Bir vaqtlar zardushtiylik Sharqning asosiy dinlaridan biri bo‘lgan va unga qadimgi Xorazm, Baqtriya, So‘g‘d va Parfiya aholisi e’tiqod qilgan. Bugungi kunda ushbu dindan faqat toshga bitilgan izlar qolgan bo‘lsa-da, lekin ular ko‘lami va mazmuni bilan hamon hayratga soladi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston bo‘ylab joylashgan sakinat minoralari, olov ibodatxonalari va muqaddas qadamjolar islomgacha bo‘lgan davrdagi ma’naviy hayot qanday bo‘lganini ko‘rish uchun noyob imkoniyatdir.
Ushbu qo‘llanma sizga zardushtiylarning izlari bo‘ylab — Qoraqalpog‘iston qumlaridan Pomir tog‘larigacha, Mang‘istauning sokin dashtlaridan qadimgi Niso xarobalarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishga yordam beradi. Unda siz bizgacha saqlanib qolgan yodgorliklar qayerda joylashganini, ularga qanday borish mumkinligini, qaysi mavsumda borish yaxshiroq ekanligini va vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladigan joylarga sayohat qilishdan oldin nimalardan xabardor bo‘lish kerakligini bilib olasiz.
Markaziy Osiyoda islomdan ancha oldin paydo bo‘lgan va butun mintaqa bo‘ylab o‘zining muqaddas ramzlarini qoldirgan qadimiy e’tiqod — zardushtiylik madaniyatining ko‘plab izlari saqlanib qolgan. Shunday joylardan biri — sukunat minoralarida qachonlardir «samoviy dafn marosim»lari o‘tkazilgan.

Shilpiq — Qoraqalpog‘iston

«Sukunat minoras» nima? Zardushtiylik dini tarafdorlari maxsus dafn marosimi uchun foydalangan doira shaklidagi dafn inshooti daxmani yevropaliklar shunday atagan. Zardushtiylar o‘limdan keyin ruh sinovdan o‘tishiga, yaxshilik Chinvat ko‘prigidan o‘tishga yordam berishiga, yomonlik esa xalaqit qilishiga astoydil ishongan.
Zardushtiylar marhumning jasadi nopok, u yer, suv va olovni bulg‘ashi mumkin deb o‘ylagan, shuning uchun ular o‘liklarni yerga ko‘mmagan, gulxanda ham yoqmagan. Marhumlar dumaloq ochiq minoraga ko‘tarilib, quyosh ostida qoldirilgan. Qushlar ularning go‘shtini yegan, quyosh va shamol suyaklarini quritgan. Jasad to‘liq chirigandan so‘ng, suyaklar yig‘ib olingan va maxsus idishlar — ossuariylarga joylashtirilgan. Keyin ossuariylar minora ichidagi chuqur joylarga, daxma yaqinidagi tuproq ostiga yoki oilaviy maqbara-nauslarga ko‘milgan. Bunday usul samoviy dafn deb atalgan, bu haqida hatto Gerodot ham yozgan. Ushbu an’ana zardushtiylik diniga sig‘ingan davlatlar — Eron, Xorazm, So‘g‘d va Baqtriyada mavjud bo‘lgan.
Markaziy Osiyoda olov va tabiatning sofligiga ishonch Ahamoniylar davrida paydo bo‘lgan va uzoq vaqt saqlanib qolgan, ba’zilari musulmon an’analarida ham o‘z aksini topgan. Masalan, marhumning uyida bir necha kun ovqat pishirilmaydi. Asta-sekin islom dini kirib kelishi bilan bunday marosimlar barham topdi.

Sukunat minoralari loydan, toshdan yoki g‘ishtdan uy-joylardan uzoqda, balandliklarda qurilgan. Ularning kattaligi xar xil bo‘lgan. 
Qoraqalpog‘istondagi Shilpiq — Markaziy Osiyodagi eng mashhur sukunat minorasi VIII asrgacha ishlatilgan, keyin minora tashlandiq joyga aylangan. Pomir tog‘larida zardushtiylik urf-odatlari uzoqroq saqlangan. Bugungi kunda samoviy dafn marosimi faqat Hindistondagi parslarda va Tibetdagi ba’zi buddistlarda saqlanib qolgan. Eronda so‘nggi sukunat minoralari 1970-yillargacha amalda bo‘lgan, keyin bu marosim taqiqlangan.
Shilpiq Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahridan taxminan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ushbu dumaloq shakldagi tomsiz loydan qurilgan balandligi 35 metrgacha bo‘lgan inshoot adir ustida joylashgan. Minoraning diametri taxminan 70 metr, devorlari esa 15 metrga ko‘tarilgan.
Kirish bepul, kassa mavjud emas, joy kun-u tun ochiq. Atrofda infratuzilma yo‘q, faqat cho‘l xolos. Shuning uchun bu yerga ertalab yoki kechqurun, unchalik issiq bo‘lmagan paytda kelgan ma’qul. Cho‘qqidan esa Amudaryo vodiysi va bepoyon cho‘l manzarasi ko‘rinadi.
Mahalliy aholi Shilpiqni muqaddas joy deb biladi. Uning cho‘qqisida rang-barang lentalar bog‘langan uch oyoqli ustun bor — unga odamlar lentalarni omadga erishish uchun bog‘laydi. Bu yerga kelgan mehmonlardan yodgorlikka hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, lentalarni uzmaslikni va chiqindi tashlamaslikni so‘rashadi. Qorong‘ida minoraga ko‘tarilish xavfli, chunki yoritish moslamalari yo‘q, shuning uchun minorani kunduzi ko‘rish ma’qulroq.
Nukusdan Shilpiqqacha To‘rtko‘l yo‘li bo‘ylab taxminan 45 kilometr. Taksida borish bir soatga yaqin vaqt oladi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm bo‘ylab ko‘plab ekskursiyalarda Shilpiqqa to‘xtab o‘tiladi, ammo agar xohlasangiz, o‘zingiz ham borishingiz mumkin. Yaxshisi, Nukusdagi taksi haydovchisi bilan borish-kelish pulini kelishib olgan ma’qul. Odatda bu 15-20 dollar atrofida bo‘ladi.

Niso — Turkmaniston

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahri atrofida miloddan avvalgi III asrdan milodiy III asrgacha mavjud bo‘lgan qadimgi Parfiya qal’asi — Eski Niso xarobalari saqlanib qolgan. Arxeologlar bu yerda zardushtiylik dafn marosimlari o‘tkaziladigan inshootlar izlarini topganlar. Bir vaqtlar Niso Parfiya podsholigining muhim muqaddas markazi bo‘lgan. Tarixchilarning fikricha, aynan shu yerda ibodatxonalar, maqbaralar va zodagonlarni dafn etish marosimlari uchun maxsus minoralar bo‘lgan.
Bugungi kunda Eski Niso YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yerda qadimiy binolarning poydevorlari va devor qoldiqlari, shu jumladan samoviy dafn marosimlari o‘tkazilgan sukunat minoralarining vayronalari saqlanib qolgan.

Xarobalar Ashxoboddan taxminan 15 kilometr g‘arbda, Bag‘ir qishlog‘i yaqinida joylashgan. Hududda ko‘p asrlar oldin ushbu inshootlar qanday ko‘rinishda bo‘lganini tasavvur qilishga yordam beradigan axborot taxtalari o‘rnatilgan. Niso arxeologiya bog‘i har kuni sayyohlar uchun ochiq. Bu yerda qadimgi Parfiya qal’asi xarobalarini, zardushtiylik ibodatxonalari qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Hududda kichik muzey va qo‘riqlash xizmati mavjud.
Chet ellik sayyohlar Nisoga ko‘pincha oldindan uyushtirilgan turlar orqali kelishadi, chunki mamlakat bo‘ylab mustaqil sayohatlar cheklangan. Kirishda pasportingizni so‘rashlari va ma’lumotlaringizni yozib olishlari mumkin. Chipta narxi taxminan 6-10 dollar, suratga olish uchun alohida to‘lanadi — taxminan 3 dollar. Bog‘ ertalab soat 9 dan kechki 18 gacha ishlaydi, yozda eng issiq soatlarda tanaffus bo‘lishi mumkin.
Minoralardan faqat poydevorlar qolgan, ammo muzeyda bu yerda topilgan ossuariylar — suyaklar saqlangan idishlarni ko‘rish mumkin. Obidaning joylashuvi va tarixini yaxshiroq tushunish uchun gid bilan borgan ma’qul.
Ashxobod markazidan Nisogacha taxminan 15 kilometr. U yerga eng yaxshisi taksida borish. Sayohat taxminan 20 daqiqa davom etadi,  narxi 5 dollar. Bag‘ir qishlog‘iga avtobus yoki yo‘nalishli taksida ham borish mumkin, lekin bekatdan yana ikki kilometr piyoda yurishga to‘g‘ri keladi. Sayyohlarning aksariyati ekskursiya tarkibida keladi, mamlakatga kirish uchun viza va turistik vaucher talab qilinadi.

Karon shahar xarobasi — Tojikiston

Tojikistonning janubi-sharqidagi Darvoza tog‘larida arxeologlar tomonidan qadimgi Karon shahrining xarobalari topildi. Uni Tojikistonning Machu-Pikchusi deb ham atashadi. U antik davrlarda paydo bo‘lib, XV asrgacha unda hayot davom etgan. Shaharda olov, suv va shamol ibodatxonalari, hukmdor saroyi, stadion va zardushtiylar daxmasi bo‘lgan. Shahar vayronalari dengiz sathidan taxminan ikki ming metr balandlikda, Panj daryosi tepaligida, Kalayhumb qishlog‘i yaqinida joylashgan. Qadimgi binolardan xarobalar qolgan bo‘lib, ba’zi bir joylari yomg‘irdan himoya qiluvchi soyabonlar bilan qisman yopilgan.
Bugungi kunda Karon arxeologlar faoliyat olib borayotgan obyekt hisoblanadi. Bu yerda sayyohlik infratuzilmasi yo‘q, ammo bu joy Pomir bo‘ylab sayohat yo‘nalishlariga kiritilmoqda. Kirish bepul, biroq bu hududga borish uchun maxsus TBAV Permit (Tojikiston sharqidagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatiga tashrif buyurish uchun) ruxsatnomasi kerak bo‘ladi. Ruxsatnomani oldindan konsullik orqali yoki elektron vizani rasmiylashtirishda tegishli bandni belgilagan holda onlayn olish mumkin. 
Tashrif uchun eng qulay mavsum — yo‘llarda yurish imkoniyati yaxshi bo‘lgan palla yoz va kuzning boshi sanaladi. Bu yerda kunduzi issiq, kechqurun esa sovuq, shuning uchun ozingiz bilan issiq kiyim olib yurish kerak. Yaqin atrofda kafe va do‘konlar yo‘q, oziq-ovqat va suvni eng yaqin aholi punktidan olib kelgan ma’qul.
Dushanbedan Darvoza tumani markazi Qal’ai Xumbgacha taxminan 370 kilometr. Bu yerdan har kuni yo‘ltanlamas mashinalar va yo‘nalishli taksilar yo‘lga chiqadi, Panj daryosi bo‘ylab tog‘ yo‘li orqali sayohat 10-12 soat davom etadi. Xususiy mashinani ham yollash mumkin — bu yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartiradi (taxminan 7-8 soat), lekin qimmatroqqa tushadi.
Qal’ai Xumbdan Karongacha qishloq orasi yo‘li orqali taxminan 5-6 kilometr. Quruq havoda bu yerdan yengil mashinalar ham o‘ta oladi. Undan so‘ng, qazilmalargacha so‘qmoq bo‘ylab taxminan 20 daqiqa piyoda ko‘tarilish kerak bo‘ladi. Tashrifni oldindan mahalliy ma’muriyat yoki muzey bilan kelishgan ma’qul, chunki bu joy ommaviy turizm uchun mo‘ljallanmagan.

Altinqazg‘an — Qozog‘iston

Qozog‘istonda sukunat minoralari saqlanib qolmagan, ammo arxeologlar mamlakat g‘arbida, Mang‘istau viloyatida zardushtiylik dafn inshootlarining izlarini topganlar. Altinqazg‘an darasida — Aqtaudan taxminan 110 kilometr uzoqlikda milodiy I-VI asrlarga oid yirik diniy-dafn majmuasi aniqlangan. Bu yerda mahalliy aholining zardushtiylik diniga e’tiqod qilganligini tasdiqlovchi ossuariylar, mehroblar va toshdan qurilgan binolar bor. Past devorlar bilan o‘ralgan dumaloq maydonchalar — sukunat minoralarining namunalari alohida qiziqish uyg‘otadi, u yerda marhumlarning jasadlari tuproqqa yoki olovga topshirilmasdan, ochiq osmon ostida qoldirilgan.
Bunday topilmalar Aqto‘be viloyatida, qadimgi Qaraqabaq manzilgohida ham bor. Bu inshootlar mahobati jihatidan Xorazmdagidan farq qilsa-da, zardushtiylik an’analari qozoq dashtlarida ham mavjud bo‘lganligini isbotlaydi.

Bugungi kunda Altinqazg‘an ommaviy tashrif buyurish uchun moslashtirilmagan: bu yerda muzey, qo‘riqxona yoki yol ko‘rsatkichlari yo‘q. Faqat vodiy bo‘ylab sochilib yotgan toshdan yasalgan doiralar va to‘siqlarni ko‘rish mumkin. Bu yerga mustaqil ravishda borish qiyin, shuning uchun Mang‘istauning diqqatga sazovor joylariga gid bilan yoki «Jip-tur»da borgan ma’qul.
Kirish tekin, ammo sayyohlardan atrofga hurmat bilan munosabatda bo‘lish — toshlarga tegmaslik va hududga avtomobilda kirmaslik so‘raladi. Barcha arxeologik topilmalar Aqtau o‘lkashunoslik muzeyiga olib ketilgan. Sayohatchilar o‘zlari bilan navigator, suv va yoqilg‘i zaxirasini olishlari kerak: bu yer faqat dashtdan iborat va atrofda odamlar yashamaydi.
Markaziy Osiyodagi zardushtiylik yodgorliklari shunchaki xaroba emas. Ular bu yerda ozga e’tiqod hukmron bo‘lganligini eslatadi. Bu yerdagi odamlar quyoshga iloh sifatida qaragan, shamol bilan so‘zlashgan va yerning tinchligini buzmasdan marhumlarni avaylab tuproqqa topshirgan. Markaziy Osiyo o‘z sirlarini saqlay oladi. Ammo tinglashga tayyor bo‘lganlarga inson qanday qilib dunyo bilan uyg‘unlikda yashashni o‘rganganini va o‘zidan keyin nafaqat xarobalar, balki har bir g‘ishtda tarix izlarini qoldirganini hikoya qiladi.

Yana o'qing: