Ko‘rgazma nomlanishi bir holatning ikki qutbini birlashtiradi: «tinch» — osoyishtalik, xotirjamlik va «ultra» — zamonaviy shijoat, tezkorlik, o‘zgaruvchanlik. Bu
qarama-qarshilik, rassomning so‘zlariga ko‘ra, muvozanatning ichki tomonini aks ettiradi: ya’ni,
doimiy harakatga to‘la dunyoda tinchlik topib, uyg‘unlikka erishish.
HD jurnali tahririyati Tamila Bismaxova bilan ushbu
ko‘rgazma oldidan suhbatlashganda
Tamila ekspozitsiyasi, ijodiy tanaffusi va nima uchun ko‘rgazma maydoni sifatida aynan o‘zining uyini tanlagani
haqida so‘zlab berdi:
«Ko‘rgazmada men so‘nggi bir yil ichida yaratgan
figurali rangtasvir asarlari bo‘ladi — bu ko‘p yillik tanaffusdan keyingi
izlanishlarim natijasi. Oxirgi bir yarim yildan beri tinimsiz ishlayapman. Turmushga chiqib, uyimizga ko‘chib kelganimdan so‘ng, xotirjam muhitda va
turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi bilan rasm chizishga e’tibor
qaratdim. Bundan tashqari, men Bobur Ismoilovdan dars ola boshladim — bu mening
ijodimga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi va yo‘nalishimni yanada
aniqlashtirishimga imkon berdi», — deydi rassom.
Tamila Bismaxova ichki xotirjamlik mavzusini turli yo‘nalishlar — rangtasvir, grafika, obyektlar san’ati orqali o‘rganadi. Uning asarlari
minimalistik va hissiyotga to‘la: mayin chiziqlar va ravon shakllar
meditatsiya ta’sirini yaratadi. Ular tomoshabinni surat oldida to‘xtab turishga, o‘ziga quloq solishga va har bir lahzaning
nozik go‘zalligini his qilishga undaydi.
Shu bilan birga, Tamilaning tasviriy asarlari ranglarga boy — ba’zan yorqin,
to‘yingan, go‘yo tuproq, loy, quyosh tarovati, osmonning moviyligi va
bog‘larning yashilligini o‘z ichiga olganga o‘xshaydi:
«Bu o‘zbek madaniyati bilan jonli aloqa, uning
iliq tafti, zaminga tayanchi va insoniylik bobidagi chuqur an’analardir», — ta’kidlaydi rassom.
Uning polotnolarida ko‘pincha ayol timsollari paydo bo‘ladi — yumshoq
tabiatli, lekin irodali, ushbu qahramonlar mahalla ayollariga bo‘lgan hurmat va
hayratdan, ularning qadr-qimmati, ichki matonati va kuchidan ilhomlangan tarzda
yaralgan.
Tamila atrofdagi olamga, amaliy
san’atga, kundalik turmush shakllari va ritmlariga, tabiat va fakturalarga sinchkovlik
bilan nazar tashlaydi. Bularning barchasi ochiqchasiga tasvirlanmaydi,
balki chiziqlar va ranglarda asta-sekin
ko‘rinmay ketadi, timsolning plastikasiga aylanadi.
Ko‘rgazma maydoni ham alohida ahamiyatga ega.
«Ekspozitsiya o‘zbek xonadonida, mahallada bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa,
galereyalar haqida gap ketganda, men tomoshabin va makon o‘rtasida ko‘p
uchraydigan to‘siqni olib tashlashni xohlardim. Bu uydagi ravoqli gumbazlar
rasmlarimga juda mos.
Bu yer shinam va uydagi muhit menga yaqin», – deydi Tamila.
O‘ymakor yog‘och ustunli, iliq fakturaga ega, teshiklardan esa mayin yorug‘lik nurlari
tushib turadigan bu uy an’anaviy o‘zbek xonadonidir. Bu yerga mahallaning ifori keladi: sokinlik, ota makon nafasi va ishonch
tuyg‘usi bilan to‘la. Bunday uy o‘zida xotira, g‘amxo‘rlik va fayz-barakani saqlaydi.
Bunday muhitda rassomning asarlari
dunyoga qarama-qarshi qo‘yilmaydi, balki unga singib ketadi, go‘yo me’morchilik
an’anasi va mahallaning kundalik hayotini davom ettiradi.
«Ultratinch» loyihasi bugungi kunda ayniqsa muhim bo‘lgan — tinchlikning qadriga yetishga va
mulohaza yuritishga chorlaydi. Bu yerda shov-shuvli g‘alayonlarga o‘rin yo‘q:
ko‘rgazmaning g‘oyasi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda xotirjamlik
topishdir.
Ochilish — 2-noyabr 15:00
Manzil: Shoxjahon ko‘chasi, 84, Toshkent



