liboslar namoyish etilgan ko'rgazmaga tashrif buyurdim. Ekranda ular parcha, atlas, ajoyib fransuz to'rlari kabi qimmatbaho matolardan tikilgandek tuyulardi, lekin ularni yaqindan ko'rganimda, ko'p detallar butunlay boshqa materiallardan: qog'oz va denimdan, kerakli ranglarga bo'yalgan holda yaratilgani ma'lum bo'ldi. Kinoda bularning hammasi butunlay boshqacha ko'rinardi! Men illyuziya qanchalik ishonarli bo'lishi mumkinligiga hayron qoldim - sen ekranga qaraysan va ko'z oldingda qimmatbaho mato, murakkab faktura, hashamatli libos borligiga ishonasan. O'shanda men bugun qancha narsani faqat ekran orqali qabul qilishimiz haqida o'yladim, biz tasvirni ko'ramiz va uni voqelik deb qabul qilamiz, holbuki ekran nafaqat voqelikni ko'rsatishga, balki uni o'zgartirishga, butunlay boshqa dunyo yaratishga ham qodir.

Ijtimoiy tarmoqlar mening maqsadim emas, bu mening qurolim
Nikolay Tsiskaridze
Foto: Ildar Sadikov

— Ya'ni bizni asta-sekin tasvirga o'z his-tuyg'ularimizdan ko'ra ko'proq ishonishga o'rgatishyaptimi?

— Menimcha, ko'p jihatdan shunday bo'lmoqda. Biz boshqa davrda o'sganmiz. Esimda, matoning sifatini shunchaki uni silab ko'rib aniqlay olardik. Biz atlas va uning taqlidi, tabiiy material va qalbaki mato o'rtasidagi farqni his qilardik. Bugun ko'p odamlar taassurotlarning asosiy qismini kichik ekran orqali oladi. Ular chiroyli tasvirni ko'radi, lekin uni har doim ham voqelik bilan taqqoslay olmaydi. Va bu yerda qiziqarli muammo paydo bo'ladi: agar odam doimiy ravishda sinchkovlik bilan yaratilgan tasvirga duch kelsa, unga hayot aynan shunday ko'rinishi kerakdek tuyula boshlaydi, lekin haqiqiy hayot boshqacha tuzilgan. U har doim chiroyli emas, har doim qulay emas, har doim bizning kutganlarimizga mos kelavermaydi. Va haqiqiy san'at ham har doim chiroyli tasvir bo'lishi shart emas. U murakkab, kutilmagan bo'lishi mumkin, ba'zan kuch va ichki mehnatni talab qiladi.

Muhimi - voqelikni va uning ekrandagi ko'rinishini farqlash qobiliyatini yo'qotmaslik
Nikolay Tsiskaridze

— Siz uchun eng muhim qadriyat - haqiqiylik, deb aytish to'g'rimi? Kasbda, munosabatlarda, san'atda.

— Menimcha, ha. Hayotda o'zing shug'ullanayotgan ishga mos bo'lish juda muhim, deb o'ylayman. Agar sen artist bo'lsang - artist bo'l, agar pedagog bo'lsang - o'z zimmangga olayotgan mas'uliyatni angla. Agar auditoriya oldiga chiqsang - buni nima uchun qilayotganingni va unga nima demoqchi ekanligingni o'yla. Mashhur bo'lish yoki diqqat markazida bo'lish shart emas, atrofdagilarga har kuni o'z ahamiyatingni isbotlash ham shart emas. O'z ishingni yaxshi qilish, yoningda ishlayotgan odamlarni hurmat qilish va har qanday haqiqiy natija ortida ulkan mehnat turishini unutmaslik ancha muhimroq.

Dunyo o'zgaryapti, yangi texnologiyalar, yangi muloqot usullari, mashhurlikning yangi shakllari paydo bo'lyapti. Bularning barchasi tabiiy, lekin qadr-qimmatini yo'qotmasligi kerak bo'lgan narsalar bor: professionallik, hurmat, mas'uliyat, o'rganish qobiliyati va o'z ishini yaxshi qilish istagi.

— Bugun muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lgan yosh yigitga asosiy maslahatingizni aytishingiz kerak bo'lsa, nima derdingiz?

— Men birinchi navbatda unga o'zi uchun haqiqatan qiziqarli bo'lgan narsani aniqlab olishni maslahat bergan bo'lardim. Qanday qilib mashhur bo'lish, televideniyega qanday chiqish yoki ko'proq obunachi to'plash haqidagi savoldan boshlamaslik kerak. Aksincha, "men hayotimni nimaga bag'ishlamoqchiman, nimani bilishni xohlayman, qaysi sohada haqiqiy professional bo'la olaman"? - kabi savollardan boshlash kerak.

Mashhurlik kelishi yoki kelmasligi mumkin. U ko'plab holatlarga bog'liq, lekin agar sening biliming, qobiliyating, mehnatsevarliging va o'z ishingga hurmating bo'lsa, bu allaqachon hayotni qurish uchun asos bor degan ma'noni bildiradi.

Yana bir narsani yodda tutish kerak: muvaffaqiyatli ko'rinadigan hamma narsa ham aslida muvaffaqiyat emas. Va ko'zga tashlanmaydigan hamma narsa ham qadriyatdan xoli emas.

Oxir-oqibat, muhimi - seni qancha odam ko'rgani emas, balki mehnatingdan keyin nima qolgani.

 

Ulashish:

Yangiliklar

HD tahririyatidan maktub

Haftada bir marta Markaziy Osiyoning eng yaxshi materiallari, voqealari va madaniy kashfiyotlarini yuboramiz.