Ushbu matn Stalin rejimining me’moriy shakllarda qanday aks ettirilganini o‘rganuvchi katta tadqiqotning bir qismi hisoblanadi. Unda Filipp Moyzer va Dmitriy Xmelnitskiy tomonidan olib borilgan izlanishlar o‘rin olgan. Mualliflarning ruxsati bilan ushbu tadqiqotni qisqartirilgan holda e’lon qilmoqdamiz.
XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa mustamlakachi davlatlari Afrika va Osiyoda o‘z hukmronligini kengaytirayotgan bir paytda, Rossiyaning kengayish siyosati Kavkaz va Markaziy Osiyoga qaratilgan edi. Bu yo‘nalish Sovet Ittifoqi tashkil topgandan keyin ham o‘zgarishsiz qoldi. Aksincha, jamiyatning yangi kommunistik modeli bolsheviklar inqilobidan oldingi davrga nisbatan yanada ko‘proq hokimiyatni Moskva qo‘lida to‘planishini ko‘zda tutardi. Moskva imperiyaning eng chekka hududlaridagi hayotni ham boshqarar edi.
Xususan, asrlar davomida forsiy madaniyat ta’sirida shakllanib kelgan Markaziy Osiyo me’morchiligi ham o‘ziga xosligini yo‘qotish xavfi ostida qoldi. Bu holat 1932-yilgacha ustunlik qilgan Rossiya me’morchilik avangardining Markaziy Osiyoda keng tarqalishida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shimoldan kirib kelgan me’morchilikdagi zamonaviy yo‘nalishlar janubdan tarqalgan islomiy me’morchilik ta’siridan kuchliroq edi.

Keyinchalik u Stalin davri neoklassitsizmi bilan almashindi, yana 25 yildan so‘ng esa zamonaviy arxitekturaning ikkinchi to‘lqini — "Xrushyov" davri arxitekturasi paydo bo‘lib, 1980-yillarning o‘rtalarida postmodernizmga o‘tdi. Hududlar uchun barcha asosiy vazifalar markazdan belgilanardi: qishloq jamiyatini sanoat jamiyatiga aylantirishdan tortib, elita uchun Stalin davri turar-joy saroylarini qurishgacha, keyinchalik esa ommaviy namunaviy uy-joy qurilishigacha. Boshqa tomondan, aynan O‘rta Osiyodagi Toshkentda namunaviy uy-joy qurilishi yana milliy naqsh an’analari bilan uyg‘unlashib ketdi.

"Ulug‘vor uslub"ning boshlanishi

[...] Stalin 1927-1928-yillarda Siyosiy byuroda mutlaq hokimiyatni egalladi va darhol o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarini boshladi. Leninning "yangi iqtisodiy siyosati" xususiy tadbirkorlik, savdo va hunarmandchilik huquqlari bilan birga bekor qilindi. Mamlakatdagi barcha resurslar davlat tomonidan musodara etildi, barcha ishchi kuchi davlat ixtiyoriga o‘tkazildi. Shunday qilib, Stalin og‘ir sanoat va harbiy sanoatni tezroq rivojlantirish hamda mamlakatni harbiylashtirish rejalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, u SSSRning yangi badiiy qiyofasini yaratish choralarini ko‘rdi. Bu jarayonda arxitektura eng muhim dekorativ ahamiyatga ega bo‘ldi va uning fonida yangi Stalin davlatining shakllanishi boshlandi.
Zamonaviy arxitektura sof funksional vazifalarni hal etishga qaratilgan va G‘arbning kuchli ta’siri ostida bo‘lgani sababli, bu maqsadlar uchun mutlaqo yaroqsiz edi. SSSR uchun umumiy, tarixiy namunalarga asoslangan va G‘arb me’morchiligidan butunlay ajratilgan yangi yagona imperiya uslubini yaratish zaruriyati tug‘ildi. 1930-yillarda Moskvada Stalin nomidan yangi uslubni ishlab chiqishni Siyosiy byuro a’zosi Lazar Kaganovich boshqardi. Barcha muhim loyihalar eng yuqori darajadagi uslubiy nazoratdan o‘tkazilib, butun mamlakat uchun namunaga aylandi. Sovet hukumati arxitekturaning o‘zi bilan qiziqmagan. U faqat uzoqdan ko‘rinib turadigan va asosiy ko‘chalarga chiqadigan binolarning tashqi ko‘rinishini tasdiqlagan.
Buning oqibatida loyihalashning professional darajasi keskin pasayib ketdi. Arxitekturaning funksional vazifalari va mustaqil hajmiy hamda rejalashtirish yechimlari ustida ishlash ahamiyatini yo‘qotdi. Bunday faoliyat hukumat ko‘rsatmalariga bo‘ysunmaslik sifatida baholandi.

Sovet arxitekturasida Stalin uslubi davrining boshlanishi 1932-yil bahoriga to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda Sovetlar saroyi uchun o‘tkazilgan Butunittifoq tanlovining natijalari e’lon qilingan edi. Funksional jihatdan ahamiyatsiz, biroq mafkuraviy nuqtai nazardan g‘oyat muhim bo‘lgan bu ulkan bino uchun tanlov Stalinning uslubiy islohotni amalga oshirish vositasi sifatida rejalashtirilgan edi. Ushbu tanlovga yuzlab arxitektorlar, amalda mamlakatning butun arxitektura jamoatchiligi jalb etilgan edi.
[...] Ayni vaqtda, mamlakatning butun badiiy hayotini nazorat qilish maqsadida senzura tizimini joriy etish choralari ko‘rilayotgan edi. VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining 1932-yil 23-apreldagi "Adabiy-badiiy tashkilotlarni qayta tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori bilan SSSRda faoliyat yuritgan barcha ijodiy tashkilotlar tugatildi. Ularning o‘rniga yagona Ittifoqlar, jumladan, Sovet arxitektorlari ittifoqi tashkil etildi. Shu bilan birga, barcha sovet respublikalarida unga bo‘ysunuvchi arxitektorlar ittifoqlari ham tuzildi.
Agar ilgarigi me’moriy uyushmalar (OSA, ASNOVA, ARU va boshqalar) a’zolarining ijodiy qarashlaridagi yaqinlik tamoyili asosida (har bir uyushmada turlicha) tashkil etilgan bo‘lsa, yangi Ittifoqlar esa ijod bilan shug‘ullanuvchi barchani partiya nazorati ostidagi yagona tashkilotlarga birlashtirish maqsadini ko‘zlagan edi.
image
O‘zbekiston SSR hukumat binosi, 1931-yil. Arxiv surati
Shu vaqtdan boshlab ularning ijodiy yo‘nalishlari ham umumiy ko‘rinishga ega bo‘la boshladi. Lekin yo‘nalishlar bo‘yicha aniq tasavvur hali shakllanmagan edi. Faqat bir narsa aniq edi: "tarixiy uslublar"dagi bezaklar, sof ko‘rinishdagi zamonaviy me’morchilikka endi yo‘l qo‘yilmasdi. 1930-yillarning boshlariga kelib, SSSRda me’morchilik erkin kasb bo‘lmay qoldi. 1928-29-yillardayoq xususiy tadbirkorlik taqiqlangan, barcha me’morlar turli davlat idoralarining yollanma xodimlariga aylangan edi. Bu esa hukumatga mamlakatdagi butun me’morchilik faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish imkonini bergan va yagona davlat uslubini yaratish masalasini hal qilishni osonlashtirgan edi.
Moskvada yuz bergan barcha uslubiy o‘zgarishlar zudlik bilan viloyat poytaxtlari va yirik shaharlarga, shu jumladan Markaziy Osiyo shaharlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatardi.

Hukumat va ma’muriy binolarning arxitekturasi keskin o‘zgarib, saroy ko‘rinishini oldi. Ko‘plab poytaxt va yirik shaharlarda simmetrik va monumental tantanali hukumat ansambllari loyihalanib, qurildi. Arxitekturada konstruktivizm davriga xos bo‘lgan kompozitsiyaning kutilmaganligi va shakl yaratish erkinligi butunlay yo‘qoldi. Bir xil rejalashtirish sxemalari va fasad kompozitsiyalarini cheksiz takrorlash boshlandi.

Hukumat uylari va teatr saroylari

O‘ttizinchi yillardagi sovet respublikalari poytaxtlari arxitekturasida hukumat binolari va teatrlar eng muhim o‘rinni egalladi. Ular partiya qurultoylari va konferentsiyalari uchun zal vazifasini ham bajarardi. 1937-yilda Olmaotadagi hukumat saroyi uchun tanlov o‘tkazildi. Unda yuqori martabali leningradlik me’morlar Boris Rubanenko va Georgiy Simonov g‘olib bo‘lishdi. Urushdan oldin faqat poydevor chuqurini qazishga ulgurishdi. Loyiha ko‘p marta qayta ishlandi va faqat 1957-yilda qurib bitkazildi. Bu tipik stalincha dabdabali neoklassik bino bo‘lib, chuqur olti ustunli ikki qatorli portik va o‘sha davr uchun majburiy bo‘lgan milliy bezak elementlariga ega edi.
1947-yilda Aleksey Shusev Olmaotadagi Qozog‘iston Fanlar akademiyasi binosini loyihalashga kirishdi. Gumbazli, madrasaga o‘xshash birinchi loyiha rad etildi. Ikkinchisi — sharqona bezak unsurlari an’anaviy stalincha uslubdagi bino 1957-yilga kelib ma’qullandi va qurib bitkazildi. Frunze shahrida Qirg‘iziston SSR hukumatining uch qavatli binosi o‘sha 1957-yilda qurib tugatildi. 1965-yilda esa unga ikki qatorli sakkiz ustunli peshayvon qo‘shildi (me’mor Y. Pisarskoy), bu esa uni Olmaotadagi Hukumat uyiga o‘xshatib qo‘ydi.
image
Olmaotadagi Qozog‘iston SSR hukumati binosi. Arxiv surati
1930-1950-yillarda SSSR ning katta-kichik shaharlarida ko‘plab ma’muriy binolar, o‘quv institutlari va madaniyat saroylari bir xil andozada qurilgan. Ular turli o‘lchamdagi saroy binolari ko‘rinishida bo‘lib, deyarli bir xil rejalashtirish sxemalariga ega edi. Binolarning peshtoqlari haqiqiy yoki sun’iy portiklar bilan bezatilgan. O‘rta Osiyo respublikalarida esa bu binolarning tashqi ko‘rinishiga milliy dekorlar ham qo‘shilgan.
Teatrlar. SSSR hukumatining yirik sanoat va poytaxt shaharlarida katta teatrlar qurish haqidagi qarori 1920-yillarning oxirida qabul qilingan edi. Konstruktivizm taqiqlangan vaqtda, bu teatrlarning aksariyati deyarli qurib bo‘lingan edi. Shu sababli, 1932-yildan keyin ularning tashqi ko‘rinishi odatda "klassik uslub"ga moslab qayta ishlandi.
[...] 1930-yillarda respublika poytaxtlari uchun yangi opera teatrlarini qurish sharaf masalasiga aylandi. Loyihalarni Stalinga yaqin bo‘lgan Moskvalik me’morlarga buyurtma qilishga intilishardi. Sof stalincha teatrning eng dastlabki va mashhur namunalaridan biri Toshkentdagi teatr hisoblanadi. Nufuzli Moskvalik me’mor Aleksey Shusev bu asari uchun 1948-yilda Stalin mukofotini qo‘lga kiritdi. Loyihalash 1934-yilda boshlangan bo‘lsa-da, urush tufayli teatr faqat 1947-yilda qurib bitkazildi. Dastlab loyiha klassitsizm uslubida yaratilgan bo‘lib, yarim doira shaklidagi ravoqlar va haykallar bilan bezatilgan edi, ammo keyinchalik peshtoqlarga sharqona naqshlar qo‘shildi, ravoqlar esa nayza uchli qilib ishlandi. Sovet san’atshunosligida bunday me’morchilik "shaklan milliy, mazmunan sotsialistik" deb ta’riflangan.
image
Aleksey Shusevning eskiz loyihasi, 1934-yil. Manba: "Искусство" jurnali
Taxminan shu davrda (1935-1946 yillar) Dushanbeda ioniy tartibidagi ustunlar bilan bezatilgan hashamatli ayvonli opera va balet teatri qurildi (me’morlar D. Bilibin, V. Golli, A. Yunger, rassom S. Zaxarov). Bu yerda me’morlar deyarli hech qanday sharqona unsurlardan foydalanmagan. Odatda, an’anaviy stalin davri teatri yoki klubi namunasi sifatida peshtoq va ustunli ayvonga ega bo‘lgan antik ibodatxona xizmat qilgan. Frunze shahridagi Qirg‘iz opera va balet teatri ham xuddi shunday ko‘rinishga ega edi (me’mor A. Laburenko). Uning qurilishiga urushdan oldin kirishilgan, biroq faqat 1955-yilda nihoyasiga yetkazilgan. Teatr hashamatli ko‘p ustunli ayvoni va peshtoq tepasidagi haykallari bilan qadimiy ibodatxonani eslatadi.
1934-yilda Turkmaniston hukumati Moskvaning bir necha nufuzli me’morlari (V. Shuko va V. Gelfreyx, I. Fomin va A. Shusev) ishtirokida Ashxoboddagi opera-drama teatri uchun maxsus tanlov e’lon qildi. G‘olib sifatida Shuko va Gelfreyxning asosiy peshtoqida ulkan yarim aylana ravoqlar va Uyg‘onish davri bezaklari aks ettirilgan vazmin loyihasi tanlab olindi. Darhol poydevor qurish ishlari boshlandi, biroq 1935-yilga kelib Turkmaniston hukumatining qurilish uchun mablag‘i yo‘qligi ma’lum bo‘ldi va qurilish to‘xtatildi. 1947-yilda teatr poydevori ustida musiqa bilim yurti (A. Maksimov, P. Kuxtenkov) barpo etildi, ammo u keyingi yili kuchli zilzila oqibatida vayron bo‘ldi.
Ikki yildan so‘ng yangi tanlov e’lon qilindi va unda me’mor Aleksandr Tarasenkoning loyihasi g‘alaba qozondi. Uning loyihasida asosiy va ikkita yon fasadlarda mahalliy o‘rta asr an’analariga xos bo‘lgan nayza shaklidagi ravoqlar va ko‘plab bo‘rtma naqshinkor bezaklar mavjud edi. Loyiha 1951-1958-yillarda boshqa joyda, ammo Ashxobodning tarixiy markazida ham amalga oshirildi. Hozirda bu hashamatli binoda Mollanepes nomidagi talabalar teatri joylashgan.
image
Ashxoboddagi Mollanepes nomidagi talabalar teatri. Surat: turkmenportal.gov.tm 

Stalin davrida qanday uy-joylar qurilgan?

1930-yillarda uy-joylarni rasmiy loyihalash birinchi besh yillik davrga (1932-yilgacha) nisbatan butunlay o‘zgarib ketdi. Uy-joylarning ommaviy turlari e’tibordan chetda qolib, ularning o‘rnini alohida idoraviy turar-joylar egalladi. "Qora zinapoyalar" va xizmatkorlar xonalariga ega hashamatli uylar odatiy holga aylandi. Bunday uylardagi xonadonlar arxitektura jurnallarida chop etilardi va Sovet Ittifoqidagi deyarli yagona turar-joy turi sifatida talqin qilinardi.
Yangi shaharlarning hashamatli markazlarini loyihalashda ko‘rkam bezatilgan binolar asosiy ko‘chalar bo‘ylab qurilib, bayramona yurishlar va namoyishlar uchun manzara yaratgan. O‘rta Osiyo shaharlarining markaziy ko‘chalari ham xuddi shu tamoyil asosida shakllangan. 
[...] Katta zavodlar yonida odatda ikkita aholi punkti barpo etilardi: kommunal baraklar va yerto‘lalardan iborat ishchilar shaharchasi hamda rahbariyat uchun alohida ajratilgan, turli xil turar-joylarni o‘z ichiga olgan maskan. Bu maskan zavod rahbarlarining hovlilaridan tortib to quyi lavozimdagi xodimlarning yotoqxonalarigacha bo‘lgan turli turar-joylarni qamrab olardi. O‘zbekistondagi Chirchiq qishlog‘i (keyinchalik shahar) o‘z faoliyatining dastlabki yillarida aynan shunday ko‘rinishga ega edi. U Tyan-Shan tog‘ etaklarida ikkita gidroelektrostansiya va azotli o‘g‘it zavodi qurilishi munosabati bilan vujudga kelgan edi.
Qozog‘istondagi Guryev (hozirgi Atirau) shahri yaqinida joylashgan neftchilar turar-joy shaharchasi bunday turdagi aholi manzilgohlari uchun nihoyatda qiziqarli misol bo‘la oladi. Bu shaharcha me’morlar S. Vasilkovskiy va A. Arefyev tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lib, uning qurilishi 1943-yil kuzida boshlangan. Posyolka issiq, suvsiz sahroda Guryev neftni qayta ishlash zavodi xodimlari uchun barpo etilgan. Zavod Amerikada ishlab chiqarilgan bo‘lib, Sovet Ittifoqiga lend-liz shartnomasi asosida yetkazib berilgan edi.
image
"Chirchiqqurilish" mehmonxonasi hozirgi ko‘rinishi. Surat: Ildar Galeyev / Alerte Heritage
Butunlay ajratilgan va qo‘riqlanadigan posyolka issiq iqlim sharoitiga moslashtirilgan hamda O‘rta Osiyo me’morchiligiga xos uslubda qurilgan bir, ikki, to‘rt va sakkiz xonadonli qulay uylardan iborat edi. Posyolkada suv ta’minoti, kanalizatsiya, markaziy hovuz va boshqa qulayliklar mavjud bo‘lib, bu aholi alohida imtiyozlarga ega ekanligini ko‘rsatardi. Uylarning loyihalari va tuzilishi g‘oyatda xilma-xil va qiziqarli bo‘lib, bu o‘sha davr turar-joy me’morchiligiga xos emas edi. Chamasi, bu qurilish NKVD boshqarmalaridan biri tomonidan olib borilgani bilan izohlanadi, uning me’morlari badiiy jihatdan nisbatan ichki idoraviy erkinlikdan foydalanganlar. Zavod va posyolkani mahbuslar va surgun qilinganlar qurgan, ularning 12 000 kishilik lageri yaqin atrofda joylashgan edi. Posyolka loyihasi 1946-yilda Stalin mukofotiga sazovor bo‘ldi.
[...] 1985-yilda Mixail Gorbachyov hokimiyatga kelgach, Siyosiy byuro yuqori rahbariyati tarkibi yoshardi va shu bilan birga iqtisodiyot rivojlanishiga turtki berildi. Biroq, u boshlagan "qayta qurish" va oshkoralik siyosati iqtisodiyotdagi suiiste’mollarning fosh bo‘lishiga, keyinchalik esa davlat va partiya hukmronligining o‘z-o‘zidan barham topishiga olib keldi. 1991-yil oxirida SSSR tarqatilgandan so‘ng, sobiq sovet superdavlati hududida "turbokapitalizm" deb atalgan tizim qaror topdi. Bu jarayon umumiy markazsizlashtirish natijasida mintaqaviy poytaxtlar va markazlarning ahamiyati oshishi bilan yanada kuchaydi. Amerika modeliga asoslangan, avtomobil harakatiga kuchli yo‘naltirilgan va savdo markazlari 
Moyzer va Xmelnitskiy tomonidan olib borilgan tadqiqotning to‘liq matnini bu yerda o‘qishingiz mumkin.
Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlarni topasiz