Qush — osmon elchisi — har doim baxtning muqaddas ramzi boʻlgan. Oʻzbek uylarida, keyinchalik kvartiralarda har doim bedana, kanareyka yoki chittak qush uchun joy boʻlgan, ularning sayrashi atrofni alohida fayz va ne’matga toʻldiradi.
Qovoqdan yasalgan qafaslar an'anaviy ravishda ayvon tepasiga osilib, oq matoga o'raladi. Shunday qilib, ko'z oldimizda eski, qadrdon choyxonaning yoki Eski shahardagi katta shovqinli hovlining tasviri paydo bo'ladi, u yerda ertalab son-sanoqsiz bolalarni bedaning o'ziga xos ovozi uyg'otadi — bu osoyishtalik, har bir kunning quvonchi, hayotning abadiy aylanishi ramzi...
Bolaligimizda qush bozorlari o'ziga xos mashhur maskan edi: odatda bolalarni u yerga otalari yoki bobolari olib borishardi. Bu har doim juda qiziqarli bo'lardi. Qushlardan tashqari, u yerda toshbaqa, quyonlar — umuman olganda, mini-hayvonot bog‘i bor edi. U yerda har doim gavjum, tiqilinch, harakat bo'lardi va savdo-sotiq qaynardi. Bu o‘zining doimiy va vaqtinchalik personajlariga ega alohida dunyo edi. Kimlar uchundir bu daromad manbayi, kimlardir xobbi sifatida qush boqib sotardi.
Rasmlarni Toshkentning to'rtta bozorida turli vaqtlarda olganman. Bir vaqtlar qush bozori Beshog'ochda
— mashhur Komsomol ko'li qarshisida joylashgan edi. Ota-onam bilan u erga tez-tez, ayniqsa yozda borib turardik. Asosan u yerda kanareyka, bedana, to'tiqushlar sotilardi, lekin katta uy qushlari - g'ozlar, xo'rozlar, o'rdaklar ham uchrar edi. Keyin bu bozor Qoraqamishga ko'chirildi.
Yaxshisi, u yerga erta tongda, soat 5-6 atrofida, sotuvchilar endigina to‘planayotgan paytda borish kerak. U yerda asosan sayroqi qushlar sotiladi. Lekin har xil turdagi xo‘rozlar ham bor - paxmoq, "shimli" va albatta, jangovar xo‘rozlar.
Ma’lumki, mamlakatimizda xo‘roz va bedana urishtirishlar taqiqlanganiga ancha bo'lgan. (Darvoqe, bedanalar, ovozi mayin bo‘lishiga qaramay, ancha tajovuzkor qushlar). Lekin bu rasmiy tomoni. Aslida esa har xil narsa uchraydi.
Chorsuda yaqin-yaqingacha katta parranda bozori ishlab turgan. Bu jangovar xo‘rozlar sotiladigan butun bir katta hovli edi. U yerda ular nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatadigan tomoshalar uyushtirilardi, ya'ni qonsiz va halokatli oqibatlarsiz mini-xo‘rozlar jangi. Keyinchalik katta bozor buzib tashlandi. Hozirda qush qatorlari sezilarli darajada kamaygan va faqat majmuaning yon tomonidagi tor yo‘lakni egallaydi.
Taqiqqa qaramay, janglar bugun ham turli joylarda o‘tkaziladi - shaxsan o‘zim Samarqand mahallalaridan birida pul tikilgan va, afsuski, qonli yakun topgan bunday jangni ko‘rganman.
Qushlarning o'zidan tashqari, qush bozorlarida turli xil ozuqa va qafaslar sotiladi. Oxirgi vaqtlarda qafaslar endi oddiy qush uyasi sifatida emas, balki interyer bezagi sifatida yog'och yoki qovoqdan, nok shaklida yasalmoqda.
Bunday bozorlar barcha viloyatlarda bor. Agar hududlardagi qush bozorlarida asosan g'ozlar, o'rdaklar, xo'rozlar va kurkalarni uchratsangiz, Toshkent va
Toshkent viloyati bozorlarida ko'proq sayroqi qushlar va to'tiqushlarni ko'rasiz. Xulosani qilaverasiz.
Shafqatsiz o‘yinlar, uzumzordagi bedanalarning mayin sayrashlari, ustunlardagi laylaklarning inlari - bularning barchasi asrlar davomida go‘yo bizga bog‘liq bo‘lmagan holda to‘qilgan voqeligimizdir.
Ehtimol, qushlar bizga, uning mavjudligi orqali olamdagi ozodlik, shafqatsizlik, goʻzallik va sheʼriyatni idrok etishimiz uchun berilgandir.
Qolaversa, tug‘ilganimizdan to so‘nggi daqiqagacha bo‘lgan butun umrimiz, quloq solsangiz, mana shu zirqiragan tovushlar bilan o‘tadi.