Zamonaviy madaniyat bugun elitarlikdan butkul charchagan. Inson hayoti davomida mustabidligi bilan tahdid soluvchi nufuzli fikrlarga duch keladi. Bizni adabiy, vizual va intellektual qonun-qoidalar qurshab olgan, "savodli" inson bo‘lish uchun ularga amal qilishga to‘g‘ri keladi. Yaxshiyamki, badiiy ifodaning eksperimental, modernizmdan keyingi shakllari toza havo kabi nafas bag‘ishlaydi. Garchi bu shakllar har doim ham tushunarli bo‘lavermasada, lekin inson sanʼat bilan shug‘ullanishi uchun daho bo‘lishi shart emas. 
Adabiyotda bunday xaloskor janr sifatida ilmiy jamoatchilik orasida ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, ammo bugungi adabiy jarayonda, shubhasiz, yetakchi mavqega ega bo‘lgan avtofikshnni ko‘rsatish mumkin. Oddiy qilib aytganda, janrning o‘ziga xosligi shundaki, unda to‘qima va tarjimayi holga xos xotiralar uyg‘unlashib ketadi. Avtofikshn aslida nima ekani, to‘qima va voqelik o‘rtasida qanday chegara o‘tkazish mumkinligi, u holda tarjimayi hol undan nimasi bilan farq qilishi haqida uzoq bahslashish mumkin, ammo bu nozik jihatlarni adabiyotshunoslikka havola qilamiz. Muhimi, gap avtofikshn qanday ekanligida emas, balki uning yordamida inson nihoyat elitar madaniyat soyasidan chiqib, o‘z hayoti haqida so‘zlab bera olishidadir. Bu hayotiy voqealar ba’zan siyqasi chiqqan, ba’zan dahshatli darajada zerikarli va bir xil, ba’zan esa shu qadar fojiaviy va kulgili bo‘lishi mumkinki, buni ataylab o‘ylab topolmaysan.
Shaxsiy va ommaviy jihatlar o‘rtasida yo‘l ko‘rsatuvchi vazifasini bajarib, to‘qima obrazlarni ham saqlab qolgan holda, bu janr “inson hayotini hujjatlashtirish”ning shunday turiga aylanganki, unda yozuvchi ko‘pincha o‘zining jarohatlovchi tajribasi haqida hikoya qiladi. Bu zamonaviy yozuvchilarga butun dunyo bo‘ylab ayollarga nisbatan zulm, zo‘ravonlik va stigmatizatsiya (qandaydir psixologik, jismoniy, intellektual va boshqa xususiyatlar asosida alohida shaxsga yoki odamlar guruhiga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish)ga uzoq vaqt davomida ko‘z yumgan jamiyat bilan murakkab muloqotga kirishishga imkon beradi. Bundan tashqari, u o‘zini ifodalash, shaxsiy jarohatni boshdan kechirishning o‘ziga xos mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.
Adabiyot nuqtayi nazaridan avtofikshn postmodernizmdan uning uzuq-yuluq bayoni, doimiy uzilishlar va bir maromga rioya qilinmasligiga o‘xshash an’analarini meros qilib olgan. Bunda u voqeaga katta hissiy quvvat qo‘shadi, inson xotirasining o‘ziga xos xususiyatlariga taqlid qiladi va umuman olganda, har doim noyob, ammo har bir kishi (bizning holatimizda ayol) uchun tanish va yaqin bo‘lgan inson tajribasini muvaffaqiyatli yaratadi. Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, men sizga har bir inson duch keladigan zo‘ravonlik, yo‘qotish, yolg‘izlik, baxtsiz sevgi kabi vaziyatlarning barcha jihatlarini ochib beradigan ayollar asarlarining kichik to‘plamini taklif qilaman.
image

1. Yekaterina Bakunina “Tana”, 1933-yil

Yekaterina Bakunina – rus emigratsiyasining birinchi to‘lqini yozuvchisi va shoirasi, u hech qanday yo‘nalishlarga kiritilmagan va adolatsiz ravishda unutilgan “e’tiborga olinmagan avlod” vakili. Uning 1933-yilda birinchi marta nashr etilgan “Tana” nomli avtobiografik romani katta janjalga sabab bo‘lgan hamda uzoq vaqt davomida marginal adabiyot, erotik nasr va “nozik” asarlar qatoriga kiritilgan, chunki Bakunina inson tanasi hissiyotlari haqida astoydil ishlagan, bu mavzuni tom ma’noda tadqiq qilgan. Bakuninaning o‘z “Tana”si bilan yetkazmoqchi bo‘lgan haqiqati hamma oddiy tushunadigan erotizmga qaraganda ancha murakkabroq.
Shartli syujet markazida (bu gal romanning shakli parchalardan iborat) Bakuninaning “avtobiografik qahramoni”, Rossiyadan kelgan qashshoq, Vatanida begona, o‘zga yurtda boshpana topishga qodir bo‘lmagan muhojir ayol. Uning o‘zini ifodalash uchun asosiy manbasi o‘z tanasi. Tanasidagi o‘zgarishlarini qayd etar ekan, Bakunina qahramoni muhojirlikdagi hayotining qiyinchiliklari, yolg‘izlik, qashshoqlik, xo‘rlangan holati hamda erkinlik istagi, soddalik va genderlik vazifasiga rioya qilish zarurati o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik haqida hikoya qiladi: ya’ni, o‘zi jirkanadigan eriga namunali xotin va o‘zi xohlamay tuqqan farzandiga yaxshi ona bo‘lish yuki. Maishiy jarohatlar, jinsiy zo‘ravonlik, qahramon ko‘p qon yo‘qotgan birinchi abort – u boshdan kechirgan hamma voqea tanasi (mavqe, uy, erkinlikdan farqli o‘laroq, undan hali tortib olinmagan yagona ne’mat) da jismoniy iz qoldiradi.
Bakunina qalamga olgan murosasizlik va tanaga tegishli qo‘pol hissiyotlar, tabiiylikning ochiqchasiga bayoni, o‘ziga xoslikni yo‘qotish, ayol mustaqilligi kabilar bugun ham deyarli yuz yil oldingi dolzarbligini yo‘qotmaganligi odamni hayratga soladi.

2. Silviya Plat “Shisha qalpoq ostida”, 1963-yil

Amerikalik shoira Silviya Plat romani deyarli tarjimayi holi bilan bir xil. Asarda yozuvchi 1953-yilda uni ilk marotaba o‘z joniga qasd qilishgacha olib borgan vaziyatlar, o‘sha vaqtdagi hislari haqida batafsil so‘zlab beradi.
Syujetga ko‘ra, bosh qahramon Ester Grinvud Nyu-Yorkning nufuzli jurnalida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq, katta shaharning istiqbollari va yaxshi hayotga bo‘lgan umidlar puchga chiqadi, shovqinli ziyofatlar va ularning doimiy ishtirokchilari esa butunlay soxta ekanligi ayon bo‘ladi. Natijada qahramon shisha qalpoq ostida va unga bosim o‘tkazayotgan ko‘plab umidlari bilan butunlay yolg‘iz qoladi. Esterning yozuvchilik inqirozi va u amal qilishga majbur bo‘lgan genderlik roli uni chuqur depressiyaga tushiradi. 
image
Shu tarzda “Shisha qalpoq ostida” romani 50-60-yillardagi Amerikadagi ayollarning ahvolinigina emas, balki ruhiy inqiroz holatini ham ajoyib tarzda tasvirlaydi, bu inqirozning triggeri jamiyat bosimi bo‘lishi mumkin. Plat ayol misolida gender stereotiplari va ijtimoiy talablar qanday halokatli kuchga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Plat chuqur depressiyadagi odamning holatini, aynan shu so‘zning klinik ma’nosini juda aniq ifodalaydi. Chorasizlik, karaxtlik, dunyoni noto‘g‘ri idrok etish, o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar va atrofdagi odamlarning qahramonning ichki kechinmalarini umuman tushunmaslik holatlari hozir ham ahamiyatli.

3. Anni Erno “Yillar”, 2008-yil

Zamonaviy fransuz yozuvchisi Anni Erno o‘z romanlarida tarjimayi holi tafsilotlariga muntazam murojaat qiladi hamda o‘quvchiga birinchi jinsiy tajribasi, ota-onasi bilan murakkab munosabatlari, onalik va shu bilan birga yillar davomida jamiyat qanday o‘zgarganligi haqida ochiqchasiga so‘zlab beradi. Maishiy lavhalar, o‘z xotiralari va oddiy hujjatli tildan foydalangan holda, Erno nafaqat o‘z tajribasini, balki tarixiy jarayon va jamiyatning o‘zgaruvchan siyosiy yo‘nalishi davrida ayollarning butun avlodi hayotini ham aks ettiradi.
image
2022-yilda Anni Erno o‘zining “Yillar” romani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi, u hozirda nafaqat avtofikshnning eng yaxshi namunalaridan biri, balki XX asr Yevropa jamiyatida ayolni idrok etish darajasi qanday o‘zgarganining ko‘rgazmali hujjati hisoblanadi. Romanning o‘zida oddiy tushuniladigan syujet yo‘q, hikoya esa faqat vaqt oqimidan kelib chiqqan. Erno qahramoni bilan birgalikda biz ko‘plab tarixiy voqealarni boshdan kechiramiz: urushdan keyingi Fransiyadagi bolalik, talabalar g‘alayonlari va jinsiy inqilob davri, Jazoir urushining boshlanishi, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi va tobora kuchayib borayotgan kapitalizm. Shu bilan birga, jamiyatdagi barcha o‘zgarishlar maishiy tafsilotlar orqali yetkaziladi va ular bilan birga biz birinchi sevgi, “ishchilar sinfi” va ziyolilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, yashirin abort, o‘z kelib chiqishidan uyalish, o‘z tanasini idrok etishdagi o‘zgarishlar, jamiyatdagi inson roli, onalik va boshqa jihatlar haqida bilib olamiz. Hayot yo‘lini eslab, qarilik va xotirasining o‘ziga xos xususiyatlari haqida mulohaza yuritar ekan, Erno qahramoni go‘yo quroq ko‘rpa tikayotganga o‘xshaydi, uning naqshlarida har kim o‘zini topishi mumkin.

4. Joanna Uolsh Uzilish, 2018-yil

Yana bir bor avtofiksional adabiyot bir tekisdagi bayon shaklidan voz kechayotganini kuzatamiz, chunki syujet voqealar bayonida jamlangan hissiy inqirozga nisbatan ikkinchi darajali. Shunday qilib, Uolshning romani kundalik daftardagi yozuvlar, uzuq-yuluq xotiralar, fotosuratlar va iqtiboslardan iborat o‘ziga xos sayohatnomadir. Aynan shunday shakl ayriliqni boshdan kechirayotgan va o‘zini qayta tiklash umidida Yevropa bo‘ylab sayohatga otlangan qahramonning ichki holatini yaxshi ifodalaydi. Shunisi e’tiborga loyiqki, matnda oraliq hududlar, yolg‘iz qolish imkoni bor zonalarga katta e’tibor qaratilgan: vokzallar, bekatlar, aeroportlar – harakat kutish bilan almashadigan va hamma narsa to‘xtab qolganday tuyuladigan joylar (an’anaviy sayohatshunoslardan farqli o‘laroq, diqqat aynan yo‘lga qaratilgan).
image
Yo‘lida davom etayotgan (to‘g‘ri va ko‘chma maʼnoda) qahramon doim to‘xtab qolaveradi hamda onlayn kechgan omadsiz munosabatlariga xayolan qaytaveradi. Sizni birgina xabarcha ajratib turgan insondan qanday qilib voz kechib ketasiz? Xayolan doimo gaplashgan insoningni qanday unutish mumkin? Bloklash kerakmi, suhbatni o‘chirishmi, suhbatlar tarixini yashirishmi — keyin bularni ortga qaytarib bo‘ladimi? Bu bilan munosabatlarga chek qo‘yish mumkinmi, chunki tarmoqdagi ayriliq — bu harakat emas, balki sozlamalardagi oddiy tugma. Uolsh qahramoni zamonaviy texnologiyalar va raqamlashtirish munosabatlarni idrok etishimizga va ularning tabiatiga qanday ta’sir qilishi haqida ko‘p fikr yuritadi.

5. Olga Martinova “ Motam haqida suhbat”, 2024-yil

Olga Martinova zamonaviy shoira bo‘lib, esse, taqriz kabi publitsistik janrlar bilan ham shug‘ullanadi. Uning asarining takrorlanuvchi elementlari emigratsiya haqida. Ikki madaniyat (Rossiya va Germaniya), ikki til tutashgan joydan turib, u o‘z shaxsiyati, jamoaviy xotirasi va ko‘plab tarixiy o‘zgarishlarga duch kelgan shaxsning tajribasi haqida ko‘p mulohaza yuritadi. 
2024-yili Martinovaning unga xos bo‘lmagan “Motam haqida suhbat” kitobi nashrdan chiqadi. Bu nozik, o‘tkir, “ochiq” asar qahramonning eri Oleg Yuryevning azob beruvchi o‘limini unutish harakati haqida so‘zlaydi.
image
Ko‘plab avtofiksional matnlardagi kabi “Motam haqida suhbat”da ham bir tekisda bayon etilgan syujet yo‘q. Bu kitob kundalik daftardagi yozuvlar, adabiy va madaniy havolalar, oilaviy hayot, o‘lim haqidagi mulohazalar, xotira va motamdan iborat mozaikadir. Bu yaqin insoning o‘limi seni falajlab qo‘yishi haqidagi rostgo‘y hikoya, stolda uning bo‘sh o‘rnini ko‘rish esa yurak urishingni to‘xtatib qo‘yadi. Martinova erining hidi, uning imo-ishoralari, hatto noqulay gaplarini ko‘p eslaydi, xuddi eridan kelgan o‘qilmagan yangi xat borday, elektron pochtasini tekshiraveradi. Jarohatlovchi so‘zlari uning uchun yetarli bo‘lmay qolganda, Martinova qandaydir taskin topish istagida o‘lim va yo‘qotish hislari aks etgan adabiyotga murojaat qiladi.
Motam haqida suhbat yaqin kishining o‘limini qanday yengib o‘tish haqidagi psixologik qo‘llanmaga mutlaqo o‘xshamaydi va qabul qilishning besh bosqichini ham tasvirlab bermaydi. Martinovaning kitobi sevgi va qayg‘uga to‘la, insoniy va g‘amgin ochiq monologdir.
image

6. Yegana JabbarovaOilamdagi ayollarning qo‘llari yozish uchun yaralmagan, 2024-yil

Yegana Jabbarova ozarbayjon millatiga mansub zamonaviy yozuvchi bo‘lib, o‘z matnlarida patriarxal jamiyat asoslari, ikki madaniyat (Boku va Rossiya) o‘rtasidagi arosatli holat va tana haqida uning butun fiziologiyasi haqida ochiq gapiradi.
“Oilamdagi ayollarining qo‘llari yozish uchun yaralmagan” nomli avtofiksional romanning asosiy mavzulari musulmon ayollari amal qilishi shart bo‘lgan taqiqlar va bosh qahramonning nevrologik kasalligi hisoblanadi. Ular umumiy majoz – tana masalalari orqali birlashtirilgan. Qahramonning oilasidagi ayollarning qo‘llari ishlash uchun, qorni bola tug‘ish uchun, lablari qo‘rqa-pisa shivirlash uchun yaratilgan. Uzun sochlar ayolning faxri, g‘ururi. To‘ygacha terilmagan qoshlar jamiyatdagi mavqeining ramzi. Jabbarovaning qahramoni musulmon patriarxal muhitda voyaga yetgan barcha ayollar singari buni tug‘ilganidan biladi, lekin bunga qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.
Roman o‘z ozodligini himoya qilishga urinayotgan qahramonning kichik isyonlari to‘plami va shu bilan birga ayollarning butun bir avlodi tarixi, o‘ziga xos ijtimoiy tadqiqotdir. Ayolning tanasi hammaga tegishli: eriga, qarindoshlariga, samolarga, jamiyatga – har kimga, lekin aslo o‘ziga emas. Bu ijtimoiy nazoratdan xalos bo‘lishning yagona yo‘li dahshatli kasallikka olib keladi va uni davolashning iloji yo‘q, jiddiy jarrohlik esa farovonlikning kafolati emas. Uning tanasi har kuni chidab bo‘lmas og‘riqdan qisqarib boradi, u faqat bo‘yniga o‘rnatilgan elektr stimulyatori tufayli harakatlanadi. Qizig‘i, bu aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlar qandaydir og‘riqli yengillik ham keltiradi, chunki Jabbarova qahramoni ayollik vazifalari uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi, uning qo‘llari esa aynan yozishga talpinadi.
image

7. “Tikilgan jarohatlar”, 2024-yil

Nihoyat, men sizga roman haqida emas, balki g‘alati yoki o‘rinsiz tuyulishi mumkin bo‘lgan komiks haqida gapirib bermoqchiman, chunki komikslar qahramonlar olami bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zilar nazdida san’atning uzoq chekkasida joylashgan. Aslida bunday yondashuv unchalik to‘g‘ri emas, chunki hozirda san’at keng ma’noda to‘laqonli hissiy tajribani yetkazish uchun birlashishga tobora ko‘proq intilmoqda. Masalan, ispaniyalik rassom Bea Lemaning “Tikilgan jarohatlar” avtobiografik komiksida matnning hissiy ta’sirini kuchaytirish uchun flomaster bilan chizilgan rasmlar, quroq tikish, qo‘lda va mashinada tushirilgan kashta kabi ko‘plab vizual usullar qo‘llaniladi.
Hikoya markazida onasi og‘ir ruhiy kasallikdan aziyat chekayotgani sababli erta ulg‘aygan kichkina qiz Vera. Hamma joyda uning kuziga uni qiynayotgan va butun oilaning hayotini boshqarayotgan “iblis” ko‘rinadi. Kichkina Vera endi yugurishi, sakrashi, shovqin solishi va o‘zini oddiy boladek tutishi mumkin emas, chunki bu “iblislar”ni g‘azablantirishi mumkin. Jajji Verani endi hech kim raqs to‘garagiga olib bormaydi, chunki onasi doimo karavotda yotadi yoki ichkilikka beriladi, otasi esa xotinining ahvoliga umuman e’tibor bermaydi va oiladan tobora uzoqlashadi. Kichkina Vera onasi uchun katta odamga aylanadi: unga g‘amxo‘rlik qiladi, tasalli beradi va bor kuchi bilan unga yordam berishga harakat qiladi. Bu kichkina qizchaning ajoyib muhabbati va katta ayolning og‘ir ahvoli haqidagi hikoyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Vizual darajada Veraning hikoyasi rangli flomasterlar bilan hikoya qilinadi, bu uning bolaligi va tabiiyligini ko‘rsatadi, shuning uchun bolaning boshidan kechirganlarini kuzatish yanada qiyinroq. Shu bilan birga, Lema hozirgi kun va o‘tmishni ajratish hamda onaning o‘z bolaligini aks ettirish maqsadida qora ipli kashtadan foydalanadi. U kambag‘al ispan oilasida o‘sib, patriarxal ruhda tarbiyalangan, oila boshlig‘i aroqxo‘r bo‘lib, xotini va bolalariga yomon muomala qilar, oxirgi pullarini ham ichkilikka sarflardi. Oila a’zolari erkakka shayton o‘rnashib olganini aytib, tinimsiz ibodat qilishardi, ammo uning ahvoli yaxshilanmasdi. Shu tariqa kichkina Veraning onasiga rahmimiz keladi, “shayton” qayerdan paydo bo‘lganini va aslida uni o‘z o‘tmishi dahshatga solayotganini anglab yetamiz.
“Tikilgan jarohatlar" ham matn, ham vizual darajada ajoyib hikoya bo‘lib, u kichkina qizaloq va katta ayolning mashaqqatli taqdiri haqida hikoya qiladi, ammo kichik umid ham bag‘ishlaydi, chunki sevgi “shaytonlar”dan qutqaradi degan fikr uyg‘otadi.
Hozirda avtofikshn boshqa adabiy janrlardan ko‘ra nozik, o‘tkir, bo‘g‘iq ayol ovoziga e’tibor qaratish imkonini beradi, u ilgari adabiyot qonunlarida jaranglagan bo‘lsa-da, faqat shivirlashdan ham sekin eshitilar edi.