Yevrosiyo shahri tipologiyasini o‘rganishda Rossiyaga alohida e’tibor qaratish zarur. Diqqatga sazovor jihati shundaki, arxitektura va shaharsozlik Rossiya tarixining hal qiluvchi davrlarida muhim rol o‘ynagan, biroq ularning rivojlanishini belgilagan omillar G‘arbiy Yevropadagi yirik shaharlarning o‘zgarishini rag‘batlantirgan omillardan sezilarli darajada farq qilgan.
Germaniya yoki Fransiyada shaharlar rivojlanishi ijtimoiy, xususiy va iqtisodiy manfaatlar ta’sirida yuz bergan bo‘lsa, Rossiyada asrlar davomida bu jarayon asosan siyosiy va harbiy mulohazalar asosida kechgan. Rossiya shaharlari ko‘pincha puxta o‘ylangan fuqarolik yoki iqtisodiy jarayonlar natijasida emas, balki strategik ehtiyojlardan kelib chiqib barpo etilgan. Bu tendensiya asrlar mobaynida, jumladan sovet davrida ham, o‘z kuchini saqlab qolgan.

Moskvadan Sharqiy chegaralargacha — turli din va millatlar birlashgan yurt

Moskva Yevroosiyoning o‘zligini anglashida markaziy o‘rin egallaydi. Asrlar davomida, poytaxt qisqa muddat Sankt-Peterburgda bo‘lgan davrni hisobga olmaganda, u Yevroosiyoning boshqa hududlari uchun hokimiyat markazi, ibrat namunasi va ta’sir manbai bo‘lib kelgan (1-rasm). Moskva me’morchiligi, Rossiyaning butun markaziy qismidagi kabi, dastlab Vizantiya ta’sirida shakllangan. Bu ta’sir, eng avvalo, XI-XVI asrlarda qurilgan, rejada yunon xochini aks ettiruvchi gumbazli tosh cherkovlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buning yorqin misollaridan biri sifatida 1475-1479-yillarda Moskva davlatining bosh ibodatxonasi sifatida bunyod etilgan Moskva Kremlining Uspenskiy soborini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Rossiya imperiyasining ko‘p dinli va ko‘p millatli qiyofasi shakllanishida 1552-yilda Ivan IV Grozniy tomonidan Qozon xonligining bosib olinishi muhim ahamiyat kasb etgan. Moskva o‘zini Rimning vorisi sifatida ko‘rar edi. Ma’lumki, Rim kengayishi harbiy yurishlar bilan birga kechgan bo‘lib, bu jarayonda vaqtinchalik qarorgohlar ko‘pincha mustahkam qal’a-shaharlarga aylangan.
Qozon yurishidan oldin Ivan IV (Grozniy) Uglichda yog‘ochdan ko‘chma qal’a qurishni buyurgan. Ushbu qal’ani Volga daryosi bo‘ylab 1500 kilometr masofaga olib kelishgan va bir oydan ozroq vaqt ichida Sviyaga daryosi tepaligida yig‘ishgan.

image
Bu esa Moskva qo‘shinlariga Qozonni egallash imkonini bergan. Xonlik qo‘shib olingandan so‘ng, harbiy qal’a pravoslav monastiriga aylangan va xritianlikni Sharqqa yoyishning muhim vositasi sifatida foydalanilgan.
Qozon shahri, muhim savdo markazi sifatida, harbiy harakatlar davomida deyarli vayron etilgan, ammo tez orada qayta tiklangan va Rossiyaning tayanch nuqtasiga aylangan. Qozon xoni qarorgohi o‘rnida Qozon Kremli barpo etilgan, bu esa o‘z o‘rnida Yevropa va Osiyo madaniyatlarining uyg‘unlashuvini ifodalagan. G‘arbiy xristian va sharqiy musulmon elementlarining qo‘shilishi, ko‘chmanchi va o‘troq turmush tarzining uyg‘unlashuvi zamonaviy madaniyatda o‘z aksini topgan. 2005-yildan boshlab Qozon Kremlining vizual markaziga aylangan Kul-Sharif masjidining qurilishini boshqacha qanday izohlash mumkin?
Kul-Sharif masjidining me’moriy qiyofasi an’analarning noyob uyg‘unligini aks ettiradi. Markaziy gumbaz dubulg‘ani eslatadi, islom me’morchiligiga xos bo‘lmagan gotik xoch gumbazlari esa binoga g‘ayrioddiy, biroq uyg‘un ko‘rinish baxsh etadi. Erta gotika uslubiga xos bo‘lgan gulli naqshinkor nayzasimon derazalar sharqona unsurlar bilan uyg‘unlashib, ko‘zni qamashtiruvchi yaxlitlikni yaratadi. Minora va gumbazlardagi an’anaviy yarim oydan tashqari, sharqona bezaklar masjid poydevorida ham ko‘zga tashlanadi, ravoqsimon peshtoqlarning hoshiyalarida esa Qur’on oyatlari o‘yib bitilgan. Qozonni xristian va musulmon diniy ramzlari tinch-totuv yashayotgan, Yevropa va Osiyo an’analarining teng huquqliligini ta’kidlovchi makon - Yevrosiyo shahrining timsoli sifatida qarash mumkin.

Pyotrning shaharsozlik geosiyosati

Rus tarixiga asrlar miqyosida nazar solsak, Moskvadan siyosiy markaz sifatida boshlanib, G‘arbga yo‘naltirilgan keyingi ulug‘ kolonizatsiya Pyotr I farmoni bilan Sankt-Peterburg shahrining bunyod etilishiga bog‘liq edi. Ushbu shahar, siyosiy iroda asosida barpo etilgan boshqa shaharlar kabi, chet el qurilish texnologiyalari va me’morchilik uslublarining ramziy qo‘llanilishini o‘zida mujassam etgan edi (3-rasm).
"Rossiyaning bu ikkinchi poytaxti Moskvaning to‘ldiruvchisi emas, balki uning aksidir. Moskva o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan bo‘lsa, ushbu shahar shahar aniq maqsad bilan, reja asosida, kuchli iroda bilan bunyod etilgan. Moskva Osiyoga qaraydi, Sankt-Peterburg esa Yevropaga yuzlanadi", - deb yozgan edi Stefan Sveyg o‘zining "Rossiyaga sayohat" nomli ocherkida.

Ammo nima uchun Pyotr aynan shu joyni tanlagan? Agar u shunchaki yangi qarorgoh barpo etishni maqsad qilganida, Neva daryosi bo‘yifagi suv toshqinlariga moyil botqoq yerlar o‘rniga ancha qulay hududni tanlagan bo‘lar edi. Bu qaror siyosiy va harbiy sabablar - Rossiyaning G‘arbdagi mavqeini mustahkamlashga intilish tufayli qabul qilingan. "Yevropaga darcha" ochish, avvalo, Boltiq dengiziga chiqish imkoniyatini, erkin dengiz savdosini va Shvetsiyaga qarshi urushda strategik ustunlikni ta’minlar edi.
Sankt-Peterburg juda qisqa muddatda barpo etilgan: shaharni qurish uchun 30 mingdan ortiq dehqonlar safarbar qilingan - bu usul keyinchalik sovet davrida ham qo‘llanilgan. Peterburgning me’moriy qiyofasi hokimiyatning siyosiy jihatdan namoyon bo‘lishini aks ettirgan: birorta bino hukmdor saroyidan baland bo‘lmasligi shart edi. "Bu yerda Moskvadagi kabi me’moriy tartibsizlik yo‘q. Moskvada uslublar xuddi maskaraddagi kabi aralashib ketgan", - deb ta’kidlagan edi Ыveyg 1928-yilda. "Bu shahar bir kishining mutlaq avtokratik farmoni bilan vujudga kelgan va Buyuk Pyotr tasavvur qilganidek amalga oshirilgan".
Qozon soborining qurilishi Rimdagi Avliyo Pyotr bazilikiga ishora qiladi, kanallar tizimi esa Amsterdam bilan o‘xshashlikni ko‘rsatadi. Shahar nomi nafaqat Apostol Pyotr bilan bog‘liqlikni, balki nemischa ohangni ham ta’kidlashga intilgan. Rossiyadagi shaharlar nomlarini o‘zgartirish an’anasi shunda namoyon bo‘ladi: Sankt-Peterburg 1914-yilda Germaniyadan uzoqlashish maqsadida Petrogradga aylandi, so‘ngra 1924-yilda yangi tuzum tomonidan chorizm izlarini yo‘q qilish uchun Leningrad deb ataldi. Xuddi shu amaliyot sobiq sovet hududida ham davom etmoqda - bunga Qozog‘iston poytaxtining qayta nomlanishi misol bo‘la oladi.
Shaharni Yevropaning eng so‘nggi tendensiyalari asosida qurilgan me’moriy inshootlar bilan to‘ldirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilgan. Buning natijasida Peterburg dastlab rokoko uslubi xususiyatlariga ega bo‘ldi, faqatgina Smolniy sobori an’anaviy rus elementlarini saqlab qoldi. Keyinchalik shaharda Yevropa modasiga ergashib, boshqa klassik me’morchilik uslublari ham paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, an’anaviy Yevroosiyoga xos uslublar cherkov me’morchiligida saqlanib qoldi. Buni Qozon va Isaakiy soborlarining gumbazlari yaqqol tasdiqlaydi. Sankt-Peterburg g‘arbiy shahar sifatida qabul qilinsa-da, uning rejalashtirishi, qurilishi va faoliyatida Yevroosiyoga xos xususiyatlar hamon ko‘zga tashlanadi.

Transsibir temir yo‘lining Yevrosiyo shaharlari

O‘ziga ishonch hosil qilgan Rossiya janub va shimolga kengayishni davom ettirib, ilgari jahon davlatlari uchun qiziqish uyg‘otmagan hududlarni egalladi. Rimliklar harbiy yurishlar vaqtida oldindan ishlab chiqilgan reja bo‘yicha istehkomlar o‘rnatgani kabi, ruslar ham Sharqqa yurish davomida strategik jihatdan qulay va samarali bo‘lgan joylarda harbiy manzilgohlar barpo etishdi. Sharqqa yurish infratuzilmaning rivojlanishi, xususan, Transsibir magistralining qurilishi bilan bir qatorda olib borildi.
Bir qarashda bu jarayonni Shimoliy Amerikadagi Yovvoyi G‘arbning o‘zlashtirilishiga o‘xshatish mumkindek ko‘rinadi. Biroq, ular o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud: AQShdagi ko‘chish jarayoni deyarli davlat nazoratisiz amalga oshgan bo‘lsa, Rossiyadagi yangi manzilgohlar, xuddi Rim harbiy istehkomlari singari, markaziy hokimiyat tashabbusi bilan barpo etilgan.

G‘arb va Sharq o‘rtasidagi qadimiy savdo yo‘li bundan ancha oldin mavjud bo‘lgan, biroq tabiiy qazilmalarni qazib olish va Sibir donini tashish uchun ot-ulov transportidan foydalanish samarasiz bo‘lib qolgan edi. Aleksandr II 1870-yillardayoq Sibir temir yo‘lini qurishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, dunyodagi eng uzun temir yo‘l magistralini barpo etishga amaliy turtki bergan shaxs uning o‘g‘li Aleksandr III bo‘ldi. Ushbu ulkan loyihaning qurilishi 1916-yil oktyabr oyida yakunlandi.
Hozirgi kunda Transsibir temir yo‘l magistralining uzunligi 9288 kilometrni tashkil etadi.
Manzilgohlar temir yo‘l bo‘ylarida, yirik daryolar qirg‘oqlarida, xomashyo qazib olish va tashish uchun qulay joylarda paydo bo‘lgan. Bu shaharlarning vazifasi hatto ularning nomlarida ham aks etgan: odamlar o‘rnashgan to‘xtash joylari ko‘pincha kilometr belgilari bilan nomlangan. Qurilish ishlari bir vaqtning o‘zida bir nechta hududda olib borilgan bo‘lib, bugungi kunda ham yangi shaharlarning joylashuviga qarab, ishlarning yo‘nalishini kuzatish mumkin.
Transsibir magistralining qurilishi nafaqat mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga, balki Sibir aholisi sonining tez sur’atlarda o‘sishiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Buning yorqin misoli sifatida Novosibirskni keltirish mumkin - u Sibirning eng yirik shahri bo‘lib, aholi soni jihatidan Rossiyada Moskva va Sankt-Peterburgdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Yevroosiyodagi eng yirik temir yo‘l stansiyalaridan biri bo‘lib qolayotgan markaziy bekatning joylashuvi shaharning tarixini va uning strategik ahamiyatini yaqqol aks ettiradi.
Shahar bosqichma-bosqich rivojlanib, o‘zining dastlabki vazifasini o‘zgartirib bordi. Stalin davrida Novosibirsk kuchli sanoat markaziga aylandi: uni O‘rta Osiyo (Turksib) hamda Kuzbassning ko‘mir hududlari bilan bog‘lovchi yangi temir yo‘l liniyasi barpo etildi. 1957-yilda Novosibirsk chekkasida Akademgorodok (Akademik shaharcha) tashkil etildi va u 14 ta ilmiy-tadqiqot institutini o‘z ichiga olgan ilmiy markazga aylandi.
Rivojlanish vektorining doimiy ravishda o‘zgarib borishiga qaramay, shaharlarni rejalashtirish doimo markazlashgan xususiyatga ega bo‘lib kelgan, bu sovet shaharsozlik siyosatiga xos edi. Shu ma’noda sovet shaharlari ko‘p jihatdan Yevropa shaharlariga o‘xshaydi: biroq, G‘arbiy Yevropa shaharlarida an’anaviy ravishda diniy inshootlar bilan o‘ralgan bozor maydoni markaziy o‘rinni egallab kelgan bo‘lsa, sovet shaharlarida ma’muriy binolar va Lenin haykali bilan o‘ralgan harbiy parad maydoni asosiy element hisoblangan. Tantanali xiyobon bo‘ylab ko‘zga ko‘rinarli inshootlar qad ko‘targan, markaz atrofida esa barcha fuqarolar uchun teng yashash sharoitini ta’minlaydigan yagona andoza asosida mikrorayonlar barpo etilgan.
Yangi shaharlar barpo etish tendensiyasi va yirik konlar joylashgan hududlardagi sanoat monoshaharlarini rivojlantirishga e’tiborsizlik 1917-yilgi Oktyabr inqilobidan so‘ng ham davom etdi. Shunday qilib, bu yerda ham Yevrosiyoda joylashgan shaharlarga xos bo‘lgan tipik xususiyatning mavjudligini qayd etish mumkin.
XX asr 30-40-yillarining o‘ziga xos xususiyati sifatida mamlakatning yoqilg‘i bazasiga aylangan o‘rmon va ko‘mir sanoatining rivojlanishi bilan bog‘liq shahar va qishloqlarning paydo bo‘lishini ko‘rsatib o‘tish mumkin. 70-90-yillar davri esa SSSRning yangi yoqilg‘i bazasini shakllantirgan neft va gaz qazib olish bilan bog‘liq shaharlarning vujudga kelishi bilan tavsiflanadi..
Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring - u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlar topasiz.