Quyosh qayerga g‘oyib bo‘ldi? Yerto'ladan billboardgacha

Ularning birinchi konserti xristian tashkilotining yerto‘lasida bo'lib o'tdi, uskunalar Andijondagi to'yga ketgan, mashhurlik esa mahalliy memdan boshlangan, lekin o'tgan yili ularning yuzlari aks etgan billbord Toshkent City Mallni bezab turdi. Va bu bugungi kunda Toshkentda eshitish mumkin bo‘lgan sahnadagi eng qiziqarli va ilhomlantiruvchi hikoyalardan biridir.

Xristian tashkiloti va Andijondagi to‘y: yo‘lning boshlanishi

Guruhni yaratish g‘oyasi frontmen (musiqiy guruh a’zosi, uning yuzi, odatda, vokalist) Arslon Egamberdiyevda ancha oldin paydo bo'lgan edi, ammo uning amalga oshishi faqat 2023-yilning bahorida boshlandi. Arslonning o‘zidan tashqari guruhning birinchi ishtirokchisi uning sinfdoshi – guruhining sobiq bas-gitarachisi Ratmir Safiullin bo‘ldi. O‘sha yilning yozida birinchi tarkib to‘plandi va bu juda g‘ayrioddiy sharoitda sodir bo‘ldi.
Guruh a'zolari bilan xristian tashkilotida tanishdik, u yerga bizni "ochiq mikrofon" niqobi ostida jalb qilishgan. Albatta, hiyla-nayrangni tushunib, u yerdan ketdik, lekin keyingi hayotimizda juda yaqin bo'lib qolgan insonlarni o‘zimiz bilan olib chiqdik.

Arslon Egamberdiyev

Xuddi shu xristian tashkilotining yerto‘lasida 2023-yil kuzida guruhning birinchi konserti bo‘lib o‘tdi. O‘ttiz kvadrat metr maydonda sakson kishini sig‘dirishga harakat qildik. Kutilmagan holat tufayli Andijondagi to‘yga ketgan musiqa uskunalarning o‘rniga Xitoy bluetooth-kolonkasini ishlatdik. Shu tufayli mehmonlar "куда пропало солнце?" guruhining akustik dasturini tingladi. Boshlanishi guruhning o‘zi kabi yorqin va g‘ayritabiiy bo‘ldi: hammasi yerto‘lada, ishtirokchilardan birining kolonkasidan chiqib turgan g‘irillagan ovozdan boshlandi.
Birinchi konsert (kuz 2023)

Agar quyoshni topmoqchi bo'lsang, chiroqlar ortidan yur: asosiy treklar va o'z auditoriyang haqida

Auditoriyaning birinchi munosabati ancha vazmin edi. Guruh Toshkentda mashhurlikga erishdi, lekin bu mahalliy memga o'xshash bo'ldi. O'zgarish nuqtasi 2024-yil aprel oyida chiqqan "Под утро"("Tongda") qo'shig'i bo'ldi — aynan shu qo'shiq bilan guruhga uzoq kutilgan mashhurlik keldi. Guruh tashkil topgan yildan qolgan qo'shiqlar orasida "Летом"("Yozda")ni ajratib ko'rsatish mumkin, bu qo'shiq hozirgacha har bir konsertda yangraydi va o'nlab chiroqlarning yorug'ligi unga hamrohlik qiladi.
"SO'M" albomidan ajralib turadigan "Agarda Yillar" treki  — guruhning yagona o'zbek tilidagi taronasi hisoblanadi.
Umuman olganda, men o'zbek tilida yozishni yaxshi ko'raman va tez-tez yozib turaman, lekin guruhning diskografiyasida bunday qo'shiq bittagina. Menimcha, bu tarona birinchi navbatda shunning uchun ajralib turadi. U o'ziga yoqqan qizni juda hayratda qoldirmoqchi bo'lgan, lekin na puli, na mavqeiga ega bo'lmagan yigit haqida, ayniqsa sevgilisi fonida. O'tmish hayotimda o'xshashliklarni qidirishni istamayman, buni kadrdan tashqarida qoldirishni afzal ko'raman.

Arslon Egamberdiyev

Bugun "Kуда пропало солнце?" tinglovchisining rasmini chizish qiyin, chunki konsertlarga 13 yoshli bolalar ham, ularning ota-onalari ham kelishadi, instagramdagi postlarning sharhlarida esa 40 yoshdan oshgan odamlar ham uchraydi.
Bu meni xursand qiladi. Men har doim janr, vaqt va yoshdan qat'iy nazar musiqa yaratishni xohlaganman.

Arslon Egamberdiyev

Iosis fest Turkiston saroyida (2025 yil fevral)

Uslublar birlashuvi va tajribalar: yo'qolgan quyosh qanday ovoz chiqaradi

Lo-fi emas, dream-pop emas, post-pank emas — Arslon o'z musiqasini janrlarga ajratishni yoqtirmaydi. Chunki guruh musiqasi ichki hissiyotdan, paytning o'zidan tug'iladi va shuning uchun u xilma-xildir. Guruh ijodi tajribalarga to'la, lekin ularning uslubi va ohangidan eng ko'zga ko'ringan namunani qidirsangiz, bu, albatta, "SO'M" albomi bo'ladi.
Guruh turli uslublarni birlashtiruvchi, ba'zan hatto biroz g'ayrioddiy narsalardan ilhom oladi. Masalan, "Papin Olimpos", "Poshlaya Molli", "Mujuice" guruhlarining havoyi o‘ychanligidan va musiqada "SEREBRO" guruhidan. Matnga kelsak, bu yerda Skriptonit va Slava KPSSning mulohazasi va chidasa bo'ladigan surbetligi ko'rinib turadi.
Agar "janr" so'zini ishlatmasak, bizning ovozimizni uchta so'z bilan ta'riflagan bo'lardim — kinoyali, yangi va hissiyotli. 

Arslon Egamberdiyev

Guruhning ijodida hech qanday taqiq yo'q, shuning uchun guruh tajribalar o'tkazadi va ishlarni ishonch bilan rejalashtiradi. Arslon ingliz tilidagi albom yozish va u bilan G'arbiy Yevropa va Amerikani kezib chiqishni orzu qiladi.
Menimcha, ajoyib boʻladi, chunki  ingliz tilida gapirmayman va inglizcha qo'shiqlarni eshitmayman. Kim biladi deysiz?

Arslon Egamberdiyev

Ushbu jumlada "куда пропало солнце?" guruhining ruhi mavjud, ya'ni o‘z-o‘zini istehzo qilish, qo‘pollik, lekin shu bilan birga ularning musiqasida oshkoralik ham aks etadi.
VM bardagi festival (yanvar 2025)

Festivallar, yakkaxon konsertlar va o'z studiyasi: qidiruv davom etadi

2025 yil guruh uchun voqealarga boy yil bo‘ldi. X-faktorda mualliflik materiali bilan ishtirok etish, Yandex.Musiqa tomonidan "UCHQUN" loyihasi va Toshkent Sitidagi billbord. Guruh hayotidagi eng muhim voqealardan biri esa o‘zining "SO‘M records" ovoz yozish studiyasini ochishi bo‘ldi.
Unutilmas chiqishlar orasida Almatidagi KATTA YOZGI FESTIVAL va Turkiston konsert zalidagi IOSIS Fest esda qolarli bo‘ldi. Yakka konsertlarga kelsak, guruh xotirasida, albatta, sobiq "Bardak", hozirgi "Sahna" klubidagi birinchi sold-out qoladi.
Bugun "yo'qolgan quyosh"ni ikki frontmen — Arslon va Emil hamda barabanchi Yasya qidirmoqda. Guruh nomiga kelsak, u butunlay tasodifan paydo bo'lgan va uning ortida hech qanday ma'no yo'q. Bu eski "Geometriya" nomi o'zini oqlamagan paytda guruh tomonidan o'ylab topilgan.
Agar Arslondan qaysi biri muhimroq —  quyoshni yo'qotishmi yoki uni qidirishmi, deb so'rasangiz, u shunday javob beradi:
Biz doimiy ravishda o‘zimizni va bizni baxtli qiladigan narsalarni izlaydigan guruhmiz.

Arslon Egamberdiyev

Guruhda hech kim quyosh qayerga yo‘qolganini bilmaydi, lekin, ehtimol, ularning qo‘shiqlarini tinglab, siz ham qidiruvga qo‘shilsangiz, ehtimol, siz ham o‘zingizning quyoshingizni topasiz.
Kim bilsin?