1918 yil kuzida do‘konlari Registon maydonida joylashgan muqovasozlar va zargarlar Ulug‘bek madrasasining minoralaridan biri yon tomonga sezilarli darajada qiyshayib qolganini payqashdi. XV asrda qurilgan minora poydevori 1897-yilgi kuchli zilziladan so‘ng shikastlangan edi. Xavotirga tushgan ustalar, o‘sha paytda Samarqand me’moriy yodgorliklarining nazoratchisi bo‘lgan arxeolog Vasiliy Vyatkinni chaqirtirishadi. Ulug‘bek rasadxonasi xarobalarini yillar davomida izlab topish va qazib o‘rganish uchun umrini sarflagan odam uchun buyuk munajjimning fojiali merosi quruq gap emasdi. Maydonga yetib kelgach, u madrasaning o‘ng, shimoli-sharqiy minorasining o‘z o‘qidan og‘ib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maydonga qulab tushish xavfi borligini ko‘rdi. Vyatkin Turkiston haqida barcha narsani bilardi (u ”Boburnoma”ni tarjima qilgan va mahalliy rus maktablari uchun o‘zbek tili darsligini yozgan edi), biroq qurilish materiallarining mustahkamligi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdi.
1910-yilda og‘ayotgan minorali madrasani samarqandlik havaskor fotograf Georgiy Pankratev suratga olgan edi. Uning ko‘rinishi juda achinarli holda edi.
Ular ham buni ko‘rishdi
U Boris Kastalskiy va Mixail Mauerdan yordam so‘radi - bu ikki kishi mutlaqo bir-biri bilan chiqishmasdi. Kastalskiy harbiy sohada ajoyib yutuqlarga erishib, mukofotlarga sazovor bo‘lgan va podsho armiyasining general-mayori darajasigacha ko‘tarilgandi. Mauer esa isyonkorlik yo‘lini tanladi: XIX asr oxirida harbiy-muhandislik bilim yurtini tugatgach, sotsialistlarning maxfiy jamiyatiga a’zo bo‘ldi va inqilobiy faoliyati uchun besh yillik surgun jazosiga hukm qilindi. Keyinchalik sud dvoryanlik kelib chiqishiga ega bo‘lgan podporuchikka (leytenant unvoniga teng) shavqat ko‘rsatib, surgun jazosini oddiy askarlikka tushirish va Turkistonga yuborish bilan almashtirdi.
Ikkala harbiy muhandisni birlashtirgan narsa shundaki, ular aynan shu yerda o‘z kasbiy mahoratlarini namoyon eta olardi. Kastalskiy butun faoliyati davomida Samarqand infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullandi va Ikkinchi jahon urushi yillarida shu yerda vafot etdi. Mauer esa Qo‘qon, Namangan va Chustda shahar me’mori bo‘lib ishladi. 1920-yilga kelib, bu ikki muhandis qulayotgan minorani qutqarish uchun o‘z tashabbusi bilan hech qanday vakolatga ega bo‘lmagan komissiya tuzadi.
Kastalskiy chapda, Mauer o‘ngda.
Kastalskiy qulayotgan minorani qismlarga ajratib, keyin yana o‘sha joyda qayta tiklashni taklif qildi. Bu taklif rad etildi: garchi asl materiallardan foydalanilsa-da, “yangi qurilish” minorani o‘ziga xosligini yo‘qotgan bo‘lardi. Ulug‘bek madrasasi qurilishi loyihasining muallifi deb hisoblanadigan sherozlik me’mor Qavomiddin bunday yechimni ma’qullamagan bo‘lardi.
Mixail Mauerning “lan’ati” gitarasi
Balandligi 32 metr va og‘irligi 2 ming tonnadan oshiq bo‘lgan minora sekin-asta yerga egilib bormoqda edi. Yangi muammo yuzaga keldi - qulab borayotgan minora xuddi endigina kesilgan daraxtdek o‘z o‘qi atrofida asta-sekin aylanishni boshlagandi.
Mauer o‘ziga xos va dadil yechimni taklif etdi - minorani orqaga tortib, uni joyida ushlab turishga harakat qilish. Bu g‘oya ham muhandislar jamoasida shubha uyg‘otdi. Mauer bahsga yakun yasab, minora to‘g‘rilanayotganda uning poyida turishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. 1918-yilda shimoli-sharqiy minora og‘irligi 36 tonnagacha bo‘lgan 24 ta yo‘g‘on po‘lat arqon bilan o‘raldi. Oldindan arqonlar ostiga yerdan 12-18 metr balandlikda yog‘och “korset” joylashtirildi - bu metall g‘isht devorga botib ketmasligi uchun qilingandi.
Arqonlar yerga qoqilgan yog‘och langarlarga mahkamlandi va tarang tortilgan holda ulkan torli cholg‘u asbobining torlariga o‘xshab ko‘rinardi. Yomon ob-havoda butun inshoot ma’yus guvillar, shu bois samarqandliklar uni “shayton gitarasi” deb atashgandi.
Samarqand bu jahannamiy kuyni 14 yil davomida tingladi - Mauer aynan shuncha vaqtga minoraning qulashini kechiktirishga erishgandi.
Muhandis Shuxovning giperboloidi
1920-yillarda Mauer arqonlari o‘z vazifasini bajarmay qo‘ygani ayon bo‘ldi. “Shayton gitarasi” torlari minoraning qulashini to‘xtatgan bo‘lsa-da, uning yuqori qismi tik holatdan deyarli 2 metrga og‘ib qolgan edi. Mauer buni ko‘rib, minorani qutqarish uchun nima qilish mumkinligini tushunishga urindi. Bu holda temuriy hamkasblar bilan professional muloqot yordam berardi – biroq ularning barchasi 500 yil avval olamdan o‘tgan edi.
Mauer Temuriylar davri me’morchiligi haqidagi adabiyotlarni o‘qish uchun mustaqil ravishda fors tilini o‘rgandi, Registondagi ta’mirlash ishlariga mahalliy g‘isht teruvchilarni jalb etdi, minoraning texnik holati haqida biror narsa bilishi mumkin bo‘lgan samarqandlik keksalar bilan ko‘p suhbatlashdi. Bundan tashqari, u akademik Vladimir Shuxov bilan maslahatlashish uchun Moskvaga bordi.
Me’morchilik olamida Shuxovni metall karkasli baland binolar qurilishining kashfiyotchisi deb bilishadi. Shabolovkadagi radiominora, Kiyev vokzali perroni usti, Davlat universal do‘konining metall konstruksiyalari, Moskva Badiiy akademik teatrining aylanma sahnasi – bularning barchasi uning Moskvadagi inshootlaridir. Buxoroda esa Shuxov loyihasi asosida Ark qal’asi ro‘parasida metall giperboloid konstruksiyali suv minorasi qurilgan.
Minorani qutqarish operatsiyasiga qo‘shilgan Shuxov uni ko‘tarish emas, balki o‘z og‘irligi ta’sirida tushirishni taklif qildi. U minora qanchalik kam siljisa, keyingi tiklash ishlari shunchalik oson kechishini isbotladi. 1930-yillarning boshiga kelib, minorani arqonlar yordamida to‘g‘rilash haqida gap bo‘lishi ham mumkin emasdi – uning tanasi muqarrar ravishda o‘rtasidan sinib ketishi mumkin edi. 14 yil o‘tgach, minoraning og‘ishi 5 darajagacha ortdi, og‘irlik markazi poydevor o‘qidan 1 metrga og‘di. Tezlik bilan qandaydir yechim topish kerak edi.
Minorani qanday to‘g‘rilash kerak
1932-yil 7-yanvarida Mauer rahbarligi ostida va Shuxov loyihasi asosida Samarqand markazida misli ko‘rilmagan murakkablikdagi muhandislik amaliyoti boshlandi.
Minora domkratlar yordamida yemirilayotgan poydevordan ko‘tarildi va uning ostiga maxsus tebranuvchi metall rom o‘rnatildi. So‘ngra minora ostidagi asl g‘isht terim temir-beton yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar bilan mustahkamlandi. O‘n qavatli uy balandligidagi minora tanasi bir necha soat davomida qiyalikka teskari tomonga tebratildi va tik holatga keltirildi. Quruvchilar baquvvat tayanch to‘sinlarni olib tashlab, minorani mustahkamlangan poydevorga mahkam o‘rnatdilar. “Shayton gitara”ning arqonlari bir zumda bo‘shashdi va bir necha soatdan so‘ng olib tashlandi, keyin yog‘och-metall “korset” ham olib tashlandi.
Mauer Shuxovga shunday deb yozadi: “Ish paytida birorta ham g‘isht parchasi qulamadi va kuzatish mumkin bo‘lgan darajada birorta ham yangi yoriq paydo bo‘lmadi.”
Samarqand 1932-yil 11-yanvarda qulayotgan minoradan butunlay xalos bo‘ldi.
Mauer haqidagi so‘nggi ma’lumotlar 1930-yillarga to‘g‘ri keladi. Uning Stalin qatag‘oniga uchragani yoki uchramagani noma’lum (o‘g‘li qo‘qonlik bo‘lib, “xalq dushmani”likda ayblanib qamalgan).
Shuxov 1939-yilda baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi. Samarqanddagi minorani to‘g‘rilash uning so‘nggi muhandislik loyihasi bo‘ldi.
Ulug‘bek madrasasi sovet davrida va mustaqil O‘zbekistonda bir necha marta ta’mirlanib, nihoyat an’anaviy qiyofasiga ega bo‘ldi. Mana, sizga cheksiz tomosha qilsa arzigulik manzara. Endi bilasizki, u butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lishi ham mumkin edi.
Hikoya sizga ma’qul keldimi? Instagram va Telegramda bizni kuzatib boring - u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlardan xabardor bo‘lasiz.