Koinotga uchish orzusi sun’iy yo‘ldoshlardan ancha oldin paydo bo‘lgan. Shumerning Kish shahrida shoh Etana yashagan, afsonaga ko‘ra, u burgut mingancha “tug‘ilish giyohini” izlab osmonga ko‘tarilgan. Balandlikdan qo‘rqib, u orqaga qaytishni so‘raydi. Sharqshunos Vsevolod Avdiyevning fikricha, Etana yiqilib tushgan. Xuddi Quyosh nuridan kuygan Ikarga o‘xshab. Lekin kim biladi deysiz, balki ulardan bittasi ko‘zlagan joyigacha uchib borgandir.
Kosmonavtlar maydoni
„Zemlya v illyuminatore“ Illyuminatordan Yer ko‘rinadi, Yerda esa – Sharq Yulduzi deb ataluvchi shaharda shunday maydon borki, u yerda Ikar yiqilmagan, aksincha, hali ham dadil, shiddatli va umidga to‘la parvozini davom ettirmoqda.
1984-yilda kashf etilgan “Koinot” nomli relyefli kompozitsiya yulduzlarga ko‘z tikkanlarni – Ulug‘bek, Siolkovskiy, Korolyov, Gagarinni birlashtiradi. Ularning yonida xayoliy obrazlar: Ikar va Ona Yer bor. Osmon jismi bilan bog‘langan ikki panel go‘yo davrlar va koinot haqidagi tasavvurlar orasidagi darvozaga o‘xshaydi.
Ulardan birida Siolkovskiyning so‘zlari bitilgan:
“Insoniyat yer yuzida abadiy qolmaydi, lekin yorug‘lik va fazo ketidan quvib, avval qo‘rqa-pisa atmosfera chegaralaridan tashqariga chiqadi, keyin esa butun quyosh atrofidagi fazoni egallab oladi”.
Maydon yaratuvchilari – me’morlar Yuriy Miroshnichenko va Ravshan Salimov, haykaltarosh – Yakov Shapiro. Barcha figuralar bronzadan quyilgan. Dastlab poydevorlar qora granit bilan qoplangan bo‘lib, bu kompozitsiyaga chuqurlik va jiddiylik baxsh etgan.
2022-yilda maydon rekonstruksiya qilindi: granit kulrangga almashtirildi, yoritish tizimi yangilandi va bu jamoatchilikni hayajonga soldi. Kompozitsiya o‘zgardi, lekin haykallar o‘zgarishsizlarsiz qoldirildi. Ikar parvozini davom ettirmoqda, Siolkovskiy har doimgidek oldinga tikilib turibdi, Jonibekov esa go‘yo bu yulduzli suhbatga abadiy qo‘shilgandek qad rostlagan.
Manzil: Afrosiyob ko‘chasi, IIV binosi yonida
Ish vaqti: 24 soat
Kirish narxi: bepul
“Kosmonavtlar” metro bekati
Metro yulduzlarga eltuvchi eng aniq yo‘l bo‘lmasa-da, agar Toshkent metrosining ko‘k yo‘lida bo‘lsangiz, poyezdga chiqishga shoshilmang. “Kosmonavtlar” bekati – bort derazalarining tirqishlari orqali yo‘lovchilarga koinotni zabt etgan va orzumand insonlar nazar solayotgan joy.
1980-yillarda me’mor Sergo Sutyagin stansiyani loyihalashtirganida, unga billur va ko‘zgulardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan, chunki ular juda mo‘rt edi. Lekin u o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va hech bo‘lmaganda ustunlar xuddi uchib ketayotgan raketa alangasidek shishadan bo‘lishiga erishdi. O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov bunga ruxsat berdi.
Oynalarni Belarusdan olib kelishni rejalashtirishgandi, ammo u yerdagi ustalar o‘zlarining metrosi bilan band edi. O‘shanda shishasozlarni O‘zbekistondan topishdi – va ular ham o’z ishlarini yaxshi uddalashdi.
Bekatdagi medalyonlar alohida zavq bag‘ishlaydi. Arnold Ganning oq-qora, xuddi eski kinoplyonkaga o‘xshagan grizayli: Ulug‘bek va Siolkovskiy, Volkov va Korolyov, Jonibekov va albatta, Gagarinni ko’rish mumkin. “Interkosmos” dasturi kosmonavtlari bir-biriga intilib, “Soyuz” “Apollon”ni kutib olmoqda. Butun bu ovozsiz simfoniya zamirida esa Koinotning hayratomuz timsoli mujassam.
Manzil: Afrosiyob ko‘chasi, Toshkent metrosining moviy tarmog‘i
Ish vaqti: 05.00 dan 00.00 gacha
Kirish narxi: ATTO kartasi orqali 1 700 so‘m, naqd 3 000 so‘m
Yuriy Gagarin haykali
Yoshingiz bor-yo‘g‘i yigirmada bo‘lsa ham, Gagarinning kimligini aniq bilmasangiz ham – farqi yo‘q. U hali ham joyida turibdi. To‘g‘ri, ehtimol, u hozir ota-onangiz eslaydigan joyda emasdir.
Ha, biz birgina Gagarinni bilamiz – u do‘stlari bilan Kosmonavtlar maydonida turadi, lekin yana biri bor – “Chilonzor” savdo markazi yonidagisi yagona, o‘ziga xosdir. Bu yodgorlik ham Gagarinning o‘zi kabi, garchi bir shahar doirasida bo‘lsa-da, “sayohat qilib ko‘rgan”.
Avvaliga Gagarin bog‘ida barelyefli obelisk paydo bo‘ldi. O‘n yil o‘tgach, uning o‘rnini Yer sharining cho‘qqisida birinchi sun’iy yo‘ldoshni ushlab turgan qo‘li yuqoriga qaratilgan bronzadan yasalgan Gagarin egalladi. Orqada – raketa iziga o’xshash 28 metrli stela bor. Grigoriy Postnikov va Sobir Odilovning haykali bog‘da 16 yil turdi, keyin Chilonzorga ko‘chib o‘tdi.
Manzil: Chilonzor tumani, Chilonzor mavzesi, 3-mavze, 59
Ish vaqti: 24 soat
Kirish narxi: bepul
Teleminora
Toshkent teleminorasining o‘zi raketaga o‘xshaydi – kosmosga olib chiqmaydi, albatta, lekin shaharni balandlikdan turib bor go‘zalligi bilan ochib beradi. Biroq bu yerda kosmos cho‘qqidan emas, balki kiraverishdan boshlanadi: foye mehmonlarni Abdumalik Buxarbayev tomonidan 1985-yilda yaratilgan oltita mozaik pannolardan biri – fazogir bilan quchoq ochib kutib oladi.
Oltita pannoning barchasi yarim qimmatbaho toshlardan yasalgan bo‘lib, mish-mishlarga ko‘ra, muallif ularni SSSR bo‘ylab uch yil davomida yig‘gan – o‘sha paytda yetkazib berish xizmati hali ishlamasdi. Uchta mozaika nafis Rim texnikasida, uchtasi esa Florensiya texnikasida yaratilgan. Toshkent uchun bu deyarli ilmiy fantastikaga o‘xshaydi.
Manzil: Amir Temur shoh ko‘chasi, 109A
Ish vaqti: 10.00 dan 20.00 gacha
Kirish narxi: ish kunlari – 40 000 so‘m (kattalar uchun), 20 000 so‘m (imtiyozga egalar uchun); dam olish kunlari – 50 000 so‘m (kattalar uchun), 25 000 so‘m (imtiyozga egalar uchun); 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, I guruh nogironlari uchun – bepul.
Aka-uka Jarskiylar mozaikalari
Aka-uka Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar Toshkent nomli sayyora atrofida aylanuvchi uchta yo‘ldoshga o’xshaydi. Ular 1966-yilgi zilziladan so‘ng shaharni tiklashda yordam berish uchun bu yerga kelishgan va abadiy qolishgan. Bir necha o‘n yilliklar davomida 400 ga yaqin uylar yorqin, murakkab, deyarli kosmik mozaikalar bilan bezatilgan.
- Bobur ko‘chasidagi 69/2-uy chetidan shaharga o‘z davrining olimlari orasida mukammal shaxs bo‘lgan, XI asrda bilish mumkin bo‘lgan hamma narsani bilgan Abu Rayhon al-Beruniy nazar tashlaydi. Lekin bizni avvalo uning astronomiyaga qo‘shgan hissasi qiziqtiradi. Buyuk mutafakkir tasvirlangan pannoni aka-ukalarning kattasi Pyotr 1978-yilda yaratgan. Beruniyning orqasida fazo – halqalariga ega Saturn, osmon jismlarining orbitalari yastanib yotadi. Uning oldida hisob-kitob daftarlari ochilgan, Oy fazalari bir-birini almashtiradi, qo‘lida esa abadiy gullagan holda qotib qolgan Hayot daraxti tasvirlangan.
- Aka-ukalarning o‘rtanchasi — Nikolay — Labzak ko‘chasida yulduzlar va Toshkent changini yorib o‘tishga intilayotgan kosmonavtni tasvirlagan. Ideal holatda, uning ilhomga to‘la yuzini va kaftidagi porlayotgan atomni ko‘rishimiz mumkin edi, biroq kommunal xizmatlar o‘z tuzatishlarini kiritib, fasaddagi plitalar orasidagi choklarni suvoq bilan berkitib qo‘yishdi. Shunga qaramay, sun’iy yo‘ldosh va kosmik kema hamon yonma-yon parvor qilmoqda, kosmonavtning orqasida esa uning yulduzlararo safari goroskopiga o‘xshab, o‘n ikki burj shaklida ko‘zga tashlanmoqda.
- Suvsoz massividagi 49-uyda o‘zining yangi porloq yulduz paydo bo‘ldi – bu yulduz yadro sintezi natijasida emas, balki Jarskiylar oilasining kenja farzandi Aleksandrning ijodi tufayli dunyoga keldi. Uning sopol yulduzi 1978-yilda gaz, plazma va ehtimol umiddan iborat kosmik uyurma markazida porladi. U, go‘zallik hatto eng kutilmagan joylarda, hatto Vodnikda ham paydo bo‘lishi mumkinligini eslatib bugun ham mayin, iliq nur sochib turibdi. Bu nur go‘zallikning qayerda bo‘lmasin namoyon bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Faqatgina kimdir uni u yerga joylashtirmoqchi bo‘lsa kifoya.
Toshkent uylaridagi ko‘plab mozaikalar shikastlangan yoki o’chib ketgan – vaqt, ta’mirlash va reklama bannerlari betonni ham, san’atni ham ayamaydi. Biroq, bugungi kunda ham hayratlanarli asarlarni ko‘pini topish mumkin. Agar siz Tashkent Mosaics ilovasidan foydalansangiz va kamerani al-Beruniy yoki kosmonavtga qaratsangiz, ular tom ma’noda jonlanadi – mozaikalar porlashda davom etadigan muqobil voqelikka ega bo’ladi.
Lokatsiyalar:
- Kosmonavt – Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi, 30-uy
- Beruniy – Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 69/2 uy
- “Yulduzning tug‘ilishi” – Bektemir tumani, Suvsoz mavzesi, 49-uy
Ish vaqti: 24 soat
Kirish narxi: bepul
Bu nomsiz kosmik sayyohning yo‘nalishi qayerga olib borarkan? Bu sirligicha qolmoqda. Axir, hatto shoh Etananing taqdiri ham munozarali: u qulab tushganmi yoki muqaddas mukofot bilan qaytganmi? Hamma parvozlar ham muvaffaqiyatli bo’lavermaydi, lekin bu orzu qilishdan voz kechishga sabab bo’la olmaydi.














