Farg‘ona va alloma al Farg‘oniyning vatani bo‘lmish qadimiy Quva o‘rtasidagi katta yo‘lning ikki tomonida o‘zbekcha bo‘lmagan "Shryoder" nomli qishloq joylashgan. Aynan shu yerda mahalliy aholidan bo‘lgan keksa ayolni umra ziyoratidan kutib olishga tayyorgarlikni ko‘rdim. Ismini Sharofat opa deylik.
O'tib ketayotib tayyorgarlik jarayonining tasodifiy guvohi bo'lganimda, menda darhol qiziqish uyg'ondi, chunki bunday narsani birinchi marta ko'rishim edi. Meni juda iliq kutib olishdi va tadbirga tayyorgarlik jarayonini suratga olishimga ruxsat berishdi.
Ular ertalabdan tayyorgarlik ko'rishni boshlar ekan, chunki xotin, ona, buvi, opa yoki singil, qo'shni, oila va butun qishloq aholisining hurmatiga sazovor bo'lgan insonni kutib olishadi. Bugun ularning barchasi uchun bayram. Umra hajidan qaytgan onaxonning uyida ko'plab qarindoshlar yig'iladi. Ko'chada esa qo'shnilar.
Avval meni uyga taklif qilishdi. Katta hovli odamlar bilan gavjum, u yerda sho‘rva va osh tayyorlash uchun alohida joy ajratilgan. Taom tayyorlashga erkaklar mas’ul, ayollar esa yordamchi. Har doimgidek, oilaviy bayram bo'lgani uchun hovlida bolalar juda ko‘p.
Sharofat opaning o‘g‘li bu muhim kunga onasini aeroportda kutib olish uchun Farg‘onaga jo‘nab ketdi. Shu bilan birga, onaxonni kutib olish uchun 1,5 km uzunlikdagi uyigacha olib boradigan yo‘l tayyorlanmoqda. Bu juda rang-barang ko‘rinadi. Kim nima topsa shuni olib keladi: qo‘shnilar uylaridan ko‘rpachalarini va adyollarini ko‘chaga olib chiqib tushaydi. Bularning hammasi yo‘lak sifatida to‘shaladi va toza choyshablar bilan qoplanadi.
Uyning oldida, yo'l tugagan joyda, ayollar bayramona raqslarga tushadi va qarsak chaladi.
Mashina yetib kelganida, birinchi bo'lib Sharofat opani oila ayollari — opa-singillar, qizlar va nabiralar kutib oladi. Dastlabki lahzada quchoqlashib ko'rishishlar ayniqsa samimiy. Yosh juvonlar bir necha bor Sharofat opaning oyoqlarini o‘pmoqchi bo‘ladilar-u, ammo u qat’iyat bilan ularning bu urinishlarini to‘xtatadi. Hatto ovozini ko‘tarishga to‘g‘ri keldi: ehtirom ibodatga aylanmasligi kerak, chunki faqat Alloh oldida bosh egish mumkin.
Butun "sharaf yo‘li" bo‘ylab ikki tomonda qo‘shnilar va bolalar saf tortadi. Sharofat opa va uning yaqinlari hamqishloqlarini muqaddas zamzam suvi bilan siylab, guldastalar taqdim etadi.
Sharofat opaning uyidan 200 metr narida yana bir "yo'l" tashkil qilingan — qishloq oqsoqollari yashaydigan uyning qarshisida. Avvalo, u ularga salom berishga boradi, xuddi eng loyiq kishilar bilan barakasini baham ko‘radigandek.
Shundan so‘ng o‘g‘illari onasining oldiga kelishadi. Uyning kiraverishida eng oxirida Sharofat
opaning eri o‘tirardi. Uchrashgach, ikkalasi ham yig‘lab yubordi — eri Sharofat opani hayajonlanib tabrikladi.
Shundan so‘ng barcha oila a'zolari uyga kirdi. O'sha paytda qo‘shnilar tezda o‘zlarining ko‘rpachalari yig‘ishtirib, hoji onaning xonadoniga ziyoratga kirishdi.
Sharofat opa hovlisida oqsoqollar bilan alohida dasturxon atrofida o‘tiribdi. Odatdagi duodan so‘ng o‘zbekcha ziyofat boshlandi. To‘yimli taomlar tarqatila boshlandi, bolalarga alohida dasturxon yozildi.
Tantanali tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramay, tadbir uzoq davom etmadi, chunki Sharofat opa yo‘lda charchagan va dam olishi kerak.
Qishloqda eng hurmatli kishini umra safariga yuborish an'anasi ayniqsa qishloqlarda kuzatiladi, lekin bunday g'ayrioddiy va rang-barang marosim guvohi bo'lish menga birinchi marta nasib etdi. Muhim jihati shundaki, Sharofat opa uchun mablag'lar butun qishloq tomonidan yig'ilgan. Bunda katta avlodga hurmat-ehtirom, orzu-havaslar va har bir ishtirokchida farovonlikka erishish umidi mujassam. Aytish joizki, bu farovonlik har bir yaxshi tilak va harakat bilan ko'payadi. Umradan qaytgan Sharofat opa katta hurmat-ehtiromga sazovor bo'ldi, jumladan atrofdagilarda yaqin odam bilan g'ururlanish va muhim voqeaga mansublik hissini uyg'otdi.
Shaxsan meni hayratga solgan narsa — ko'p sonli qo'shnilar va qarindosh-urug' orasida hasadli nazar bilan qarab turgan odamni ko'rmadim: Shryoderning har bir aholisi go'yo o'z onasini kutib olayotgandek chin dildan xursand edi.