“U naqshga
mo‘yqalamini tekkizganida,
Jannatni ikkinchi
marta yaratganday bo‘lardi”. Elmira Gyulning “Naqsh
– olam va osmon timsoli” maqolasidan.
SANAT, 2005. 3-4 sonli nashr
Eslatib o‘tamiz, naqshlar ularning ma’nosini
tushunadiganlar uchun Toshkentning asosiy bezagi va diqqatga sazovor
joylaridir. Ularni tomosha qilishdan to‘laqonli zavq olish uchun bu merosni
ozgina bo‘lsa-da
tushunish yoki hech bo‘lmaganda do‘stlar oldida zo‘r mutaxassis bo‘lib ko‘rinish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligini bilish
maqsadga muvofiqdir.
Aytish joizki,
islom naqshlari tarixiy, ilohiy, estetik va madaniy maʼnolaridan tashqari
geometriya ishqibozlari uchun ham juda qiziq. Bu san’atning eng yaxshi
namunalarini tomosha qilganda, beixtiyor
hayratdan lol qolasan kishi.
Bunday namunalar O‘zbekiston va Toshkentda anchagina. Bir tomondan, naqsh
chizuvchilar yuzalarda tasvirlanishi shart bo‘lgan to‘g‘ri uchburchaklar,
kvadratlar va oltiburchaklar iskanjasiga tushib qolgan. Biroq, boshqa tomondan, bu cheklovlar
fantaziyani rag‘batlantiradi, ya’ni yulduzli ko‘pburchaklar, noto‘g‘ri shakllar va yordamchi elementlardan
foydalanib shoh asarlarni yaratishga sabab bo‘ladi.
Geometrik mo‘jizalardan tashqari, boshqa
xususiyatlar ham borki, ularni bilish naqshlarni tomosha qilish zavqini bir
necha barobar oshiradi hamda sinfdoshlaringiz, safdoshlaringiz, xizmatdoshlar
va ekskursiya ishtirokchilari orasida obro‘yingizni osmon qadar ko‘taradi.
Naqshlarning deyarli
barcha xususiyatlarini bitta misolda o‘rganish qulay – bu borada ham omadimiz
kelgan: chunki bunday misol bor. Bu “Navoiy” va “Paxtakor” metro bekatlari
o‘rtasidagi o‘tish joyida joylashgan Toshkentning asosiy eng hayajonli va
ma’noga to‘la bezagidir.
Keling, uni
o‘rganishga kirishamiz! Uning uchta xususiyati bor.
Birinchidan, uni faqat
eskalatorning markaziy chizig‘idan xatosiz suratga olish mumkin, ikkita yon
chizig‘idan esa uning tasviri aniq chiqmaydi, bu esa suratga olish jarayonini qiziqarli tomoshaga
aylantiradi.
Ikkinchidan, naqshli panel faqat eskalator
harakatlanganda, bir necha soniya davomida ko‘rinadi va bu nimasi bilandir
immersiv (to‘liq mavjudlik effektini
ta’minlovchi, (virtual) muhitga sho‘ng‘ituvchi)teatrdagi
spektaklga o‘xshaydi.
Uchinchidan, bu yerda
naqshlarni tomosha qilishda e’tibor berish zarur bo‘lgan barcha (deyarli barcha) xususiyatlar
sehrli tarzda birlashtirilgan.
Ro‘yxat bo‘yicha tahlilga
kirishamiz.
1.
Markaziy yulduzdagi qirralar soni. Ular odatda 8, 10
yoki 12 ta bo‘ladi, boshqa yulduzsimon ko‘pburchaklar
kamroq uchraydi. Kvadratlarga alohida maqola bag‘ishlaymiz, yettiburchaklar
shunchalik kam uchraydiki, ularning paydo bo‘lishi ham alohida tadqiqotga loyiq. To‘qqiz
burchakli yulduzlar ba’zida uchrab turadi va ularni “sig‘dirish” uchun maxsus
ayyorona usullar qo‘llaniladi. Ko‘p
qirralari (18 yoki 24) bo‘lgan yulduzsimon ko‘pburchaklar ham bor, ammo ular
tipratikan yoki tikanga o‘xshaydi, shuning uchun ular unchalik chiroyli emas, chunki ularda geometrik sehr
sezilmaydi.
2. Yulduzlarning o‘lchami. Beshburchakli
yulduzlar bilan o‘ralgan markaziy yulduz cheklovchi kvadrat ichiga joylashtirilgan.
Yulduz katta yoki kichik bo‘lganida, rasm unchalik uyg‘un bo‘lmasdi.
3. Tutashgan joylar. Yulduzlarning
tutashgan nuqtasida (markaziy o‘n ikki burchakli va uni o‘rab turgan
beshburchakli yulduzlar hamda bir-biri
bilan beshburchaklarni hosil qiluvchi) burchaklar tikka joylashgan, ya’ni chiziqlar
sinmasdan davom etadi, bu esa
qo‘shimcha vizual effekt yaratadi: chiziqlar jonlanadi va ularni alohida mavjudotlar
sifatida ko‘rishni xohlaysiz.
4. Chiziqlar. Biz har doim
chiziqlarning kengligiga qaraymiz, u rassomning o‘ylagan maqsadiga qarab
o‘zgaradi. Ba’zan chiziqlar keng, keskin farq qiluvchi hoshiyali bo‘lib, boshqa
chiziqlar bilan kesishganda ularning ustidan yoki ostidan o‘tadi, bu naqshga
hajm beradi. Ba’zan esa naqshlar umuman chiziqlarsiz bo‘ladi, ular avvaldan
nazarda tutilsa-da,
lekin qolib ketadi. Bizning naqshimizda qarama-qarshi chiziqlar bor, lekin keng
emas, ular shakllarni “bo‘rttirmasdan” ifodalaydi va hammasi uyg‘un ko‘rinadi.
5. Fon muhim. U naqshning umumiy (ochmi yoki to‘q) tusini aniqlaydi. Ushbu naqshning
foni oq, bu kamdan-kam uchraydi va bu uni tantanavor qiladi.
6. Rang. Aksariyat naqshlar bir-biridan keskin farq qiluvchi to‘q yoki oq bo‘laklarga ega feruza
rangda, ammo so‘nggi paytlarda sarg‘ish rangdagi naqshlar paydo bo‘la boshladi
(masalan, Suzuk ota majmuasida). Ushbu naqshda esa yashil rang va kuydirish
vaqtida paydo bo‘lgan qizil-jigarrang tus ko‘rinadi. Oq fonda bunday ranglar
uyg‘unligi naqshni bezakdor qilib ko‘rsatadi.
7. Girih (geometrik naqsh)
va islimi (o‘simliksimon naqsh) hamohangligi. Bu yerda geometrik
naqshda bo‘sh joyni to‘ldirish uchun o‘simliksimon naqsh elementlaridan foydalaniladi,
ikkala ornament ham bir-birini yaxshi to‘ldiradi.
8. Bo‘shliqlarni
to‘ldirish. Joylarning to‘ldirilishidagi bir tekislikka e’tibor bering: fonda bo‘sh dog‘lar yo‘q va
tugunlar to‘planib qolmagan – bu asrlar davomida sayqallangan mahorat bo‘lib,
avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Shuning uchun butun naqsh yoqimli va organik ko‘rinadi.
Ustalarga mahorati uchun tashakkur!
9. Muvofiqlik. Naqsh uni chegaralovchi kvadrat ichiga shunchalik aniq va to‘g‘ri joylashtirilganki,
kvadratning burchaklarida markaziy yulduzning chorak qismlari ko‘rinib turadi. Agar biz chapdan, o‘ngdan, yuqoridan yoki
pastdan kvadratimizga xuddi shunday naqsh qo‘ysak, unda biri ikkinchisining
davomi bo‘ladi va chegara sezilmaydi. Shuningdek, agar kvadrat ko‘ndalang yoki tikka
aks ettirilsa, unda u bilan bezakni cheksiz davom ettirish mumkin.
Shu o‘rinda
Rustam Botirning maqolasidagi ushbu falsafiy fikr o‘rinlidir: “Girihni
o‘rab turgan ramka aslida uning chegaralarini belgilamaydi, balki go‘yo bizga abadiylik
istiqbolini ochib beradigan derazaga o‘xshaydi. Boz ustiga, bu
abadiylik uning ko‘p qiyofali mustahkam birligi orqali namoyon bo‘ladi”.
10. Ramka. E’tibor bering,
naqsh ko‘pincha asosiy naqshning ko‘pburchaklariga mos kelmaydigan geometrik elementlar
(oltiburchaklar) bilan
o‘ralgan. Ramkaning kengligi shunday joylashganki, u har doim chiroyli
ko‘rinadi – uni kengroq yoki torroq tasavvur qiling, unchalik uyg‘un idrok
etilmaydi.
11. Tasvir qiyshayishi. Bu naqshning asosiy
siri shundaki, u o‘n ikki burchak emas!
Cho‘qqilar 12 ta,
lekin chiziqlar bir cho‘qqidan ikkinchisiga o‘tmaydi. Bunga fotosuratga
chizg‘ich qo‘yib ishonch hosil qilish mumkin. Gap shundaki, o‘n ikki
burchakning uchlari sinmasdan pentagrammaning (yulduzsimon beshburchakning)
uchlariga ravon o‘tadi, bunda ularning uchlaridagi burchaklar turlicha bo‘ladi.
Buning uchun o‘n ikki burchak “sindirilgan”, lekin uning chiziqlari uzluksiz
bo‘lmay, markaziy yulduz orqali uzilganligi sababli, bu sezilmaydi. Nima ham
derdik: hammasi buyuk ustalar tomonidan puxta o‘ylangan, hisob-kitob qilingan va amalga
oshirilgan!
Shunday qonuniyat bor:
raqamlar bilan bog‘liq har
bir formula yoki xulosa o‘quvchilar sonining uchdan bir qismini kamaytiradi. Shunday ekan, aqlli so‘zlardan voz kechib, metrodagi naqsh
yaratuvchilari — kulol-rassomlar, xalq ustalari Riskat Muhamedjanov va Abdujalil Rahimovning
mahoratiga yana bir bor qoyil
qolmasdan ilojimiz yuq.
Ushbu naqsh bizga
faqat quyidagi savollarga javob topishda yordam berolmaydi: “Yulduzlar orasida
nima bor? Tekislikni to‘ldirish masalasi qanday hal etilgan?”
Aslida “asosiy
yulduzlar” orasidagi bo‘shliq qavariq yoki yulduzsimon ko‘pburchaklar bilan
to‘ldiriladi. Rassomning mahorati ham aynan shunda. “Asosiy yulduzlar” o‘rtasida ikkinchi darajali
aniq tasvirli yulduzlar va aniq tasvirli (yoki biroz tasviri buzilgan)
ko‘pburchaklar qanchalik ko‘p bo‘lsa, naqsh shunchalik yuqori sifatli ko‘rinadi. Agar aniq tasvirli
yulduzlar va ko‘pburchakli shakllar bilan asosiy yulduzlar orasidagi bo‘shliq
to‘ldirilmagan bo‘lsa va ustalar “qushlar”, “g‘altak” ko‘rinishidagi va boshqa
qo‘shimcha shakllarni ishlatgan bo‘lsa, bunday naqshning qiymati va uyg‘unligi
kamroq. Axir tekislik ustiga turli qiyshiq burchaklarni chizib, ularni tartibga
solishga hech kim xalaqit bermaydi-ku, ammo buning islomiy naqshning haqiqiy
ilohiy geometrik tekis cho‘qqilariga qanday aloqasi bor?
Endi siz naqshlarni
mustaqil o‘rganish uchun bilimlar bilan qurollangansiz, biz esa olingan sirli bilimlarni
qanday qo‘llashni ko‘rsatib beramiz xolos.






