O‘zbekistonda choyxo‘rlik madaniyati qanday paydo bo‘lgan?
O‘zbekiston dunyodagi eng “choyxo‘r” mamlakatlardan biri hisoblanadi. Euromonitor International ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining 99,6 foizi qahvaga nisbatan choyni afzal ko‘radi. O‘zbekistonda choy an’anaviy ichimlik sanalsa-da, choy ichish madaniyati bu yerda nisbatan yaqin vaqt ichida shakllangan.
Rossiyalik antropolog va tarixchi Sergey Abashinning fikricha, choy XIX asr boshlaridayoq Turkiston hayotining ajralmas qismiga aylangan. Xitoyda ishlab chiqarilgan plitka choy Qashqar orqali Qo‘qonga faol ravishda olib kirilgan va butun mintaqa bo‘ylab tez tarqalgan. Ichimlik shunchalik ommalashganki, 1829-yili xitoyliklar chegarani yopib qo‘yganida, qo‘qonlik savdogarlar uni kuch bilan ochishga uringan edilar.
Choy madaniyatining tarqalishida Sharqiy Turkistondan kelgan qashqarliklar (keyinchalik uyg‘urlar deb atalgan) alohida o‘rin tutgan. Ular ko‘chmanchi g‘arbiy mo‘g‘ullar bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Aynan qashqarliklar mintaqaning o‘troq aholisi orasida qalmoq choyining o‘ziga xos turini joriy etishgan. Bu choyga tuz, sut, qaymoq yoki eritilgan yog‘ qo‘shish odat tusiga kirgan. Ba’zan esa unga qo‘y yog‘idan tayyorlangan jiz ham solingan.
XIX asr — XX asr boshlarida qashqarliklarning migratsiyasi va ko‘chmanchilarning umumiy o‘troqlashuvi mahalliy aholining, ayniqsa Farg‘ona vodiysi aholisining didiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Vaqt o‘tishi bilan sut, yog‘ va tuz qo‘shilgan qalmiq choyi o‘rnini oddiy damlama choy egallay boshladi. Bu jarayon Rossiyadan samovar kirib kelganidan keyin tezlashdi, chunki samovar choy damlashni ancha osonlashtirdi va tezlashtirdi.
Qiziqarli jihati shundaki, XX asr boshlarida choyxonachilar o‘z nizom va marosimlari bilan alohida kasbiy gildiyaga birlashishga urinishgan. Abashinning yozishicha, o‘sha davrda hunarmandchilikni “kasbiylashtirish” uchun uning qadimiy ildizlarini isbotlash lozim bo‘lgan.
Samarqanddagi choyxona. Foto: Piter Tirni
“Choyxona egalari” nizomida quyidagilar so‘zlar yozilgan edi: “Bir kuni Muhammad payg‘ambar sahobalari bilan “kofirlarga” qarshi urushga otlandi. Sahroda odamlarni suvsizlik qiynay boshladi va Alloh payg‘ambarning duosi ila suv berdi, ammo u ichishga yaroqsiz edi. Shunda Muhammadning huzuriga boshqa payg‘ambar Dovud (Injilda David) kelib, unga samovar shaklidagi toshni ko‘rsatdi. Shu samovar-tosh yordamida jangchilar suv qaynatib, tashnaliklarini qondirdilar”.
Choyxona madaniy fenomen sifatida
An’anaviy choyxonani ko‘plab o‘zbekistonlik shoirlar madh etishgan, G‘afur G‘ulomdan to Aleksandr Faynbergga qadar. Uning O‘rta Osiyoda muloqot madaniyatiga, ijtimoiy ongning shakllanishiga, hatto fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga ko‘rsatgan ta’sirini baholash mushkul. Choyxona musulmon Sharqidagi birinchi ijtimoiy-maishiy muassasa, ayni paytda, tarmoqlanishning eng qadimgi shakli bo‘lib qolgan. Bu yerda nafaqat uzoq vaqt davomida va maza qilib choy ichishgan, balki yangiliklarni muhokama qilishgan, savdo bitimlari haqida kelishib olishgan, uy qurishdan tortib to‘y va ma’rakalarni o‘tkazishgacha bo‘lgan oilaviy masalalarni hal qilishgan.
Bu yerda baxshilar to‘planib, o‘zbek shashmaqomlari va tojik maqomlari yangragan. Ba’zida choyxona kurash maydoniga aylanib, hatto maxsus “kurash” choyxonalari ham bo‘lgan, u yerda polvonlar kuch va chaqqonlikda bellashganlar. Gohida esa u an’anaviy cholg‘u asboblari sadolari bilan to‘lgan norasmiy musiqiy majlisga aylangan. Masalan, XIX asrning ikkinchi yarmida Xorazm choyxonalarida eng hurmatli mehmon Polvon-Niyoz bo‘lgan. U bastakor, baxshi, sozanda va xonanda iste’dodlarini o‘zida mujassamlashtirgan shaxs edi.
Turli davrlarda choyxona o‘ziga xos qiziqishlar bo‘yicha klub vazifasini o‘tagan.
Choyxonalarda askiyabozlar — so‘z ustalarining musobaqalari ham o‘tkazilardi. So‘z ustalarining bellashuvini choy quygan kishi boshlab bergan. So‘ngra u piyolani keyingi mehmonga uzatgan, shu bilan birga so‘z bahsini davom ettirish huquqini ham topshirgan.
Choyxonalardagi kichik olamda O‘zbekistonning eng taniqli rassomlari o‘zlarining eng sara asarlarini yaratgan. Moskvada joylashgan Pushkin muzeyi metodisti Galina Abbasovaning ta’kidlashicha, choyxona timsoli O‘rta Osiyo tasviriy san’atidagi eng keng tarqalgan mavzulardan biri hisoblanadi... Sovet O‘zbekistoni tasviriy san’at maktabining asoschilaridan biri hisoblangan Aleksandr Volkov ushbu kichik olamga bag‘ishlab iliq ranglarda ko‘plab asarlar yaratgan. Bu mavzuga Aleksandr Nikolayev, Mixail Kurzin, Bahrom Hamdamiy kabi rassomlar ham murojaat qilishgan.
Aleksandr Volkov, "Lenin portreti osib qo'yilgan choyxona"
Choyxona palovidan choyxona mafkurasigacha
Ruslarning Turkistondagi mustamlaka ma’muriyati mahalliy aholining kundalik hayotiga aralashmaslikka harakat qilgan bo‘lsa, 1917-yildan keyin mintaqada hokimiyatni egallagan bolsheviklar aholining ijtimoiylashuvi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan choyxonalarni e’tiborsiz qoldira olmagan. 1920-yillardagi rasmiy hujjatlarda choyxonalarning roli quyidagicha baholangan edi:
Choyxonalar O‘rta Osiyo o‘troq aholisi hayotida g‘oyat muhim o‘rin egallagan. Har bir qishloqda mavjud bo‘lgan choyxona jamoatchilik fikrini shakllantiradigan o‘ziga xos klub vazifasini o‘taydi. Shu bois, madaniy-ma’rifiy maqsadlarda qizil choyxonalarning keng tarmog‘ini tashkil etish qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi ayon.
Bu ko‘rsatmaga amal qilib, yangi hokimiyat “qizil choyxonalarning keng tarmog‘I”ni barpo etishga kirishdi. Endi bu joylar shunchaki dam olish maskanlari emas, balki ommaviy madaniyat, targ‘ibot va ma’rifat markazlariga aylandi. Siyosiy shiorlar paydo bo‘ldi, devorlarga sovet rahbarlarining suratlari ilindi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat choy ichish, balki yangi gazetalar, risolalar o‘qish, ma’ruzalar tinglash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ba’zi choyxonalar negizida teng huquqlilik g‘oyalarini ilgari suruvchi ayollar klublari tashkil etildi. Qizil choyxonalar qishloqda jamoalashtirish jarayoniga ko‘maklashishi, yangi mafkurani singdirishi va “ongli” fuqaroni shakllantirishga xizmat qilishi kerak edi.
1930-yillar boshidagi matbuot “qizil choyxonalar, qizil o‘tovlar, qizil chodirlar”ning ahamiyatiga faol ravishda e’tibor qaratdi: “...Ushbu yangi turdagi madaniy-ma’rifiy muassasalar madaniyatning yangi cho‘qqilarini zabt etish uchun boshlang‘ich poydevor yaratdi. Xususan, qishloq joylarida xalqni ma’rifatga jalb etishda ularning o‘rni katta”.
Amerikalik tadqiqotchi Kler Ruzin yozishicha, “joylardagi” haqiqiy ahvol gazetalarda tasvirlanganidan farq qilardi. Bir komsomol faolining guvohlik berishicha, O‘zbekistondagi qizil choyxonalarga yuborilgan mafkuraviy adabiyotlarga hech qanday qiziqish bildirilmagan. Marksizm-leninizm klassiklarining kitoblari ba’zan arqon bilan shiftga osib qo‘yilgan: xohlagan paytda qo‘l uzatib, u yerdan bir varaqni yulib olish va qo‘lni artish yoki ovqatni o‘rash uchun ishlatish mumkin bo‘lgan.
O'rdadagi qizil choyxona, Toshkent. Foto: "Toshkent haqida maktublar"
Qizil choyxona mehmoni bu yerga faqat dam olish uchungina kelmasligi kerak edi - g‘oyaviy mazmundan xoli bo‘lgan oddiy choyxo‘rlik “behuda” va “g‘oyasiz” deb qoralangan. Shunday qilib, ilk sovet davrida an’anaviy choyxona siyosiy tarbiya vositasiga aylantirilgan.
Vaqt o‘tishi bilan choyxonalarga bo‘lgan munosabat salbiy tomonga o‘zgara boshladi. 1960-yillardayoq sovet matbuotida ular eskirgan, “feudal” urf-odatlarning timsoli sifatida tasvirlanardi. Gazetalar va “Mushtum” hajviy jurnalida choyxonaning “bekorchilar va ezmalar to‘planadigan joy” degan tanqidiy qiyofasi shakllandi. O‘sha davr karikaturalari erkaklarning choyxonada vaqt o‘tkazish odatini masxara qilardi. “Mushtum”da ayollar dalada og‘ir mehnat qilayotgan bir paytda, choy ichib, sо’rida yonboshlab yotishni xush ko‘radigan semiz erkaklarning karikaturalari chop etilardi.
Shunday bo‘lsa-da, choyxona asl mohiyatini saqlab qolgan: u jonli ijtimoiy organizm, xalq an’analarining xazinasi bo‘lib kelmoqda. Yuz yil avvalgidek, choyxonada odamlar hamon bir-birlariga choy quyib, shoshilmay kundalik hayot haqida suhbatlashadi. Piyolani yarmigacha to‘ldirish odat tusiga kirgan — bu hurmat belgisi bo‘lib, sovigan choyni tezroq ichish imkonini beradi. Piyolani to‘ldirib quyish esa odobsizlik hisoblanadi: bu odamning faqat choy ichishga kelganini anglatadi — demak, u qiziqarli suhbatdosh bo‘lishga noloyiq, deb qaraladi.