Minoralar izidan borish nima uchun kerak? G‘isht va naqshlar, minora etagidagi sukunat va azon sadolarida aks etayotgan tarix ovozini tinglamoq uchun. Bu yo‘lko‘rsatkich shunchaki ro‘yxat emas, balki madaniy xotira xaritasidir. Unda har bir minora katta kitobning bir sahifasi kabidir. Markaziy Osiyoda minoralar nafaqat namozga chaqirish, balki mayoq, qorovul minorasi, hokimiyat ramzi vazifasini ham bajargan. Shuningdek, ular me’moriy rivojlanish, estetik jasorat va muhandislik dahosining ifodasiga aylangan.

O‘zbekiston

Minorai Kalon (Buxoro)

image
Qurilgan vaqti: 1127
Balandligi: 46,5 metr
Buyurtmachi: Arslonxon - G‘arbiy Qoraxoniylar davlatining hukmdori. Uning hukmronligi davrida Buxoroda shahar devorlari, masjidlar va minoralar barpo etilgan.
Me’moriy xususiyatlari
Minora pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, asosida diametri 9 metr, yuqorisida 6 metr bo‘lgan dumaloq shaklga ega. Uning sirti 12 ta geometrik naqshli kamar bilan bezatilgan, ularning bir qismi kufiy yozuvlarini o‘z ichiga oladi. Minorada qurilish sanasi – 1127-yil va me’morning ismi – Bako saqlanib qolgan.
Qanday borish mumkin
Toshkentdan Buxoroga Afrosiyob tezyurar poyezdi bilan (taxminan 4 soat), firma poyezdi bilan (6 soat) yoki samolyotda (1 soatdan 1,5 soatgacha) borish mumkin. Minora shaharning tarixiy markazida joylashgan bo‘lib, asosiy diqqatga sazovor joylardan piyoda yurish masofasida turadi.
Vobkent minorasi (Buxoro viloyati)

image
Qurilgan vaqti: 1198-1199
Balandligi: 40,3 metr
Buyurtmachi: Burhoniddin Abdulaziz II - Buxoro sadri
Me’moriy xususiyatlari
Minora pishiq g‘ishtdan qurilib, o‘ymakor terrakota va sirlangan sopol kamarlar bilan bezatilgan. U nozik shakli va naqshinkor bezaklarining nafisligi bilan ajralib turadi. Uning yuzasida hukmdorning ismi bitilgan kufiу yozuv mavjud.
Qanday borish mumkin
Minora Buxorodan taxminan 28 kilometr shimolda joylashgan Vobkent shahrida. Buxorodan taksi yoki avtobusda borish qulay. Bir kunlik sayohat uchun mos keladi.
Kaltaminor (Xiva)

image
Qurilgan vaqti: 1852-yil (qurilish 1855-yilda to‘xtatilgan)
Balandligi: 29 metr
Buyurtmachi: Muhammad Aminxon - Sharqdagi barcha minoralardan baland qurishga intilgan Xorazm hukmdori
Me’moriy xususiyatlari
Kaltaminor dunyodagi eng baland minora bo‘lishi mo‘ljallangan, ammo xon vafotidan so‘ng qurilish yakunlanmay qolgan. Uning keng asosi (14,2 metr) va silindrsimon shakli keskin uzilgan - minora baquvvat va “cho‘rt kesilgan” ko‘rinishga ega. Ko‘k va moviy rangdagi koshinlar bilan naqshlangan. Ichan qal’aning eng ko‘zga tashlanadigan inshootlaridan biri.
Islomxo‘ja minorasi (Xiva)

image
Qurilgan vaqti: 1908-1910
Balandligi: 56,6 metr
Buyurtmachi: Islomxo‘ja - Xiva xoni Asfandiyorning vaziri, islohotchi va homiy
Me’moriy xususiyatlari
Xivaning eng baland minorasi. Ingichka, nafis, oq-havorang tusda silliqlangan g‘isht va sirlangan koshinlarning almashinib keluvchi qatorlari bilan bezatilgan. Cho‘qqisiga 175 ta zinali aylanma zina olib chiqadi. Kuzatuv maydoni mavjud. Chiqish uchun chipta narxi taxminan 100 000 so‘m.
Qanday borish mumkin
Toshkentdan - to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezdda Xivagacha (yo‘lda taxminan 14 soat). Temir yo‘l bekati Ichan qal’a devorlaridan taxminan 20 daqiqalik piyoda masofada joylashgan.
Boshqa variant - Urganchga samolyotda uchib, u yerdan taksi yoki... trolleybusda borish. Urganch va Xiva o‘rtasida shaharlararo trolleybus qatnaydı va biz uni o‘ziga xos sayohat uchun alohida tavsiya etamiz.
Jarqo‘rg‘on minorasi (Surxondaryo viloyati)

image
Qurilgan vaqti: 1108-1109-yillar
Balandligi: dastlab taxminan 40 metr (bugungi kungacha 21,6 metri saqlanib qolgan).
Buyurtmachi: Sulton Ahmad Sanjar - Saljuqiylar imperiyasi hukmdori bo‘lib, uning davrida mintaqada me’morchilik va diniy inshootlar qurilishi jadal rivojlangan.
Me’moriy xususiyatlari
Markaziy Osiyodagi eng noyob minoralardan biri. Uning silindrsimon shakli ravoqlar bilan birlashtirilgan 16 ta yarim ustun ko‘rinishida bo‘lib, minora go‘yo “buklangan”dek taassurot uyg‘otadi. Bunday tuzilma mintaqada boshqa uchramaydi. Toshlardan birida me’morning ismi - Seraxslik Ali ibn Muhammad yozib qoldirilgan.
Qanday borish mumkin
Minora Jarqo‘rg‘on yaqinidagi Minor qishlog‘ida, Termizdan taxminan 60 kilometr narida joylashgan. Termizga Toshkentdan samolyot yoki poyezdda yetib borish mumkin.
Bundan tashqari, Toshkentdan kelayotgan poyezd Jarqo‘rg‘on bekatida to‘xtaydi, bu esa sayohatni yanada qulaylashtiradi. U yerdan minoraga taksi orqali borish mumkin. Bu joy gavjum emas, shuning uchun xotirjam aylanish va olomon bo‘lmagan holda surat olish uchun qulay.
* * *

Qirg‘iziston

O‘zgan minorasi

image
Qurilgan vaqti: XI asr.
Balandligi: dastlab, taxminan 45 metr, hozir esa - 27,5 metr.
Buyurtmachi: Qoraxoniylar sulolasi - ularning davrida O‘zgan Sharqiy Turkistondagi eng muhim markazlardan biri bo‘lgan hukmdorlar. Minora Qoraxoniy zodagonlari dafn etilgan maqbaralar majmuasi tarkibiga kirgan.
Me’moriy xususiyatlari
Minora pishiq g‘ishtdan qurilgan va uch qismga bo‘lingan: ulkan to‘rtburchak poydevor, sakkiz qirrali asos va yuqoriga qarab ingichkalashib boruvchi silindrsimon minora. Yuzasi yaxlit g‘ishtli naqsh bilan qoplangan: chuqur terish usulida bajarilgan 11 ta hoshiya mavjud.
Ichkarida 53 ta zinapoyali aylanma zinapoya bor, kirish eshigi esa yerdan taxminan ikki metr balandlikda joylashgan.
1920-yillarda gumbazi buzilgan va keyinchalik u fonar shaklida qayta tiklangan - bunday tugallangan ko‘rinish Farg‘ona vodiysida ko‘proq uchraydi.
Qanday borish mumkin
O‘zgan O‘shdan atigi 56 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u yerga uchib borish qulay: shaharda xalqaro aeroport mavjud.
Keyin 105-raqamli marshrutka yoki taksi. Yo‘l bir soatdan sal ko‘proq vaqt oladi.
Minora O‘zgan shahrining aynan markazida, Qoraxoniylar maqbaralari tarixiy-me’moriy majmuasi hududida joylashgan.
Bo‘ron minorasi (Chu vodiysi)

image
Qurilgan vaqti: X-XI asrlar
Balandligi: dastlab - 45 metr atrofida, hozir - 21,7 metr.
Buyurtmachi: Qoraxoniylar sulolasi - minora Qoraxoniylar davlatining poytaxti bo‘lgan qadimgi Bolasog‘un shahridagi shahar jome masjidining bir qismi bo‘lgan.
Me’moriy xususiyatlari
Minora yerdan o‘sib chiqqanga o‘xshaydi: pishiq g‘isht, oddiy geometriya, sakkiz qirrali poydevor. Dastlab uning balandligi 45 metr edi - bugungi kunda uning yarmidan sal ko‘prog‘i saqlanib qolgan, ammo bu ham binoning ulug‘vorligini his qilish uchun yetarli.
Ichkarida aylanma zina bo‘lib, undan yuqoriga chiqish mumkin.
Atrofda “toshlar bog‘i”: balballar, turkiy qabrtoshlar, barelef parchalari va o‘yma plitalar. Bularning hammasi Qoraxoniylar hukmronlik qilgan, o‘z odamlarini qurgan, dafn etgan, yo‘q bo‘lib ketgan qadimgi Bolasog‘unning qoldiqlaridir.
Qanday borish mumkin
Bishkekdan - 80 kilometr sharqda, To’qmoq shahrigacha. U yerdan minoragacha atigi 12 kilometr. To’qmoqqacha marshrutka bilan borish mumkin, keyin esa - taksida yoki yo‘l-yo‘lakay.
Yo‘l bir soatdan sal ko‘proq vaqt oladi. Hududga kirish narxi 60 qirg’iz so’mi. Bu yerda minora, mini-muzey va ming yil avvalgidek shovqin solayotgan dasht bor.
* * *

Tojikiston

Ayniy minoralari (So‘g‘d viloyati)

image
Qurilish vaqti: IX asr
Balandligi: to‘liq saqlanmagan
Buyurtmachi: ehtimol, Sug‘dning ilk islom zodagonlaridan bo‘lgan mahalliy hukmdorlar - aniq ismlari ma’lum emas.
Me’moriy xususiyatlari
Ayniyning loy suvog‘i quyoshda qotgan minoralari aslida minora emas, balki xotira timsollaridir. Qadimgi shakllardan faqat bo‘laklargina qolgan: vaqt yemirib tashlagan silindrlar, loydagi yoriqlar, ammo bular ham his etish uchun yetarli - oldingizda butun mintaqadagi eng qadimiy minoralardan biri turibdi.
Ular islom dini tog‘li qishloqlarga endigina kirib kelayotgan paytda qurilgan, shu bois ularda hashamat yo‘q - faqat loy, shakl va sukunat mavjud. Haqiqiy vayronalar, ularda hali ham o‘tmish nafasi sezilib turadi.
Qanday borish mumkin
Ayniy tumani Dushanbe va Xo‘jand oralig‘ida joylashgan.
Dushanbedan Dushanbe-Xo‘jand yo‘li bo‘ylab taxminan 140 kilometr. Mashina, avtobus yoki marshrutka orqali borish mumkin. Xo‘janddan taxminan 177 kilometr uzoqlikda.
So‘ngra mahalliy transport yoki tog‘li qishloqlarga piyoda borish mumkin. Mahalliy yo‘l ko‘rsatuvchi yoki Ayniydagi taksi haydovchisi bilan oldindan kelishib olgan ma’qul. Aloqa zaif, sayyohlar deyarli yo‘q - lekin aynan shu narsa sayohatni ahamiyatli qiladi.
* * *

Qozog‘iston

Xizr minorasi (Chimkent)

image
Qurilgan vaqti: XVIII-XIX asrlar
Balandligi: taxminan 10,5 metr
Buyurtmachi: noma’lum - minora islom an’anasida yo‘lovchilar va musofirlarning homiysi hisoblangan Xizr payg‘ambarga bag‘ishlangan masjidning bir qismi bo‘lgan.
Me’moriy xususiyatlari
Kichik, g‘ishtdan qurilgan, ko‘chadan deyarli ko‘rinmaydigan Xizr minorasi mo‘jiza tufayli saqlanib qolgan. Uning tuzilishi ortiqcha bezaklarsiz oddiy silindrik shaklda terilgan. Sobiq masjiddan faqat minoraning o‘zi va mahalliy aholining aytishicha, bir vaqtlar diniy kitoblar yashirilgan yer osti xonasi qolgan.
Qanday borish mumkin
Chimkent - xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzaliga ega yirik transport tugunidur. Bu yerga Toshkent, Olmaota va mintaqadagi boshqa shaharlardan poyezd bilan kelish oson.
Chimkent markazidan Xizr minorasi joylashgan Sayram tumaniga taksi yoki jamoat transportida borish mumkin.
* * *

Turkmaniston

Ko’hna Urganch minoralari

Qutlug‘ Temur minorasi

image
Qurilgan vaqti: 1320-1330
Balandligi: taxminan 60 metr - Markaziy Osiyodagi eng baland o‘rta asr minorasi
Buyurtmachi: Qutlug‘ Temur - Oltin O‘rdaning Xorazmdagi noibi, uning davrida Ko’hna Urganch shahri me’morchilik rivojining eng yuqori cho‘qqisiga erishgan.
Me’moriy xususiyatlari
Bu minora nafaqat baland, balki ignadek ingichka bo‘lib, go‘yo osmonga sanchilib turgandek ko‘rinadi. U pishiq g‘ishtdan qurilgan, naqshli kamarlar va sirli koshinlar bilan bezatilgan.
Ichida aylanma zina mavjud: 145 ta pog‘ona tepaga olib chiqadi. Hozirda yuqoriga chiqish cheklangan, ammo hatto yerdan turib ham uning ulug‘vorligi kishini hayratga soladi: minora xarobalar uzra yo‘qolgan saltanatning belgisi kabi qad ko‘targan.
Qanday borish mumkin
Ashxoboddan Dashovuz shahriga samolyotda (taxminan 50 daqiqa), u yerdan Ko’hna Urganchgacha esa taksi yoki mashinada 94 kilometr masofani bosib o‘tish lozim.
Boshqa yo‘l - Xorazm viloyatidagi “Shovot” chegara nazorat punkti orqali o‘tish. Pasport nazoratidan so‘ng Ko’hna Urganch tomon (chegaradan taxminan 20 kilometr uzoqlikda) taksida yo‘l olish mumkin.
Shaharning o‘zi ochiq osmon ostidagi muzeydir. Minora uzoqdan ko‘zga tashlanadi.
Dehiston minoralari (Bolqon viloyati)

image
Qurilgan vaqti: XII asr boshlari.
Balandligi: noma’lum (qisman saqlangan).
Buyurtmachi: ehtimol, Dehiston hukmdori Abu Ja’far Ahmad - ism minoralardan biridagi yozuvlarda tilga olingan.
Me’moriy xususiyatlari
G‘arbiy Turkmaniston kengliklarida, yarim cho‘l o‘rtasida ikkita minora - shimoliy va janubiy minoralar bor. Ularning tanasi quyoshda kuygan, g‘ishtdan yasalgan geometrik naqshlar va kufiy yozuvlari bilan qoplangan.
Ular masjidsiz, devorsiz, shaharsiz turibdi - bir paytlar gavjum bo‘lgan Dehistondan faqat minoralar qolgan, ular bilan shamol unutilish tilida gaplashadi.
Shimoliy minora Abu Ja’far Ahmadga tegishli - uning nomi qisman sopol tasmada saqlanib qolgan. Ikkala minora ham pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, bezak detallarini faqat yaqindan ko‘rish mumkin. Bu yerda deyarli mutlaq jimlik.
Qanday borish mumkin
Dehiston xarobalariga Turkmanboshi shahri orqali borish mumkin - Ashxoboddan u yerga muntazam reyslar amalga oshiriladi. Turkmanboshidan yo‘l Madau qishlog‘iga olib boradi, u yerdan esa dasht  bo‘ylab yana 7 kilometrga yaqin yo‘l o‘tadi.
Muqobil yo‘nalish - Bolqonoboddan shosse bo‘ylab Madauga, keyin yana yo‘l qurilmagan joylar bo‘ylab harakatlanish.
Bu joylarda navigatorlar vaqti-vaqti bilan ishlaydi, ko‘rsatkichlar deyarli yo‘q, shuning uchun mahalliy haydovchi yoki gid bilan yurgan ma’qul. Ammo siz minoralar orasiga kirganingizda, sizni faqat shamol, xarobalar va bo‘shliq qurshab oladi.
* * *
Markaziy Osiyo minoralari xotira minoralaridir. Ular imperiyalar, zilzilalar va unutilishdan keyin ham o‘z joylarida qolishdi. Bu joylardan o‘tishning o‘zi kifoya - va siz nafaqat islomiy me’morchilik, balki mintaqaning madaniy qatlamlari ko‘lamini his qilasiz. O‘zingiz bilan xarita, durbin, qulay poyabzal va biroz sabr-toqat olishni unutmang. Ba’zan minoraga borish qiyin, lekin  bu hech qachon foydasiz bo‘lmaydi.