Bugungi kunda islom zamonaviy dunyoga ta’sirining yangi qirralarini namoyon etib, global siyosat va madaniyatning muhim omiliga aylanmoqda. XXI asr boshlanishi jahon kun tartibini o‘zgartirgan bir qator voqealar bilan belgilandi: 2001-yil 11-sentyabrdagi Nyu-York fojiasi, ISHID paydo bo‘lishi, turli mamlakatlardagi terroristik hujumlar silsilasi, Yaqin Sharqda davom etayotgan mojarolar va musulmonlarning Yevropaga ommaviy ravishda ko‘chishi. Bu hodisalar yangi siyosiy manzarani shakllantirdi, natijada pragmatik siyosatchilar va tahlilchilar dinning ma’rifatli, tinchliksevar g‘oyasiga asoslanib, islomning ijobiy qiyofasini izlashga majbur bo‘ldilar.
G‘arb kuratorlari tomoshabinlarni ommaviy axborot vositalarida shakllantirilgan islomning salbiy tasviridan chalg‘itib, zamonaviy islom sivilizatsiyasining estetik va madaniy qudratiga e’tibor qaratishga undamoqda. Ushbu sivilizatsiyaning asosini san’at tashkil etadi. "Islom san’ati" atamasi tobora ko‘proq nafaqat klassik artefaktlarga nisbatan, balki musulmon dunyosining zamonaviy ijodkorlari asarlari xususida ham qo‘llanilmoqda. Ularning islom madaniyatining boy merosi bilan uzviy bog‘liqligi alohida ta’kidlanadi. Zero, bu merossiz jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Zamonlar bog‘liqligi uzildi

Aslida, Sharqona naqshlar va miniatyura jahon san’atiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan, XX asr davomida Yevropada ijod qilgan ko‘plab san’at ustalarini ilhomlantirgan. Matiss, Klimt, Malevich va Kandinskiy ijodida Behzod va uning maktabi singari musulmon Sharqining buyuk ustalari tomonidan yaratilgan badiiy an’analarning aks-sadosini ko‘rish mumkin. Ammo uzoq vaqt davomida islom san’atiga yo haqiqiy badiiy qiymatdan mahrum sirli hodisa sifatida, yo bo‘lmasa mustaqil ijodiy asosga ega bo‘lmagan madaniyatning qat’iy belgilangan shakli tarzida qarab kelindi.
Bu boradagi tub o‘zgarish ko‘p jihatdan Oleg Grabarning ilmiy faoliyati tufayli yuz berdi. Uning asarlari "islom san’ati" atamasini mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Grabar O‘rta yer dengizidan Hindistongacha bo‘lgan hududlarni qamrab olgan badiiy an’ananing shakllanishida islomning hal qiluvchi ahamiyatini ta’kidlaydi. Biroq, zamonaviy islom dunyosi san’atiga nisbatan bu atamani qo‘llash yanada nozikroq va tabaqalashtirilgan yondashuvni talab etadi.
XX asrda yuz bergan dramatik tarixiy jarayonlar — SSSR parchalanishi, siyosiy tuzumlarning o‘zgarishi, global madaniy o‘zgarishlar — islom uzoq o‘n yillar davomida mafkuraviy taqiq ostida bo‘lgan sobiq sovet respublikalari, Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Rossiyaning bir qator hududlarida san’atning rivojlanishiga muqarrar ta’sir ko‘rsatdi. Savol tug‘iladi: bu mamlakatlarda islom sivilizatsiyasi hali ham jonli madaniy organizm sifatida saqlanib qolganmi yoki u zamonaviy badiiy amaliyot bilan aloqasini yo‘qotgan muzey yodgorligiga aylanib qolganmi?
Bu muammo, ayniqsa, O‘zbekiston san’atshunosligida o‘tkir tarzda namoyon bo‘lmoqda. Biroq, islomiy an’analar uzluksiz davom etib kelayotgan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida ham bu masala hali yechimini topmagan. Global o‘zgarishlar islomiy ildizlarga ega bo‘lgan rassomlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatdi: bugungi kunda ular G‘arb san’atining postmodernistik yo‘nalishlari bilan yaqinlashtiradigan yangi uslubda ijod qilmoqdalar. Ularning asarlarida musulmon madaniyati qadriyatlari aks-sadosi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, endi ular klassik islom san’atining qonun-qoidalari, badiiy shakllari va falsafasiga qat’iy bog‘lanmagan holda, jahon san’at maydoniga xos ruhda asarlar yaratmoqdalar.
Islom mumtoz san’ati (VII-XIX asrlar), uning barqaror an’analari va tasviriy madaniyat qonunlari haqida gap ketganda, birinchi navbatda, naqsh va xattotlik yozuvlari yodga keladi. Ular ham Qur’onning muqaddas matnlarida, ham bezak naqshlarida qo‘llanilgan, islomiy badiiy ifodaning o‘ziga xos ritmikasini yaratgan. Dunyoning yirik muzeylarida mumtoz islom san’ati - kulolchilik, kandakorlik, to‘qimachilik, Qur’onning qolyozma nusxalari, xattotlik va islimiy va girih naqshlari bilan bezatilgan xattotlik asarlari an’anaviy tarzda zamonaviy san’at asarlaridan alohida, maxsus zallarda namoyish etiladi.
Biroq bu muzey an’anasi o‘zgara boshladi. 2006-yilda islom san’atining eng muhim to‘plamlaridan biriga ega bo‘lgan Los-Anjeles san’at muzeyi (LACMA) (1700 ga yaqin eksponat) ekspozitsiyaga zamonaviy artefaktlarni kiritish orqali ushbu yo‘nalish haqidagi tasavvurni kengaytirishga qaror qildi. Islom san’ati bo‘limi kuratori Linda Komaroff birinchi bo‘lib muzey uchun "zamonaviy" islom san’ati asarini sotib oldi va bu qadamni quyidagicha asosladi:
Hech kim Yevropa san’ati 1900-yilda tugab qoldi deb o‘ylamaydi - uning asarlari shunchaki boshqa zallarda namoyish etilmoqda. Yaqin Sharq san’ati esa go‘yo 1900-yilda "to‘xtab qolgan" va boshqa hech qayerda taqdim etilmayotgandek ko‘rinadi. Mening maqsadim esa uni davom etayotgan an’ana sifatida ko‘rsatishdir.

Boshqa kuratorlar ham shunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydilar. Ular "islom dunyosi" tushunchasiga kiruvchi Eron, Jazoir, Marokash, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning zamonaviy rassomlar asarlarini islom san’atiga kiritadilar. Bunga, ehtimol, uslubiy vorislik emas, balki mualliflarning geografik va madaniy kelib chiqishi asos bo‘ladi.
Aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan sobiq sovet hududlarida islom san’ati an’analari ko‘p hollarda dekorativ-amaliy ijodiyotning naqshinkor bezaklarida o‘z aksini topadi. Rangtasvir, haykaltaroshlik va zamonaviy san’atning dolzarb shakllari islom an’anasining ta’sirini kamroq namoyon etsa-da, so‘nggi yigirma yil davomida diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi fonida bu omil badiiy amaliyotda tobora ko‘proq o‘rin egallamoqda. 
Biroq, zamonaviy islom dunyosi ijodkorlaring san’atini asrlar davomida islom san’ati deb ta’riflangan an’ananing tabiiy davomi deb hisoblash mumkinmi? Bu savol hamon ochiq qolmoqda va chuqurroq mulohaza yuritishni talab etadi.
Klassik islom san’ati bilan islom olamidagi zamonaviy san’at o‘rtasidagi konseptual farqlarga qaramay, g‘arb san’at kuratorlari, ayniqsa Yevropa va AQShlik mutaxassislar, islomiy ildizlarga ega bo‘lgan zamonaviy rassomlarni (Contemporary Art of the Middle East) islom san’atining ajralmas qismi sifatida ko‘rishga intilmoqdalar. Ular bu san’atkorlarni "Islamic Art Now" atamasi ostida birlashtirmoqdalar.
Ammo bunday yondashuv islom keng tarqalgan hududlarda zamonaviy san’atni yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi. Ushbu mamlakatlardagi tarixiy-madaniy xususiyatlar hamda islomning ijtimoiy va siyosiy ta’sir darajasidagi farqlar islom an’anasi bilan bog‘liq badiiy hodisalarni aniqlashda alohida yondashuvni talab qiladi.
G‘arb kuratorlari qo‘llab kelayotgan "zamonaviy islom san’ati" atamasi o‘rniga "islom dunyosining zamonaviy san’ati" atamasini ishlatish maqsadga muvofiqroq ko‘rinadi. Bu atama, bir tomondan, klassik meros bilan ma’naviy va vizual aloqani saqlab qolgan, boshqa tomondan esa, uni qayta idrok etib, o‘tmish va bugun o‘rtasidagi munosabatlarning yangi shakllarini taklif qilayotgan badiiy amaliyotlarni aniqroq ifodalaydi. Tasviriy san’at, haykaltaroshlik va me’morchilikdan tortib, installyatsiyalar, video-art, kollajlar, foto-installyatsiyalar, musiqa, teatr va kinematografiya kabi zamonaviy san’at turlarigacha bo‘lgan badiiy madaniyatning keng qamrovini o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, "islom dunyosining zamonaviy san’ati" atamasi nafaqat islom an’anasi bilan hududiy va madaniy bog‘liqlikni, balki bugungi kunda ushbu mintaqalarda kechayotgan badiiy jarayonlarning serqirraligini ham ta’kidlaydi.
Islomning asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan Ka’ba asrlar davomida Sharq miniatyurasida muqaddaslik va go‘zallik timsoli sifatida aks ettirib kelingan. XX asrda ham islomiy muqaddas tasvirlar Yevropa rassomlarini ilhomlantirgan, kutilmagan talqinlar va aloqadorliklarni yuzaga keltirgan. Jumladan, XX asrning eng mashhur san’at asarlaridan biri hisoblangan Kazimir Malevichning "Qora kvadrat" falsafasida musulmon olamining markazi sanalgan Ka’baning bir tomoni - qora kub shaklining aksi ko‘rinishini kuzatish mumkin.
Ushbu g‘oya 2000-yillar boshida Germaniyada kutilmagan tarzda rivojlandi. Islom nafaqat Yevropaning siyosiy, balki madaniy hayotining ham muhim qismiga aylandi. 2005-yilda nemis rassomi Gregor Shnayder Ka’baning vizual nusxasi bo‘lgan 14 metrlik qora kubni yaratib, uni Gamburg san’at muzeyi oldiga o‘rnatdi. Ushbu loyiha nozik diniy mavzularni qamrab olgani sababli san’atshunoslar, jamoatchilik va amaldorlar o‘rtasida keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, Gamburg san’at muzeyi direktori va "Qora kvadrat. Malevichga hurmat" ko‘rgazmasi kuratori Xubertus Gassnerning sa’y-harakatlari tufayli Yevropa musulmonlarining haqoratlanishi bilan bog‘liq xavotirlarni bartaraf etishga va asarni keng auditoriyaga taqdim etishga muvaffaq bo‘lindi.
Xavotirlar asossiz emas edi: Ka’ba oddiy ibodat obyekti emas, balki islom olamining muqaddas markazi, musulmon ummatining kosmogonik birligi timsoli hisoblanadi. Ka’bani tavof qilish - haj paytida ziyoratchilar tomonidan bajariladigan ibodat amaliga kiradi. Muqaddas joy atrofida soat miliga teskari yo‘nalishda aylanish koinot qonunlari bilan uyg‘unlikka erishishni anglatadi. Bu yerda shaxsiy "Men" ummatning jamoaviy ongida singib, olam umumiy oqimining bir bo‘lagiga aylanadi.
Mutlaq manfaati yo‘lida ongosti darajasida individuallikdan voz kechish tamoyili 1980-1990-yillarda O‘zbekiston va Tojikiston milliy rassomlarining ijodida aks-sado topgan. Ularning asarlari ijtimoiy befarqlik, lirik-romantik estetikaga moyil bo‘lib, gedonistik g‘oyalar bilan to‘yingan edi. Shu o‘rinda mashhur "Yevropaning so‘nishi" asarida islom, G‘arb madaniyatidan farqli o‘laroq, shaxsiy "Men"ni ilohiy kuch oldida erkin qudrat sifatida qabul qilmasligini ta’kidlagan Osvald Shpenglerni eslatish o‘rinli bo‘ladi. Bu tushunchaga ko‘ra, inson irodasining Xudo irodasiga qarshi qo‘yilishi "ma’siyat" deb ataladi - bu yovuz niyatli qarshilik emas, balki insondagi ezgu ibtidoni siqib chiqaruvchi qora kuchlarning namoyon bo‘lishidir. Ehtimol, aynan shu tarixiy-madaniy yondashuv o‘zbek rassomlarining alohida estetikaga sodiqligini tushuntiradi. Bu estetikada shaxsiy kechinmalar o‘rnini yanada umumlashgan, teran mushohada va uyg‘unlikka asoslangan badiiy ifoda egallaydi.

Naqsh, miniatyura va xattotlikning o‘zgacha hayoti

Bugungi kunda "islom san’ati" atamasi zamonaviy islom olamida yaratilgan asarlarga nisbatan ham tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Ushbu asarlarning mualliflari musulmon Sharqining badiiy an’analarini qayta idrok etmoqdalar. Toshkentlik rassom O. Sharipovning ijodida islomning mumtoz merosi xattotlik yozuvlarida mujassamlashgan holda, mustaqil badiiy qiymatga ega bo‘lgan mohirona va nozik kompozitsiyalarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 
O. Sharipovning qog‘oz va haykaltaroshlik asarlarida Qur’on oyatlari matni shaklida ifodalangan arab xattotligi tajribalarida asl ko‘rinishning shakliy yangilanishi ustunlik qiladi. 1990-yillar oxiri - 2000-yillar boshida O‘zbekistonning an’anaviy amaliy san’at ustalari arab epigrafikasi tili va musulmon miniatyurasi an’analarini ularning ma’no-mazmunini o‘zgartirmasdan yanada chuqurroq qayta ishlash va moslashtirishga e’tibor qaratdilar. Bu jarayon ularning ijodida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi.
Markaziy Osiyo mustaqil davlatlarida, ayniqsa O‘zbekistonda islomiy qadriyatlarning qayta tiklanishi bilan amaliy san’atning turli sohalarida - kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilikda - arab yozuvida bitilgan o‘zbek tilidagi diniy va ezgu tilaklarni ifodalovchi yozuvlar paydo bo‘la boshladi. Sovet davrida bunday amaliyot, yumshoq aytganda, rag‘batlantirilmagan, aksincha ko‘p hollarda yashirin tarzda man etilgan edi.

Vaqt o‘tishi bilan Qur’on oyatlari va duolarni o‘z ichiga olgan arab xattotlik yozuvlari, shuningdek, Sharq miniatyurasi mavzulari yog‘och o‘ymakorligi va kandakorlik ustalarining buyumlari bezaklariga tobora ko‘proq kiritila boshlandi. 2015-yildan boshlab Buxoro ustalari so‘zana naqshlarida XV-XVII asrlar - Temuriylar va Safaviylar davri Sharq klassik miniatyurasiga asoslangan kompozitsiyalardan foydalanishni yo‘lga qo‘ydilar. Buyumlarning diniy mazmundagi xattotlik yozuvlari bilan bezatilishi diniy ongning o‘sishi va mahalliy aholi orasida talabning ko‘payishi bilan bog‘liq edi. Shu bilan birga, Buxoro va Shofirkon ustalarining asarlarida Sharq miniatyurasi mavzularining paydo bo‘lishi, asosan, chet ellik xaridorlar - sayyohlar, xalqaro kompaniyalar vakillari va diplomatlar tomonidan talab mavjudligi sababli yuzaga kelgan edi.
Mahalliy ustalar, ehtimol, Temuriylar va Safaviylar davri shaxslari ikonografiyasining nozik jihatlari haqida chuqur bilimga ega bo‘lmaganlari bois, syujet tanlashda shia hukmdorlari hokimiyatga kelgan davrga oid Hirot va Tabriz miniatyuralariga murojaat etganlar. Bu miniatyuralarda qizilboshlar deb ataluvchi shia vakillarining tasvirlari ustunlik qiladi. Ular o‘ziga xos vertikal qizil uchli sallaları bilan ajralib turardi.
Shunday qilib, o‘zlarini an’anaviy tarzda sunniy deb bilgan Buxoro va Shofirkon ustalari miniatyura mavzularini tanlashda aslida diniy e’tiqodga emas, balki ko‘proq iqtisodiy manfaatlar va bozor talabiga tayanganlar.

Figurativ san’atning naqsh sifatida ifodalanishi

Fantasmagoriya, afsonaviy-epik va xalq ertaklari obrazlari, muqaddas-ibodat ramzlari hamda belgilarining yangi naqshli-plastik matoga uyg‘unlashuvi 1990-yillar milliy rangtasvirining rivojlanishidao‘ziga xos xususiyatlar sifatida namoyon bo‘ldi. Figurativ tasvirlar o‘zgarib, kartinalardagi bezakli metaforaning ajralmas qismiga aylandi. Aynan shu tendensiya sotsialistik realizm davrining ijtimoiy yo‘naltirilgan san’ati o‘rnini egallagan lirik-romantik yo‘nalishdagi zamonaviy o‘zbek rangtasvirida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
G‘arb va sharq uslublarining uyg‘unlashuvi, ehtimol, asar yaratilgan makon - Toshkent markazidagi "Interkontinental" mehmonxonasi vestibyulining yevropa uslubidagi interyeri bilan bog‘liq.
G‘afur Qodirovning asarlarida tovus talqini O‘zbekistonning yangi gedonistik rangtasviri ramziga aylandi. Rassom tasvirning dekorativ ta’sirchanligini va majoziyligini kuchaytirish maqsadida patlari g‘ayritabiiy sariq rangdagi tovuslarni tasvirlaydi. Motivga ramziy-muqaddas ma’no berishga intilishiga qaramay, uning asarlari avvalo dekorativ xususiyatini saqlab qoladi, rang dog‘larining o‘yini bilan e’tiborni tortadi. Aynan shu, ya’ni zoomorf obrazlarning "desakraralizatsiyasi" va ayni paytda dekorativ ohangini kuchaytirish tendensiyasi 1990-yillar oxiri - 2000-yillar boshidagi o‘zbek rangtasvirining majoziy motivlarini talqin etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Kosmologik mavzular orasida islom ramzi bo‘lgan oy alohida mashhurlikka ega bo‘lib, u lirik g‘am-g‘ussa va chuqur sog‘inch timsoli sifatida talqin etiladi. Mevalar ichida anorni kop marotaba uchratishimiz mumkin, uning ramziy ma’nosi islomgacha bo‘lgan davr an’analariga borib taqaladi va turli xil majoziy ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.
Zamonaviy rassomlar voqelikni naqshinkor unsurlarga ajratishga qiziqish bildirmoqda. Bu tashqi ko‘rinishdan asl islomiy estetika bilan bog‘lanadi, ammo yaqindan o‘rganilganda, ushbu o‘xshashlik illyuziya ekanligi ayon bo‘ladi.