Mazkur maqolada biz ko‘tarayotgan mavzu juda nozik yoki murakkab ham emas, balki ko‘pincha e’tibordan chetda qolayotgan jihat. Hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ajratish, ular uchun jamiyat ichida alohida guruhlarni tashkil etish tamoyili tarqalgan bo‘lib, bu integratsiya va ushbu holatni qabul qilishning mutlaqo teskarisidir. Bu satr ustini bo‘r bilan ajratib, taʼkidlab chiziq tortishning aslo keragi yo‘q hamda turli guruh vakillari uchun mos bo‘la oladigan muhitni yaratish lozim.
3-dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni, lekin bir jihatga albatta, aniqlik kiritib o‘tish zarur: bu bayram emas, balki mavjud holatni anglash, hurmatni shakllantirish va axloqiy mas’uliyat kuni. Bu ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan insonlarni e’tirof etishga chaqiruvchi sana.
Nogironligi bo‘lgan insonlarga mehr-shafqat obyektlari va “qiyinchiliklarni yengib o‘tayotgan” timsol sifatida qarash yoki ularning taqdir hikoyalaridan ilhomlantiruvchi syujetlar yaratish kerak emas. Ushbu kun “hech nimaga qaramasdan, yashashda davom etayotgan” insonlar bilan faxrlanish kuni emas, balki jamiyatning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan sana: yaʼni ularga madaniy sohada bemalol ijod qilish huquqini berish, ishlash va cheklovlarsiz o‘zini namoyon eta olishi uchun teng imkoniyatli sharoitlar yaratish.
Aynan shu sababli ushbu materialda muhokama qilinadigan inklyuziv ijodiy tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. Ular insonlarga madaniy hamjamiyatning “alohida” mehmonlari sifatida emas, balki mualliflari, yaratuvchilari, aktyorlari, rassomlari, fotosuratchilari, dizaynerlari sifatida uning bir qismi bo‘lishga imkon beradi. Bu shaxslarning hissasini eʼtirof etish uchun maxsus so‘z yoki kun joriy etilishi shart emas.
3-dekabrni biz ma’lum ma’noda xulosalar, hisobotlar kuni sifatida ko‘rib chiqamiz va o‘zimizga shunday savollarni beramiz: inklyuziya sohasida amalga oshirilayotgan barcha ishlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaratilganmi? Yilda 365 kun ijod qilish imkonini beruvchi barqaror makonlar bormi? Shahar muhiti qanchalik moslashuvchan? Va eng muhimi, ushbu kun bizga inklyuziya faqat mazkur sana bilan cheklanib qolmasligini ham eslatib turadi. Aslida bu har kunlik ishimiz, bugungi sana esa doim meʼyor deb hisoblanishi zarur bo‘lgan haqiqatlarni taʼkidlab ko‘rsatadi, yaʼni hech kim chizib qo‘yilgan chegara ortidan qolib ketmaydigan makon yaratish va jamiyatni shakllantirish masalasi.
Hozir O‘zbekistonda inklyuziya madaniyatini rivojlantirish jarayoni kechmoqda. O‘n yil oldin mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan ijodiy maydonlar deyarli yo‘q edi. Madaniyat ko‘pchilik nazdida ochiq edi, lekin barcha uchun birdek emas: pandussiz binolar, moslashtirilmagan ta’lim dasturlari, ishtirokchilarning xilma-xilligi bo‘lmagan madaniy loyihalar. 
Muttasil ravishda eʼtibordan chetda qolish universal imkoniyatlarga ega bo‘lmagan insonlarni cheklab qo‘yardi. Bugun vaziyat sekin-asta o‘zgarib boryapti va ushbu o‘zgarishlar yangi shaklni yaratadi.
* * *

Sharoit Plus

Sharoit Plus allaqachon ijtimoiy ko‘mak vakolatini kengaytirib, yangi madaniy muhitni shakllantirishning muhim qismiga aylangan tashkilotdir. Sharoit Plus asosan o‘zining huquqiy, ta’lim va ijtimoiy loyihalari bilan tanilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda aynan nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniyati, ijodi va o‘zini namoyon etishiga qo‘shayotgan hissasi bilan alohida ko‘zga tashlanmoqda.
Sharoit Plus yo‘nalishlaridan biri — hayotida ijodkorlik birinchi o‘ringa chiqadigan insonlar uchun sharoit yaratish. Tashkilotning yangi ofislari va markazlarida ustaxonalar, o‘quv dasturlari, san’at yaratish makonlari paydo bo‘lmoqda. Bu yerda bezak-amaliy san’at, dizayn, hunarmandchilik, mualliflik buyumlarini yaratish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi. Odamlar hunar o‘rganadi, mahsulotlarini yaratadi, ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashadi, o‘z ishlarini sotib, pul ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Faoliyatning muhim tomoni tashkilot atrofida o‘sib borayotgan ijodiy hamjamiyatdir. Sharoit Plus muntazam ravishda mahorat darslari, uchrashuvlar, har xil mavzudagi festivallar o‘tkazadi, tajriba almashish uchun sharoit yaratadi. Ishtirokchilar tomonidan yaratilgan mini-galereyalar, mahsulotlar ko‘rgazmalari, san’at loyihalari paydo bo‘lyapti – ularning aksariyati ijodiy studiyalar, dizaynerlar, fotosuratchilar, hunarmandlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Sharoit Plus o‘zini madaniy institut sifatida ko‘rsatmasa-da, vaholanki aynan ular O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib madaniyat ham huquq ekanligini, demak, muhit ham shunga yarasha qulay bo‘lishi kerakligi haqida gapira boshladilar.

International Inclusive Hub (Toshkent)

International Inclusive Hub – o‘ziga jalb etuvchi markazlardan biri. Bu makon nafaqat o‘quv maydoni, balki ekotizim sifatida o‘ylab topilgan. Bu yerda yosh rassomlar grafik loyihalar ustida ishlaydi, rivojlanishida o‘ziga xosligi bo‘lgan aktyorlar spektakllarda rol o‘ynaydi, fotosuratchilar kamera va yorug‘lik bilan ishlashni o‘rganadi, musiqachilar esa o‘z kompozitsiyalarini yaratadi. Bularning barchasi “ular uchun” emas, balki ular bilan birga sodir bo‘ladi, bu esa madaniy jarayonning tabiatini tubdan o‘zgartiradi.
Bunday markazlar ijod faqat imkoniyati borlar uchungina emasligini eslatib turadi. U hissiy, badiiy, kasbiy tomonlama tiklanish vositasi bo‘lishi mumkin. Va ko‘plab ishtirokchilar uchun bu jarayon tashqi dunyo bilan muloqot qilish usuli, tengma-teng gaplashish imkoniyatiga aylanadi.
image

Zamin Creative

Viloyatlarda ham o‘z makonlari paydo bo‘lmoqda. Marg‘ilon, Qarshi, Andijon, Nukusda Zamin Creative nomli inklyuziv ijodiy studiyalar ochilmoqda.
Bu yerda professional kameralarni qo‘lga olgan eshitish qobiliyati cheklangan o‘smirlar yoki teatrlashtirilgan mini-spektakllarni yaratayotgan harakatlanishi cheklangan yosh ayollarni uchratish mumkin. Ularning mashg‘ulotlari kelajakdagi laboratoriyalarni eslatadi, u yerda odamlar “hamma kabi bo‘lishni” o‘rganmaydilar, balki resurs sifatida o‘z imkoniyatlarini ochadilar. Bu ustaxonalarda ko‘pincha professionalligi jihatidan hayratga soladigan asarlar paydo bo‘ladi: yangi mazmun kasb etadigan fotosuratlar, boshdan kechirgan tajriba haqidagi rasmlar, yolg‘izlik, o‘zini qabul qilish va chegaralar haqidagi samimiy interaktiv namoyishlar.
Bir vaqtning o‘zida poytaxtda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tashkil etilgan aktyorlik studiyasi faoliyat yuritadi. Uning g‘oyasi oddiy: teatr motorikasidan qat’i nazar, har bir kishi sahnaga chiqa oladigan maydonga aylanishi mumkin. Bu devorlar ichida san’atkorlar so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan his-tuyg‘ularni, to‘qnashuvlarni, e’tiborga tushish istagini ifodalashni o‘rganadilar.
image
* * *

Har yillik “Ezgu ishlar vaqti” forumi va ayrim noyob tashabbuslardan namunalar

O‘zbekistondagi inklyuziv madaniy va ijtimoiy hayot muntazam voqealar atrofida tobora sezilarli darajada shakllanmoqda. Bu voqealar mutaxassislar, ota-onalar, o‘qituvchilar, faollar va nogironlarning o‘zlaridan iborat jamiyatni hosil qilyapti.
Eng namunali misollardan biri – 2025-yil oktyabr oyida to‘rtinchi marta o‘tkazilgan “Ezgu ishlar vaqti” inklyuziya forumidir.
Forum pedagoglar, moslashtiruvchi jismoniy tarbiya murabbiylari, psixologlar hamda Daun sindromi, autizm, serebral miya falaji, ko‘rish qobiliyatining buzilishi va boshqa nozologiyalari bo‘lgan bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni birlashtiradi. 
Mahorat darslari, ochiq darslar, uslubiyatlar namoyishi va amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarga nafaqat tajriba almashish, balki inklyuziv ta’lim va moslashuvchi jismoniy tarbiya zamonaviy ta’lim normasining bir qismi sifatida qaraladigan umumiy kasbiy maydonni shakllantirish imkonini beradi.
image
Shu bilan birga, mamlakatda boshqa muntazam tashabbuslar ham paydo bo‘lmoqda, ular xuddi shu mantiq bo‘yicha ishlaydi. Masalan, inklyuziv san’at bo‘yicha forum, “Unlimited Art Initiative” tashabbusi, Boris Pavlovichning “Ilhom” teatrida sahnalashtirilgan “Hayot mo‘jizaga o‘xshaydi” asari, shuningdek, madaniyat muassasalari xodimlari uchun o‘quv dasturlarini o‘z ichiga olgan ko‘rgazmalar, ijodiy laboratoriyalar. Ular ham aniq bir makonlarga bog‘lanmagan, ammo mavzuga qaytish, bilimlarni chuqurlashtirish, yangi ishtirokchilarni jalb qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yangi ijodiy loyihalarini namoyish etish imkoniyatini yaratadi.
Bularning barchasi muhim qonuniyatni shakllantiradi, ya’ni voqealarning tizimliligi inklyuziyaning asta-sekin barqaror madaniy va ta’lim siyosati darajasiga o‘tishiga imkon beradi. Bunday forumlar yagona hisoblanmaydi, ular kasbiy muhit shakllanadigan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishtiroki jamiyatning me’yordagi madaniy hayotining bir qismi ekanligi haqidagi tushuncha mustahkamlanadigan o‘sish nuqtalariga aylanmoqda.
image
* * *
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga bo‘lgan qarash asta-sekin o‘zgarmoqda. Va bu o‘zgarish aynan madaniyat tufayli sofir bo‘lyapti: ya’ni, ommaviy chiqishlar, ko‘rgazmalar, so‘zlab berilgan hikoyalar, repetitsiyalar, qo‘shma laboratoriyalar evaziga. Sahnada, galereyada yoki studiyada odamlar o‘zlarini ijtimoiy muammolar orqali emas, balki iste’dod va professionallik orqali ifodalaydilar.
Ammo biz, yaʼni jamiyat oldida hali bajaradigan ishlarimiz ko‘p. Eng avvalo, muammo nogironligi bor insonlarda emas, balki muhitning o‘zida, hammaga teng sharoitlarni yaratib berishda va ongimizni shakllantirishda ekanligini anglab yetishimiz kerak.
Ehtimol, O‘zbekiston bu yo‘lning boshlanishidadir. Ammo hozir sodir bo‘layotgan voqealar kelajak avlodlarning tasavvurini o‘zgartirishiga umid bor. Balki aynan shu tashabbuslar bir necha yildan so‘ng O‘zbekistonning barcha uchun ochiq to‘laqonli madaniy tizimi poydevori bo‘lar.