Hozir ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni “zumerlar”, “milleniallar” va boshqa toifalarga bo‘lish keng tarqalgan: deyarli har qanday ijtimoiy hodisa “avlodlar nazariyasi” bilan izohlanadi. Ushbu konsepsiya amerikalik tadqiqotchilar Nil Xau va Uilyam Shtrausga tegishli bo‘lib, ular 1990-yillarda har bir avlod umumiy voqealar va qadriyatlar ta’sirida shakllanishini taxmin qilgan. Shunday qilib, hozirda odatiy bo‘lgan atamalar paydo bo‘ldi, ya‘ni “bebi-bumerlar” (Ikkinchi jahon urushidan keyin tug‘ilgan avlod), “X avlod” (1965–1980), “milleniallar” yoki Y avlod (1981–1996) va nihoyat, Z avlod – raqamli asrda o‘sgan zumerlar.
Ushbu nazariya mukammal emas – olimlar uni haddan tashqari noaniq chegaralar, haddan tashqari umumlashtirishlar va alohida mamlakatlar kontekstiga yetarlicha e’tibor bermagani uchun tanqid qilishadi. Shunga qaramay, bu yorliqlar ommaviy axborot vositalari, marketing va hatto siyosatga singib ketgan, chunki ular jamiyatdagi katta o‘zgarishlarni oddiy so‘zlar bilan tasvirlash imkonini beradi.

Zumerlar oila va genderga qanday munosabatda?

Mustaqillik farzandlari – bugungi zumerlar – an’analarga hurmat va o‘zgarishlarga intilish o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilmoqdalar. Ular kuchli patriarxal asoslarga ega bo‘lgan jamiyatda o‘sgan: ko‘pchilik hali ham oilada asosiy so‘z erkakda, ayolning rizqi uy va ro‘zg‘orda, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida qarashlar tafovuti ko‘zga tashlanmoqda. UNICEFning tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, yigitlar oiladagi an‘anaviy tartibni saqlab qolish tarafdori, qizlar esa teng huquqli bo‘lishga intilmoqda. Aslida, zumerlar gender munosabatlarining kelajagini ikki xil ko‘rinishda tasavvur qiladi: yo patriarxatni davom ettirish (ko‘pchilik yigitlarning nuqtayi nazari) yoki ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglik tomon harakat (ko‘pchilik qizlarning pozitsiyasi) qilish.
O‘zbekiston yoshlari hali ham oilaviy an’analarga rioya qiladi, lekin ushbu masalaga yanada ongli ravishda yondashadi.

Masalan, urf-odatga ko‘ra, kenja o‘g‘il ota-onasi bilan birga yashashi va keksayganda ularga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Biroq zumerlar har doim ham ushbu qoidaga qat’iy rioya qilishga tayyor emas: agar boshqacha parvarish qilish imkoniyati bo‘lsa, ular shaxsiy erkinlikni afzal ko‘radi. Oila muhim qadriyat bolib qolmoqda, ammo yosh o‘zbekistonliklar unga moslashuvchanroq yondashishni xohlashadi.
Kattalarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarmoqda. Katta avlod hurmat kutadi, zumerlar esa ular bilan ko‘pincha tengma-teng gaplashishni xohlaydi. Hukumat yoshlarni “oltin avlod” deb ataydi va ularni qo‘llab-quvvatlashiga ishontiryapti, lekin ko‘plab yoshlar o‘z fikrlarining e’tiborga olinmayotganini his qilmoqda — ayniqsa, qarorlar asosan kattalar tomonidan qabul qilinadigan mahallalarda. Zumerlarning ta’kidlashicha, ularga ota-onalar bilan muloqot yetishmaydi va ular kattalar yoshlarning fikrlari va tajribalari bilan haqiqatan ham qiziqishlarini xohlashadi.

Har beshinchi yosh avlod vakili uchun oliy ta’lim muhim  

Bugun O‘zbekiston yoshlari oliy ma’lumotli  bo‘lishga intilmoqda, ammo bu hali ham kopchilik uchun orzu bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, zumerlar internet va globallashuv berayotgan jahon bilimlaridan samarali foydalanyapti. Boshqa tomondan, mamlakat ichida oliy o‘quv yurtiga kirish juda qiyin. 2023–2024-yillarda 800–900 mingga yaqin abituriyentlar qabul komissiyalariga ariza topshirgan, ammo talabalar biletini atigi 19 foiz, ya’ni umumiy sonning taxminan beshdan bir qismi qo‘lga kiritgan.
Natijada minglab maktab bitiruvchilari chetda qolib, hayotga boshqa yo‘llar bilan kirib borishga majbur. Kimdir xususiy kollejlarga boradi, kimdir chet elga ketadi, kimdir o‘qishni kechiktirib, ishga kiradi. Ayniqsa, NEET deb ataladigan, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha o‘qimayotgan va ishlamayotgan yoshlar bo‘yicha statistika xavotirli raqamlarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda 19–30 yoshli yigitlar orasida bu ko‘rsatkich 54,6 foizni, qizlar orasida esa 74 foizni tashkil etmoqda.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston ayollarining to‘rtdan uch qismi maktabdan keyin o‘qishni davom ettirmayapti va karyera bilan shug‘ullanmayapti. Buning sababi ko‘pincha ijtimoiy va madaniy munosabatlarga bog‘liq: erta turmush qurish, uy ishlariga yordam berish, o‘qish va onalikni birga olib borish uchun sharoit yo‘qligi.
Davlat vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Mamlakatimizda o‘nlab yangi oliygoh va filiallar ochilmoqda, qizlar uchun kvotalar va qo‘shimcha grantlar joriy etilmoqda. Ammo hozircha bu yetarli emas, ta’lim olish uchun mavjud imkoniyatlardan ko‘ra yoshlar soni ko‘proq.

Boshliqlarsiz va karyera poygalarisiz ishlash

Ish va karyera masalasida o‘zbek zumerlari ota-onalaridan ancha farq qiladi. Ilgari davlat xizmatiga yoki yirik davlat kompaniyasiga kirish katta omad hisoblanardi. Bugun yoshlar bunga unchalik ishtiyoq bilan qarayotgani yo‘q.
Ko‘pchilik uchun muvaffaqiyat – rahbarlik lavozimiga tayinlanish emas. “Financial Times” hisob-kitoblariga ko‘ra, yosh mutaxassislarning 57 foizi o‘rta bo‘g‘in menejeri bo‘lishni istamaydi. 67 foizi esa bunday lavozimlarni haddan tashqari stressli va noshukur deb hisoblaydi, chunki  bunday mas’uliyat na maoshga, na ma’naviy qoniqishga mos keladi.
Zumerlar moslashuvchanlik, erkinlik va o‘zini namoyon qilishni lavozimdan ko‘ra ko‘proq qadrlaydi. Ular uchun ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat, erkin jadval va rivojlanish imkoniyati muhim. Ular tashkilot uchun o‘zlarini qurbon qilishga tayyor emas. Shu sababli, tobora ko‘proq yoshlar frilanserlik, startaplar yoki rahbarlar kamroq bo‘lgan gorizontal tuzilmali kompaniyalarni tanlamoqda. Economic Review ta’kidlaganidek, zumerlarning tadbirkorlikka intilishi erkin va o‘z qoidalariga muvofiq ishlash istagi bilan bog‘liq.

Nega yoshlar chet elga ketishni orzu qilmoqda?

O‘zbek zumerlarining ko‘zga tashlanadigan xususiyatlaridan biri harakatchanlikka intilishdir. Ko‘pchilik chet elda o‘qish yoki ishlash haqida orzu qiladi. Vatanida orzu-havaslarini amalga oshirishning iloji bo‘lmaganda, emigratsiya yaxshiroq hayotni boshlash uchun haqiqiy imkoniyat bo‘lib tuyuladi.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, chet elga ketishning asosiy sabablari o‘qish, yaxshi yashash va karyera imkoniyatlariga ega bo‘lish istagi bilan bog‘liq.  Yosh shaharliklar uchun ta’lim olish, qishloq aholisi uchun esa daromad topish va oilasini boqish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Bu kayfiyatlar demografiyani aks ettiradi. O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik fuqarolardan iborat. Iqtisodiyot shuncha ish o‘rinlarini, ayniqsa, malakali ish o‘rinlarini yaratishga ulgurmayapti, shuning uchun tobora yoshlarning aksariyati chet elga ketishga harakat qilmoqda.
Hozirda mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishi Rossiya hisoblanadi. Migratsiya agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshida u yerda 698 ming o‘zbekistonlik ishlagan. So‘nggi yillarda o‘qimishli zumerlar Yevropa, Amerika yoki Sharqiy Osiyo mamlakatlarini tanlamoqda. Davlat “aql oqimi”ni to‘xtatishga harakat qilmoqda. Prezident tashabbusi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyat yuritmoqda va vatanga qaytish sharti bilan xorijda o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ammo zumerlarning bu boradagi fikrlari bir-biriga zid. Bir tomondan, ko‘pchilik butunlay ketishni xohlamaydi: so‘rovnomalarga ko‘ra, 80 foizi hatto mamlakat ichida ham ko‘chib o‘tishga qarshi. Ular uchun oilasi yonida bolish, tanish muhitda yashash muhim. Boshqa tomondan, iqtisodiy vaziyat patriarxal oila an’anasiga amal qiluvchi yoshlarni oilasini boqish uchun chet elda ish qidirishga majbur qilmoqda. Qizlar esa ko‘pincha turmush o‘rtog‘ining ketishiga qarshi.

Faollik: ko‘ngillilikdan onlayn e’tirozgacha

O‘zbek zumerlari ochiq axborot muhitida ulg‘aygan va mamlakat hamda dunyodagi voqealardan ancha xabardor. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, yoshlarning 75 foizi siyosiy kun tartibini kuzatib boradi. Lekin qizig‘i shundaki, ular siyosatda faol ishtirok etishga shoshilmayapti. Faqat 18 yoshdan oshgan har oltinchi ozbekistonlik (16,1%) jamoat yoki siyosiy tashkilot a’zosi hisoblanadi.
Yoshlar o‘z faolligini ko‘pincha xavfsizroq sohalarda namoyon etmoqda: mehribonlik uyiga yordam berish, davolanish uchun mablag‘ yig‘ish, bog‘ni chiqindilardan tozalash kabi tashabbuslar bunga misol bo‘la oladi.
E’tiborli jihati shundaki, yosh o‘zbekistonliklar so‘z erkinligini ancha yuqori darajada his qiladi. “Jamoatchilik oldida o‘z fikringizni erkin ifoda eta olasizmi?” degan savolga respondentlarning 87,2 foizi ijobiy javob bergan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi “Men/Biz Evelina” kampaniyasi bunga yorqin misol bo‘la oladi. 2020-yil bahorida Farg‘onada erkak 17 yoshli qizni vahshiylarcha kaltaklagani uchun jazodan qutulib qolganini eshitgan minglab o‘zbekistonlik yoshlar zo‘ravonlik tajribasi haqida gapira boshladi, #MenBizEvelina heshtegi ostida rasmlar va videolar joylashtirdi. Ushbu fleshmob #MeToo ning O‘zbekistondagi muqobil varianti degan nom oldi.
Yana bir misol – ekologik faollik. 2025-yil fevral oyida Toshkentda faollar ikki kun mobaynida “Anhor-Lokomotiv” bog‘idagi daraxtlarning kesilishiga qarshi 1500 dan ortiq imzo to‘pladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yashil hududni turar-joy majmualari, savdo markazi va apart-otel uchun berish rejalashtirilgan edi. Aksiyaga blogerlar, jumladan, ekofaol Muattar Xushvaqtova (Urikguli) ham qo‘shildi. Natijada qurilish to‘xtatilib, bog‘ taqdiri jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda hal etila boshlandi.
2024-yil yanvar oyida poytaxtlik blogerlar, san’atkorlar va ekofaollar birgalikda #TozaHavoKerak heshtegi ostida fleshmob o‘tkazdi. Unda “Urikguli”dan tashqari reper Konsta, stendaper Mirshakar Fayzullayev, blogerlar Umid Gafurov (Troll.uz), Mirzayor Erkinov va boshqalar ishtirok etdi. Talaba va musiqachi Laylo Rixsiyeva (Laylo nomi bilan tanilgan) “Home” qo‘shig‘iga klip suratga oldi. Unda daraxtlar kesilishining halokatli oqibatlari, agressiv rivojlanish, havoning ifloslanishi, Orol va Sardoba suv ombori muammolari haqida so‘z boradi.
Yuqorida keltirilgan misollarni yoshlarning ommaviy norozilik harakati deb bolmaydi. Lekin shunga qaramay, Z avlodning dolzarb mavzularni muhokama qilishi va muammolarni hal qilish uchun birlashishi yangi hodisadir. O‘zbekiston yoshlari o‘z qadriyatlari haqida tobora ovoza qilmoqda: masalan, ular toza shaharlar tarafdori, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi, o‘zini namoyon qilish imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori. Ularning faolligi asosan internetda, ammo natijalar allaqachon ko‘zga tashlanib bo‘ldi.
Agar ushbu hikoyada o‘zingizni tanigan bo‘lsangiz, Instagram va Telegramda bizga layk bosing va ulashing.