Ayollarning rejissyorlik yo‘li faqat iste’dodni emas, ayniqsa, rejissyorlik erkaklar kasbi hisoblangan yillarda alohida qat’iyat va matonatni ham talab qilardi.
Ular orasida Markaziy Osiyodagi birinchi ayol rejissyor Qamara Kamalovaning alohida o‘rni bor. U nafaqat kashfiyotchi, balki ayol tajribasini o‘z davri uchun kutilmagan sezgirlik bilan ochiqchasiga ko‘rsata olgan san’atkor sifatida tarixga kirdi.
O‘zbek kino tarixida ayollar nafaqat aktrisalar bo‘lishgan.Ular hujjatli, animatsiyali va badiiy filmlarni suratga olgan — va ko‘pincha yangiliklar yaratgan. Bunday shaxslardan biri — Markaziy Osiyodagi birinchi ayol rejissyor Qamara Kamalova.
1960-yillarning boshlarida Kamalova SSSRning eng nufuzli kino institutlaridan biri — VGIK(Butunittifoq davlat kinematografiya instituti)ga o‘qishga kiradi. O‘sha yillarda ayol uchun bu deyarli imkonsiz yo‘l edi. Hatto diplom ham katta kinoning eshiklari darhol ochilishiga kafolat berolmasdi.
O‘qishni tugatgandan so‘ng, Kamalova multfilmlarni suratga oladi va televideniyeda ishlaydi. To‘liq metrajli kino o‘sha paytda kamdan-kam uchraydigan imkoniyat edi: O‘zbekistonda yiliga filmlar soni bo‘yicha qat’iy cheklov mavjud edi. Bundan tashqari, o‘zbek kinosini Shuhrat Abbosov, Ali Hamroyev, Latif Fayziyev kabi buyuk san’atkorlar yaratayotgan edi.
Bu tizimda yosh rejissyor, ayniqsa, ayol rejissyor o‘z paytini kutishi kerak edi. Va bu voqea 1975-yilda sodir bo‘lib, Qamara Kamalova o‘zining birinchi to‘liq metrajli "Achchiq meva"
filmini suratga oladi.
"Achchiq meva" - bu kino sohasidagi iliqlik davriga oid klassik film namunasi bo‘lib, u o‘ziga xos mavzuni, ya'ni ulg‘ayish, bolalik bilan xayrlashish muammolarini ochib chiqadi. "Achchiq meva"ning bosh qahramoni - o‘n uch yoshli xayolparast Nargiz. Yoz ta’tilni u tog‘dagi buvisining uyida o‘tkazadi va birinchi muhabbat tuyg‘usini his qiladi, keyin esa undan hafsalasi pir bo‘ladi.
"Achchiq meva" iliqlik davri muhitiga juda mos film. Bu bolalar, o‘smirlar kinosi bo‘lib, unda "kichik" qahramonlarning shaxsiy kechinmalari kattalarning his-tuyg‘ulari kabi muhim bo‘lib, birinchi o‘ringa chiqadi.
Ammo Kamalova yana bir muhim narsani amalga oshiradi. O‘sha davrning ko‘plab rejissyorlari yetuk ayol obrazlarini ko‘rsatayotgan bir paytda, u ekranga qizcha, o‘smir, yosh qahramonning ichki olamini olib chiqdi. Bu his-tuyg‘ular, shubhalar va voyaga yetish orqali ayol tajribasiga ichkaridan qarash deyiladi. Aynan shuning uchun Kamalovaning filmi bugun kinoda ayol nigohi haqida gap ketganda tez-tez esga olinadi
1970-yillarda kino nazariyotchilari kameraning o‘zi qanday nigohga ega ekanligini muhokama qila boshladilar. Tadqiqotchi Laura Malvi "erkak nigohi" tushunchasini kiritdi — bu kino ko‘pincha dunyoni erkak nazari bilan ko‘rsatadi degan g‘oyani bildiradi.Keyinchalik rejissyorlar va tadqiqotchilar "ayol nigohi" haqida ham gapira boshladi, ya'ni ayol kino yaratish orqali unga o‘z tajribasi, sezgirligi va o‘z nazarini olib kirishi haqida.
Shuning uchun ham Qamara Kamalova ijodi faqat o‘zbek kinosi tarixi uchungina muhim emas. Ular ayollarning tajribasi, madaniyati va rejissyorning shaxsiy qarashlari kino hikoya qilish usulini qanday o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatadi.




