Qishloq aholisini qulay va obod uylarga ko‘chirish g‘oyasi O‘zbekistonda 2000-yillarning oxirida paydo bo‘ldi.
Tashabbus tez orada keng ko‘lamli qurilish ishlariga aylanib ketdi. 2009-2012-yillarning o‘zida mamlakatimiz bo‘yicha 23,6 mingta zamonaviy qishloq uyi qad ko‘tardi. O‘zbekistonning deyarli har bir qishloq joyi – 159 ta tumanda yangi turarjoy mavzelari paydo bo‘ldi. Ushbu aholi punktlarida kommunikatsiya va infratuzilma yaratish uchun davlat tomonidan 1,2 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritildi. 2013-yilga kelib, sur’atlar faqat o‘sib bordi: yana 10 mingta uy qurish rejalashtirilgan edi. Bu undan oldingi yilga nisbatan 17,5 foiz ko‘p edi.
2013-yilda Birinchi Prezident Islom Karimov namunaviy yakka tartibdagi uy-joy qurilishi bo‘yicha davlat dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. Dastur shiori ham o‘sha davr ruhida shakllantirilgan edi:

“Qishloq rivojlansa, hayot sifati oshadi, mamlakat gullab-yashnaydi”.

Ayniqsa, Andijon, Namangan, Jizzax, Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududlar sifatida faol rivojlantirildi. Ular dasturning o‘ziga xos “pilot” loyihaviy maydonchalariga aylantirildi. Bu ularning uy-joylarni modernizatsiya qilish va agrar sektorni qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji bilan izohlanadi.
Dasturni moliyalashtirish maqsadida qishloq aholisiga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratadigan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki ta’sis etildi. Keyinchalik bu ishga xalqaro hamkorlar ham qo‘shildi: Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2011-yilda 500 million dollarlik bir nechta imtiyozlik ipoteka kreditlari ajratdi, Islom taraqqiyot banki (ITB) esa ba’zi hududlardagi loyihalarni qisman moliyalashtirdi.
Shu tariqa 2000-yillarning oxiridan boshlab O‘zbekistonda “qishloqdagi evrilish” – markazlashgan yangi obod qishloqlar qurilishi boshlandi. U bir vaqtning o‘zida ikkita vazifani hal qilishga qaratilgan edi: mamlakat aholisi yarmining turmush darajasini oshirish (aynan shuncha kishi qishloqda yashaydi) va qurilish sanoatini rivojlantirish orqali iqtisodiyotga turtki berish.

Namunaviy qishloq uylarining tuzilishi qanday?

2009-yili “Qishloqqurilishloyiha” loyihalash instituti tashkil etilib, qishloq uylari va ijtimoiy obyektlarning namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.
Qoidaga ko‘ra, o‘zbek qishlog‘idagi namunaviy uy tashqi tomonlama ortiqcha qurilishi bo‘lmagan bir qavatli kottej bo‘lib, unda katta oilalar uchun keng xonalar, ayvon va tomorqa ko‘zda tutilgan. Loyihachilar 3, 4 va 5 xonali uylarning 22 ta rejaviy loyihasini ishlab chiqdi. Uy-joyning o‘rtacha maydoni 130-180 metr kvadrat atrofida bo‘lib, tomorqa hududi 6 sotixni tashkil etgan.
Taqqoslash uchun: sobiq ittifoq davrida an’anaviy qishloq uylari ko‘pincha poydevorsiz, xom g‘ishtdan va oddiy qulayliklarsiz egalari tomonidan qurilgan. Yangi uylar esa (hech bo‘lmaganda, nazariy jihatdan) pishiq g‘isht, temir-beton va metall konstruksiyalardan qurilishi, mustahkam poydevor va tomga ega bo‘lishi kerak.
Bunday uylarning har biriga elektr simi, gaz, suv quvuri o‘tkazilgan, hatto telefon liniyasi ham bor. Loyihachilarning ta’kidlashicha, ular hatto maishiy mayda detallarni ham hisobga olgan. Masalan, yozgi oshxona yoki hosilni saqlash uchun alohida omborxona ham mavjud.
image
Foto: prezident.uz
Namunaviy uy ichkaridan qanday ko‘rinadi? Odatda bu oshxona, mehmonxona va bir nechta yotoqxonalardir. Uch xonali uyda ikkita yotoqxona va zal; besh xonali uyda to‘rtta yotoqxona bor. Ko‘pincha loyihalarda ikkita ayvon (old va orqa), avtomobil uchun soyabon, omborxona ko‘zda tutiladi. Baland shiftlar va katta derazalar yozda yaxshi yorug‘lik va salqinlikni ta’minlaydi. Uy gaz yordamida (konvektorlar yoki qozon bilan) isitiladi. Majburiy qurilmadan santexnika, dush yoki vanna va hojatxonasi bor. Bu ilgari qishloqlarda kamdan kam uchraydigan holat.
Yangi qishloqlarda bir vaqtning o‘zida keng asfalt ko‘chalar, ko‘cha yoritqichlari, kirish yo‘lagi, ularning yonida esa maktab, tibbiyot punkti, mahalla guzari, do‘kon va bozorlar qurilgan. Bir so‘z bilan aytganda, “o‘zbeklar orzusi” – poydevori mustahkam, obod mahallada barcha qulaylikka ega shinam uy.
To‘g‘ri, ba’zi yangi mavzelar aholisi kamchiliklardan shikoyat qilishadi: ba’zi joylarda tabiiy gaz tez o‘tkazilmagan va dastlabki vaqtlarda ballonlardan foydalanishga to‘g‘ri kelgan; boshqa qishloqlarda esa eski nasoslar tufayli suv bosimi past bo‘lgan. Qoraqalpog‘istonda hatto kuchli shamol yangi uylarning tomini uchirib yuborgan holatlar ham uchragan. Mahalliy aholi bu vaziyatni tom yopish uchun sifatli materiallarni tejash bilan bog‘laydi. Bundan tashqari, ba’zi oilalarda hamon kreditlarni to‘lashda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
image
Foto: prezident.uz
Bunday uyning o‘rtacha narxi dastur amal qilgan dastlabki yillarda 40-50 ming dollarga teng bo‘lib, aksariyat dehqonlarning cho‘ntagi buni ko‘tara olmas edi. Boshlang‘ich to‘lov 25 foizni tashkil etib, qolgan qismi “Qishloq qurilish bank”ning imtiyozli foiz stavkasidagi ipoteka krediti hisobidan qoplangan. Dastlab kreditlar 15 yil muddatga berilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq uy-joy fondining 35-40 foizi bo‘sh turgan, chunki bu uylarni asosan o‘ziga to‘q odamlar – fermer xo‘jaliklari rahbarlari, bozor direktorlari sotib olishlari mumkin edi. 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu xatolikni dangaliga tan olib, haqiqiy arzon uy-joylar qurishga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
2018-yildan boshlab ipoteka kreditini to‘lashning eng uzoq muddati 20 yilgacha uzaytirildi, muhtoj oilalar uchun boshlang‘ich badal miqdori 10 foizgacha pasaytirildi. Imtiyozli ipoteka dasturiga yosh va ko‘p bolali oilalar, ijtimoiy soha xodimlari (o‘qituvchilar va shifokorlar), shuningdek, avariya holatidagi uy-joylardan ko‘chirilayotganlar kiradi.
Shundan so‘ng “arzon uy” degan tushuncha paydo bo‘ldi: yangi, ixcham loyihalar ishlab chiqildi, kreditlar bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar joriy etildi. Masalan, “Obod qishloq” dasturi doirasida ayrim qishloqlarda kottejlarga muqobil sifatida 8-12 xonadonli 4 qavatli turarjoy binolari qurila boshladi. Bunday xonadonlar nisbatan arzonroq bo‘lib, kam ta’minlangan oilalar va yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, uylarning bir qismi IIV xodimlari va harbiy xizmatchilarga berila boshladi.
image
Foto: prezident.uz

Karimovcha qishloq uylari

Shaharsozlik nuqtayi nazaridan, namunaviy qishloq uylarini qurishning ijobiy tomonlari bo‘lsa-da, bu yangi muammolarni ham keltirib chiqardi. Ijobiy tomonlari – bosh reja bo‘yicha qishloqlar qurilishi, infratuzilma rivojlanishi, bandlik o‘sishi. Dastur amal qilgan yillarda uning atrofida sanoat rivojlandi: sement va g‘isht zavodlari faoliyat olib bordi, 300 mingdan ortiq kishi ishlagan qurilish brigadalari paydo bo‘ldi.
Ammo imtiyozli foiz stavkasiga qaramay, oylik to‘lovlar qishloq aholisi, ayniqsa, doimiy ish joyiga ega bo‘lmaganlar uchun katta yuk edi. Dasturning boshida mahalliy hokimliklar ba’zan byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga unda ishtirok etishni “tavsiya” qilgan. Masalan, Namangan viloyatida o‘qituvchilardan “Obod qishloq” dasturi doirasida uy qurish uchun bir kunlik ish haqini berish so‘ralgan.
Shunga qaramay, bunday uy-joylarga talab hammaga ma’lum sabablarga ko‘ra pasayayotgani yo‘q. Chunki O‘zbekiston bo‘ylab yuzlab qishloqda hali ham maktablar loy va xom g‘ishtdan qurilmoqda, suv quvurlari va qattiq qoplamali yo‘llar yo‘q, chiqindilar esa olib ketilmaydi.
O‘n yil ichida o‘zbek qishloqlari odatiy fasad qiyofasiga ega bo‘ldi: geometrik jihatdan to‘g‘ri ko‘chalar bo‘ylab qurilgan uylar – bir xil, tund va xira rangga bo‘yalgan, tomi ikki tomonlama nishabli.

Qishloqdagi namunaviy uylarning ommaviy qurilishi beixtiyor 1950-yillarning oxiri va 1960-yillarning boshlarida qurilgan “xrushchyovka”lar bilan taqqoslashga undaydi. Ularning qurilishi ko‘plab postsovet mikrorayonlarini bir-biridan deyarli farq qilmaydigan ko‘rinishga keltirib qo‘ygandi. “Karimov usuli”dagi namunaviy uy-joy o‘zining falsafasi (me’moriy bezaklarsiz bir xil uylar) va maqsadiga ko‘ra, mehnatga layoqatli aholi uchun sharoitlarni karrasiga yaxshilashga qaratilgan Xrushchyovning ko‘p qavatli uylariga o‘xshaydi.
Hikoyamiz yoqdimi? Instagram va Telegram sahifalarimizga obuna bo‘ling — ularda yanada qiziq maqolalarni topasiz.