Faylasuf bu yerdagi maydon markazida yunon madaniyatining yangi hayotini kuzatayotgandek. Markazning ichki qismida byustlar va haykallar, Iskandar jangchilarining dubulg‘alarini eslatuvchi bosh kiyimlar joylashgan. Yonginasida esa bolalar aravachalari turadi. Markazda hatto bolalar bog‘chasi ham faoliyat yuritmoqda. Ellada va bolalar qo‘shiqlari, falsafa va akvarel, qadimiylik va zamonaviylik bu yerda bir-biridan ajratilmagan holda, xuddi bir sahnada antik davr tragediyasi va bolalar ertagi ijro etilayotgan teatr kabi yonma-yon hayot kechiradi.

Ellinlar Markaziy Osiyoda: antik davrdan XX asrgacha

Hozirgi O‘zbekiston hududida yunonlarning mavjudligi miloddan avvalgi IV asrga borib taqaladi. O‘shanda Iskandar Makedonskiy va unung qo‘shinlari So‘g‘diyona va Baqtriyadan o‘tgan edi. Ular bilan birga mintaqaga yunon falsafasi, me’morchiligi, teatri va san’ati kirib kelgan edi. Bu yerda yunoncha nomlar bilan atalgan Aleksandriya Esxata, Oks Aleksandriyasi, Oyxonim kabi shaharlar barpo etildi.
Antik madaniyatning ta’siri islom davrida ham saqlanib qoldi – yunon matnlarining arabcha tarjimalari Sharq mutafakkirlariga, jumladan, Forobiy va Ibn Sinoga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
1917-yilgi oktabr inqilobiga qadar Toshkent, Samarqand va Farg‘onada yunon hunarmandlari va savdogarlari istiqomat qilgan. XX asr o‘rtalarida esa Gretsiyadagi fuqarolar urushida so‘l kuchlar mag‘lubiyatga uchragach, 15 mingga yaqin siyosiy muhojir – Gretsiya Demokratik armiyasi ishtirokchilari va tarafdorlari O‘zbekistonga ko‘chirildi. Ular uchun “yunon shaharchalari” barpo etildi, maktablar, teatrlar, ansambllar, sport to‘garaklari ochildi, festivallar va hatto spartakiadalar o‘tkazildi.
Yunon siyosiy muhojirlari. Manba: Toshkent haqida maktublar
1960-yillarga kelib O‘zbekistondagi yunonlar soni 40 mingga yetdi. Ularning ko‘pchiligi ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va sport sohalarida taniqli shaxslarga aylandi.
  • Konstantin Sarianidi – Turkmaniston hududidagi Margush mamlakatining poytaxti Gonur-depada qadimiy nekropolni kashf etgan mashhur arxeolog. Uning kashfiyotlari Sharq sivilizatsiyalarini o‘rganishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etdi, shu bois u Gretsiya, Turkmaniston va Afg‘onistonda mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
  • Vasilis Xadzipanagis – futbolchi, faoliyatini Toshkentning “Paxtakor” jamoasida boshlagan, keyinchalik Gretsiyaning “Iraklis” klubi yulduziga aylangan. So‘nggi 50 yilda Gretsiyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan, texnikasi va tomoshabop o‘yini bilan shuhrat qozongan.
  • Yanis Salpinkidi – rassom va pedagog, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi. Aviasozlar madaniyat saroyi huzuridagi “Izlanish” studiyasida ta’lim bergan, san’atga oid 20 dan ortiq asar yozgan va mahalliy rassomlar avlodini tarbiyalagan.
  • Georgios Ioanidis – Toshkent tibbiyot instituti professori, yuz-jag‘ jarrohligi bo‘yicha mutaxassis. Suyak kasalliklari va o‘smalarni davolash usullari ustida ishlab, mintaqada jarrohlik stomatologiyasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan.
Ular nafaqat tarixiy vatan bilan aloqani saqlab qoldi, balki yangi shaharlar qurilishi, yodgorliklarni tiklash, fan va ta’limni rivojlantirish orqali O‘zbekistonning madaniyatiga singib ketdi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida diasporaning katta qismi vataniga qaytdi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi yunon hamjamiyati 1500 ga yaqin kishini tashkil etadi.

Yunon madaniyati markazi: g‘oyadan harakat sari

Toshkentdagi zamonaviy yunon madaniyati markazi 1997-yilda shahar yunon madaniyati jamiyatiga aylantirilgan yunon siyosiy muhojirlari uyushmasidan paydo bo‘ldi. Rivojlanishning yangi bosqichi 2020-yilda Konstantinos Politis rahbarligida boshlandi: yangilangan nizom qabul qilindi, islohotlar o‘tkazildi, zamonaviy nom bilan Yunon madaniyati markazi tashkil etildi.
Toshkentdagi Yunon madaniyati markazi sahnasi. Foto: Katerina Kuznetsova
Markaz odatiy ma’nodagi muzey emas, balki jonli va ochiq maydon bo‘lib, unda madaniyat vitrinalarda changlanmaydi, balki yangraydi, harakatlanadi va rivojlanadi. Bu yerda grek va ingliz tillari, teatr san’ati, vokal, rassomlik, fotosuratchilik va pazandalik sirlari o‘rgatiladi. Yakshanba kunlari bolalar uchun maktab faoliyat yuritadi, unda yosh ishtirokchilar qo‘shiq aytadi, raqsga tushadi, rasm chizadi va bir biri bilan muloqot qiladi. Yil davomida spektakllar, musiqiy kechalar, ma’ruzalar va bayram tadbirlari – kamera kontsertlaridan tortib katta madaniy festivallargacha bo‘lib o‘tadi.

Madaniy markazlar daxldorlik makoni sifatida

O‘zbekistonda 140 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi, biroq 40 ga yaqin madaniy markaz rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning har biri nafaqat meros xazinasi, balki xalqlar o‘rtasidagi ko‘prik hamdir. Toshkentdagi yunon markazi madaniyatning ham qadimiy, ham dolzarb bo‘lishi mumkinligining yaqqol namunasidir.
Toshkentdagi yunon madaniyati markazi raisi Konstantinos Politis. Foto: Katerina Kuznetsova
Markaz raisi Konstantinos Politisning aytishicha:
“Yunon madaniyati shunchaki milliy kod emas. U teatr, falsafa, musiqa, matematika, turmush tarzini han o‘z ichiga oladi. Bu ef-zin*, ya‘ni munosib va uyg‘unlikda yashashdir. Va bu madaniyatga qiziqish bildirgan har bir kishi uchun eshigimiz ochiq”.

* Ef-zin (εv ζῆν) qadimgi yunoncha atama bo‘lib, “yaxshi yashash” yoki “munosib yashash” degan ma’noni anglatadi – tana, ruh va aqlning uyg‘unligi.

Madaniyat markazida nimalar qilish mumkin?

Markaz yil davomida yoshidan qat’iy nazar barcha uchun ochiq. Bu yerda nafaqat Ellada madaniyati bilan tanishish, balki yangi ko‘nikmalarni egallash ham mumkin.
Toshkentdagi Yunon madaniyati markazidagi milliy liboslar. Surat: Katerina Kuznetsova
Kattalar uchun:
  • yunon va ingliz tillari kurslari;
  • rasm chizish;
  • estrada qo‘shiqchiligi;
  • aktyorlik mahorati va improvizatsiya.
3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yakshanba kunlari quyidagi fanlar o‘qitiladigan maktab faoliyat yuritadi:
  • yunon va ingliz tillari;
  • rasm chizish;
  • qo‘shiqchilik;
  • raqs san’ati;
  • marjon tizish.
Qanday qatnashish mumkin:
Markaz barcha xohlovchilar uchun ochiq – Toshkent shahri Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 30-uyga tashrif buyurish kifoya.
Bugungi kunda Markaz shunday joyga aylanganki, bu yerda Aristotelning marmar byusti yodgorlik bo‘lib tuyulmaydi. U bolalar bog‘chasi, ijodiy ustaxonalar hamda jonli til muloqotini kuzatib turadi. Bu yerda o‘tmish qotib qolmagan, aksincha, u nafas oladi, kuladi, raqsga tushadi va turli tillarda so‘zlashadi. Aynan shu narsa yunon madaniyat markazini nafaqat diaspora, balki butun O‘zbekiston uchun muhim qiladi.