Mahalliy brendlar meros bilan turlicha ishlaydi: kimdir toqimachilik usuli va bezaklarni qayta korib chiqadi, boshqalari milliy kodni zamonaviy shahar modasi tiliga tarjima qiladi, uchinchilari esa arxiv va tajriba ortasidagi muvozanatni izlaydi. Bu yondashuvlarda yagona formula yo‘q.  Shuning uchun brendlarning izlanishlarini kuzatish qiziq.
Ushbu jarayonda butiklar alohida o‘rin tutadi. Ular brendlarning vizual va g‘oyaviy mantig‘i sifatida ularni to‘ldiradi. Bu yerda tovarni shunchaki reyllarga osib qo‘yish emas, balki brend g‘oyasi xaridorlar tomonidan interyer, muhit, kiyim bilan o‘zaro ta’sir usuli orqali qanday qabul qilinishi muhimdir. Aks holda, bu joylar poldagi karton o‘rniga qulay kiyinish xonasi borligini hisobga olmaganda Ippodrom va O‘rikzordan nimasi bilan farq qiladi?
Bu qo‘llanma do‘konlar katalogi yoki tavsiyalar ro‘yxati emas. Bu moda brendlariga O‘zbekiston madaniy ekotizimining bir qismi sifatida qarashga urinishdir: ya’ni ularning hunarmandchilikka yondashuvlari, shakl va bezak bilan ishlashi hamda g‘oyalar aks etgan makonlari orqali.
Buning uchun qulay vaqt ayni Yangi yil kunlaridir, ya’ni bu vazifani amalga oshirish uchun odatiy yo‘nalishni o‘zgartirish va keng manzarali butiklarga tashrif buyurish kerak bo‘ladi. Balki bu jarayonda o‘zingiz uchun yoki sovg‘a sifatida noyob buyum topib olarsiz.

LALI

Nukus ko‘chasi, 32 
LALI – tarixi zamonaviy o‘zbek modasi o‘tmishi bilan hamohang brend 2000-yillarning boshlarida kichik atelyedan o‘sib chiqib, asta-sekin mustaqil moda uyiga aylangan.
LALI kolleksiyalari eskizlardan ancha oldin paydo bo‘lgan. Avvaliga Marg‘ilon hunarmandlari bilan hamkorlikda adras uchun yangi ikat naqshlari ishlab chiqilgan. Brend estetikasida oilaviy arxivlar va buvijonlarning sandiqlaridan topilgan qadimiy so‘zana, ipak, kashta kabi eski matolar alohida o‘rin tutadi. Ular rekonstruksiya qilinmaydi, balki qo‘ng‘iroq ko‘rinishidagi yubkalar, jaketlar, aksessuarlar kabi yangi shakllarga kiritiladi.
Nukus ko‘chasidagi butik brend falsafasining mantiqiy davomi. Brendning o‘ziga xos bo‘lgan qizil rangdagi eʼlon yozuvi diqqatni tez jalb qiladi. Bu sof anʼanaviy savdo makoni ham emas, balki haqiqiy uy: mayin yorug‘lik, musiqa, gullar, sokinlik muhiti. Lali faoliyati mahalliy brendning meros bilan muzey eksponati sifatida emas, balki mavqeini saqlab qolgan holda o‘z shakli, maʼnosi va ohangini o‘zgartirishga qodir jonli material bilan ishlash namunasidir.  
image

Azukar Moreno

Labzak ko‘chasi, 12А/1 (“Navro‘z” etnobog‘i)
Azukar Moreno o‘zbek to‘qimachilik merosi va O‘rta yer dengizi madaniyati kesishmasida shakllangan brend, chunki dizayner Kamola Rustamova Madridda tahsil olgan. Bu esa an’analar va ranglar uyg‘unligi hamda mahsulotga bo‘lgan yondashuvga ta’sir ko‘rsatgan.
Boshidanoq brend “izchil” moda g‘oyasi atrofida ish boshlagan. Dizaynerning tushuntirib berishicha, bunday holatda kiyimlar o‘zining tarixi, vaqt izlari va meros sifatida kelajak avlodga qoldirish istiqboli bilan birgalikda uzoq muddatli buyum sifatida qabul qilinadi. Qo‘l mehnati muhim o‘rin tutadi — yaʼni bo‘yash, kashtalar, O‘zbekistonning turli hududlari va xorijdan keltirilgan matolar bilan ishlash.
image
Azukar Moreno to‘plamida shakllangan an’ana bor: volanli liboslar va ko‘ylaklar, xon atlasdan tikilgan yubkalar, so‘zanali xalat-ko‘ylaklar, kamzullar (brendning eng mashhur buyumlari). Tarixiy ildizlarga alohida e’tibor beriladi: bu yerda turli mamlakatlar va shaxsiy kolleksiyalardan topilgan qadimiy matolar, krujevolar, anjomlar va kashtalar qo‘llaniladi. Ular noyob eksponat sifatida ushlab o‘tirilmaydi, balki zamonaviy shakl bilan birlashtiriladi. Shu tariqa XIX asrga tegishli bezakli Marg‘ilon ipak ro‘mollari sal yangilanadi — masalan, zarhal iplar qo‘shish orqali. Shundan so‘ng ular folklor hisoblanmaydi va zamonaviy kiyimga aylanadi.
“Navro‘z” etnobog‘ida joylashgan shourum bir nechta hududlarga bo‘lingan: kichik tikuv ustaxonasi, choy ichish uchun joylar va brend hayotida muhim bo‘lgan fotosuratlar va tasvirlar joylashtirilgan “xotira devorlari”. XIX asrga tegishli matolar ham shu yerda saqlanadi. O‘ymakor yog‘och derazalar, shamlar, xushbo‘y iforlar, xira yorug‘lik bir vaqtning o‘zida ustaxona va xonadonning fayzini beradi.
image

Dildora Kasimova

Nukus ko‘chasi, 31/3
O‘zbek bezak-amaliy san’atining an’anaviy usullari tantanali, hattoki me’moriy shaklga ega bo‘lgan leybl kolleksiyalari aynan shu jihati bilan boshqa mahalliy brendlardan ajralib turadi. Moda uyining maqsadi zamonaviy moda sharoitida naqshni, uning ko‘lami va fakturasini vizual ravishda saqlab qolishdir.
Kolleksiya asosida an’anaviy matolar va qo‘l mehnati usullari: zardo‘zlik, so‘zana, yarim qimmatbaho toshlardan kashta tikish, yog‘och o‘ymakorligi elementlari yotadi. Bularning barchasi uslubga solinmaydi va soddalashtirilmaydi, balki mahsulotning qalinligi va salmog‘i saqlanib qoladi. Dildora Kasimovaning kiyimlari ko‘proq shakl va ramzlar bilan ifodalangan obyektdir.
Brend bir nechta yo‘nalishlarda ishlaydi: kutyurye liniyasidan tortib kundalik kolleksiyalargacha. Dildora Kasimovaning 2023-yil oxirida ochilgan birinchi yirik butigi uning liboslari mashhurligidan qolishmaydi – bu uch qavatli binoni oltin panjarali aylanma zinapoya bog‘laydi, devorlarini so‘zana bo‘laklaridan yig‘ilgan rasmlar bezab turibdi. Bu yerda madaniyatning ko‘plab odatiy belgilari ko‘rinadi: mamlakatimiz hududlarining turli shakldagi do‘ppilari, paxta shoxlari solingan brend to‘plamlarida muntazam ko‘rinish beradigan piyola ramzi, oyoq ostidagi gilamlar. Kundalik hayot belgilari mahsulotlarning o‘ziga xos tafsilotlarida aks etadi – masalan, brend kolleksiyalarida muntazam ravishda paydo bo‘ladigan piyola tasviri.
Tashkent City Malldagi brendning yana bir nuqtasida hamkorlik va tajribaga urg‘u beriladi. Bu yerda boshqa dizaynerlar va rassomlar bilan qo‘shma loyihalar, aksessuar kapsulalar va demi-couture formatlari paydo bo‘lgan. Me’moriy elementlar – oltin ravoq, chodirga o‘xshash pardalar, gilamlar va so‘zanalar sahna makoni tuyg‘usini yaratadi.

Twine Space

Tashkent City Mall, 1-qavat
2025-yilning kuzida Twine Space ochilishi qoraqalpog‘istonlik yosh rassomlar ko‘rgazmasi va birinchi to‘plam namoyishi bilan birga bo‘lib o‘tdi. Bu esa avvaldanoq loyihaning fan bilan bog‘liqligini aks ettirgan edi. Neo-ekspressionizm kolleksiya mavzusini belgilab berdi: rassomlarning chizmalari naqshlarga, to‘yingan palitra esa matolarning rang kodlariga aylandi. Marg‘ilonlik ustalar kolleksiya uchun maxsus adras va shoyi gazlamalarining mualliflik texnikasini ishlab chiqdi. Ular ko‘k, jigarrang va yashil tusdagi tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Keyin atelyeda qo‘l mehnati bosqichi boshlandi: individual bichish, qavish va kashta tikish. Mahsulot sekinlik bilan paydo bo‘ladi – masalan, bitta choponni tikish uchun taxminan 190 soat, sumkalarni bezab turgan munchoq bilan kashta tikish uchun esa taxminan 120 soat vaqt ketadi.
Mahsulotlar uchun tabiiy materiallar ishlatiladi: ipak, paxta, baxmal, adras; munchoqlar uchun mahalliy va hind shishasi; bezaklar uchun kumush; to‘qimachilik va mebel uchun qadimiy matolar; keramika. Brend yaratuvchilarining so‘zlariga ko‘ra, bunday qayta ishlash usuli matolar va buyumlarga ularning asl tabiatini buzmasdan yangi hayot bag‘ishlaydi.
Bu joy Twine Space va The Harmonist parfyumeriya uyining qo‘shma loyihasi bo‘lib, u boshidanoq shunchaki do‘kon sifatida emas, balki kiyim xarid qilishda o‘zaro tajribaga ega bo‘lish uchun mo‘ljallangan.
Vizual qism ustida ssenograf va dizayner Julyen Stinman ishlagan. U teatr va kino tafakkurini butik dizayniga o‘tkazgan, shu bilan birga mahsulotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirish uchun minimalizmni saqlab qolgan. Shuning uchun dekoratsiya, tovush, yorug‘lik, ifor kabi har bir detal bu joyning dramatik ta’sirini kuchaytiradi.
image

Suzani by Kasimbaeva

Suzuk Ota ko‘chasi, 35
Bu ehtimol, anʼanaviy o‘zbek hunarmandchiligi o‘zining aslligini va muqaddas mazmunini yo‘qotmagan holda zamonaviy usullarga singishiga yaqqol misol bo‘la olar. Madina Kasimbayeva brendi asosida — Toshkent so‘zana maktabi, xususan, "palak" noyob an’anasi fazoviy belgilar bilan qorishib ketgan: yaʼni quyosh, oy, yulduzlar, doiralar va gulli tuzilishlar bilan.
Atelyeda so‘zana yaratish usuli tarixiy jarayonga maksimal darajada yaqin: mato tabiiy tolalar ipak va paxtadan qo‘lda tayyorlanadi. Suratlar to‘g‘ridan to‘g‘ri matoga qo‘lda, raqamli shablonlarsiz chiziladi. Bo‘yoqlar o‘simlik va minerallardan ishlab chiqariladi, shuning uchun ranglar vaqt o‘tishi bilan xiralashmaydi, balki “chuqurlashadi”. Bitta yirik pannoga esa yarim yilgacha uzluksiz qo‘l mehnati sarflanishi mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan brend to‘qimachilik chegarasidan chiqdi. Devoriy pannolardan tashqari, bu yerda interyer elementlari, kiyim-kechaklar, sumkalar, mebel va san’at buyumlari yaratiladi. Suzuk ota hunarmandchilik shaharchasidagi brend maydoni uning o‘ziga xosligining muhim qismidir. Bu shunchaki shourum emas, balki ustaxonalar, o‘quv xonalari va galereyani birlashtirgan jonli madaniy klasterdir. Bu yerda so‘zana yaratilishining butun jarayonini ko‘rish mumkin: iplarni bo‘yash va naqshni chizishdan tortib, yakuniy chokigacha. Bu joy tadqiqotchilar, kolleksionerlar, sayyohlar va shunchaki o‘zbek bezak san’atiga ilk bor to‘qnash kelgan insonlar bilan muloqot qilish jarayonini osonlashtiradi. Bundan tashqari, Suzani by Kasimbaeva yuzlab shogirdlarni yetishtirgan maktab sifatida faoliyat yuritadi. Ularning ko‘pchiligi o‘z ustaxonalarini ochishgan. Kasimbayeva brendi mahalliy anʼanalar global madaniy hayotning bir qismiga aylanishi mumkinligiga ajoyib misoldir. 30 yillik faoliyati davomida u zamonaviy madaniyat merosga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lishi zarurligini ko‘p bora isbotlab kelmoqda.
image
O‘zbekistonning bugungi mahalliy modasi garchi bir qarashdan shunday tuyulsa-da, u yagona uslub yoki estetika hisoblanmaydi. Misol sifatida keltirilgan har bir brend o‘z tilida so‘zlaydi (yoki uni endi yaratyapti), lekin ular hammasi qo‘shilib yaxlit madaniy xaritani hosil qiladi.
Bundan tashqari, o‘zbek modasi asta-sekin folklorlik chegarasidan chiqib, mustaqil va zamonaviy bo‘lib bormoqda. Bir vaqtlar dizaynerlar faqat o‘tmishga nazar solishga majbur bo‘lgan davrlar bilan solishtirganda, bu katta o‘zgarish. O‘zbekiston modasi ildizlaridan voz kechayotgani yo‘q — to‘g‘rirog‘i, ularda qotib qolmayapti va tarixni rivojlantirishning yangi yo‘lini tanlayapti. Ushbu jarayonda butiklar oddiy do‘kon bo‘lib qolmayapti, balki tanlangan mustaqil va o‘ziga xos yo‘lning ishtirokchisiga aylanyapti.
image

J.Kim

Bog‘ishamol ko‘chasi, 161
J.Kim – vizual tili koreys va o‘zbek an’analari kesishmasida shakllangan brend bo‘lib, unda milliy libos uslublashtirilmaydi (dizaynerlar ko‘pincha tanlaydigan yo‘l), balki kolleksiyalar yaratish uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanadi. Brendning to‘plamlari ikkala madaniyatning kiyim elementlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni turli davr materiallari bilan uyg‘unlashtiradi. Tugunlar ko‘rinishidagi mashhur naqshlar koreys to‘qima sumkalaridan ilhomlangan va brendning asosiy belgisiga aylangan. J.Kimning mamlakatdagi boshqa dizaynerlardan ajralib turadigan jihati shundaki, uning asarlari etnik iboralar emas, balki allaqachon zamonaviy modadir.
2023-yilda Toshkentda J.Kim uy-ustaxonasining ochilishi shunchaki savdo nuqtasining ochilishi emas edi. Birinchidan, u katta hovlida joylashgan – bu moda brendlari uchun kamdan-kam uchraydigan format. Ikkinchidan, uy ichida xotira muhiti izchil, puxta o‘ylangan: brendning ramziy tasvirlari tushirilgan fotosuratlar; sovet davridagi ko‘cha chiroqlaridan yasalgan qandil; bolaligimizdagi hovlilarda bo‘lgan oq “kamalak” kabi syurrealistik elementlar; choy marosimlari o‘tkaziladigan joy. Bularning barchasi dizayner o‘ylaganidek, shaxsiy tajriba va hammaga tanish muhitga olib kiradi. Shu yerning o‘zida kolleksiyalar taqdimoti va tor doiradagi namoyishlar o‘tkaziladi.
Bugungi kunda J.Kimning xalqaro konsept-stor (assortiment, interyer dizayni va mijozlarga xizmat ko‘rsatish ma’lum bir konsepsiya bilan birlashtirilgan chakana savdo do‘koni)lar va global platformalarda ko‘plab nuqtalari bor bo‘lishiga qaramay, ushbu uy qaytib kelishga arzirli muhim joy bo‘lib qolmoqda.