2025-yilning 23-noyabridan 12-dekabriga qadar Bonum Factum Galleryda zo‘ravonlik, sukut saqlash va ruhan shifo topish yo‘llarini tadqiq qiluvchi yirik san’at loyihasi – NeUyat 2025 ko‘chma ko‘rgazmasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Festival 17-oktyabr kuni boshlandi va ilk marotaba bir vaqtning o‘zida uchta shaharni qamrab oldi: Samarqand, Farg‘ona va Toshkent. NeUyat 2025 – bu turli shaharlarda bo‘lib o‘tadigan yagona ko‘chma ekspozitsiyadir.
Uchta taqdimotning har biri imkon qadar keng auditoriyaga tushunarli bo‘lishi uchun mo‘ljallangan yaxlit badiiy hikoyaning bir qismidir.
Festival Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilmoqda, ko‘rgazmaga kirish esa bepul.
Yosh chegarasi: 18+, barcha ishlar o‘zbek va rus tillarida taqdim etilgan.
San’at e’tirof va qarshilik tili sifatida
NeUyat konsepsiyasining markazida zo‘ravonlik haqidagi jamoatchilik fikrlarini ochiqchasiga ifodalashga bo‘lgan urinish yotadi. Bu mavzu keng tarqalgan bo‘lsa-da, ko‘pincha sukut, uyat va qo‘rquv ortida yashiringan bo‘ladi.
Kuratorlar Nigina Xudaybergenova, Yana Xarasho va Rosina Angalishevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rgazma shaxsiy ruhiy jarohat jamoaviy tajribaga, san’at esa bu muammoni tan olish va unga qarshilik ko‘rsatish tiliga aylanadigan makon bo‘lib bormoqda.
Rassomlar tana, ovoz, xotira va hamjihatlik mavzusiga murojaat qilgan. Rangtasvir, video san’ati, haykaltaroshlik, raqamli installyatsiyalar va performans (teatrlashgan badiiy tomosha)orqali ular zo‘ravonlikning buzg‘unchi kuchi hamda ayollar boshdan kechirgan og‘riqlariga qaramay, o‘zlari va boshqalar bilan muloqotni tiklash imkoniyatini qanday topayotganligi haqida gapiradi.
Loyiha yaratilishi
Ekspozitsiya Nemolchi.uz loyihasining yozgi open call tadbiri asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda butun O‘zbekistondan yosh rassom ayol-qizlar ishtirok etgan. Ularning ko‘pchiligi uchun bu ayollarning zaifligi, jarohatlari va ruhan davolanishga bo‘lgan urinishlari mavzusidagi birinchi ommaviy murojaat bo‘ldi.
Ko‘rgazmadan Lili Altayeva, Negina Aliyeva, Alyona Yusupova, Sitora Brejneva, Vetlina Burmistrova, Dinara Babayeva, Marjona Zohidova, Bernara Rustam, Meri Shoniya, Maryam Gadjimuradova va Olya Majenkoning asarlari o‘rin olgan – ularning har biri qiyinchiliklarni yengish va o‘z ovozini topish tarixini hikoya qiladi.
NeUyat missiyasi
NeUyat shunchaki badiiy loyiha emas, balki zo‘ravonlik haqida suhbatlashish mumkin bo‘lgan makonni yaratadigan ijtimoiy-madaniy tashabbusdir. Festival zo‘ravonlikni boshdan kechirgan har bir ayol tinglanishi va qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan birdamlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Aloqa uchun:
Nemolchi.uz loyihasi / NeUyat jamoasi
Email: nemolchiorg@gmail.com
Instagram: nemolchi.uz
Telefon: +998 909380042
