Tajribalardan bo‘lg‘usi afsonalargacha
Venetsiya yana kuzgi kayfiyatni belgilab beradi:
Lidoda namoyish etilgan filmlar an’anaviy ravishda “Oskar poygasi”da yetakchilarga
aylanadi. 2025-yilda festival keng ko‘lamli premyeralar, siyosiy janjallar va
mualliflik tajribalarining noyob uyg‘unligini va’da qilmoqda. Dasturni
Toni Servillo va Anna Fersetti ishtirokidagi Paolo Sorrentinoning “Barokat” nomli
ajoyib dramasi ochib beradi hamda Sedrik Jimenesning “Pes 51” kartinasi yopadi.
Filmlarning asosiy raqobatchilari orasida — Yorgos Lantimosning “Bugoniya”si,
Gilyermo del Toroning “Frankenshteyn”i, Jim Jarmushning “Ota, ona, opa, aka” nomli
falsafiy dramasi va Ketrin Bigelouning “Dinamit uyi” nomli siyosiy trilleri bor.
Festivalning eng provokatsiyali premyerasi Vladimir
Putin rolini ijro etgan Jud Lou ishtirokidagi “Kreml sehrgari” kartinasi
bo‘lishi kutilmoqda. Rejissor Olivye Assayasning ushbu siyosiy trilleri
2022-yilda Fransiyada Juliano da Empolining xuddi shu nomda chop etilgan romani
asosida suratga olingan. Syujet voqealari real hayotdagi siyosiy texnolog
Vladislav Surkovdan ilhomlangan holda o‘ylab topilgan maslahatchi Vadim Baranov
atrofida rivojlanadi. Film 1990-yillarda Rossiyada Putinning to‘satdan
hokimiyatga kelishi ortida kimlar turganini ko‘rsatadi.
Eng
shov-shuvli premyeralar orasida Kann festivalida ikki marta e’tirof etilgan “Olfa
qizlari” filmi bilan tanilgan Kauter Ben Xanya rejissyorligidagi “Hind Rajab
ovozi” dramasi ham bor. Rejissyorning yangi kartinasi 2024-yil 29-yanvarda G‘azoda halok
bo‘lgan besh yoshli falastinlik qiz – Hind Rami Iyad Rajab fojiasiga
bag‘ishlangan. Hind Rajab oilasining avtomobili Tel-al-Xava hududidan
evakuatsiya qilinayotgan vaqtida Isroil tanki tomonidan o‘qqa tutilgan. Avtoulovda qizning amakisi, xolasi va uch amakivachchasi bor
edi – ularning barchasi halok bo‘lgan.
Film bu voqeani jamiyat og‘rig‘i, bolaning shaxsiy
dramasi siyosiy qarorlar qanday oqibatlarga olib kelayotganini eslatuvchi
fojiali urush timsoliga aylantiradi. Ushbu kartinaning dasturga kiritilishi
Venetsiya festivali tashkilotchilarining jasorati hamda ekran bugungi kunning
eng o‘tkir va og‘riqli mavzulari tilga olinadigan maydonga aylanayotganidan
dalolat beradi.
“Hind Rajab ovozi” filmidan lavha
Rossiyalik kinoijodkorlarning hujjatli filmlar bilan ishtiroki
ham e’tiborni tortadi: Aleksandr Sokurov tanlovdan tashqari 5 soatlik “Rejissyor
kundaligi” (Director’s Diary) filmini taqdim etadi. Bu shaxsiy va milliy
tarixning o‘ziga xos manifestidir. Aleksandr
Rodnyanskiy bir nechta loyihalarga prodyuserlik qilgan. Jumladan, vengriyalik
rejissyor Laslo Nemeshning Vengriya qo‘zg‘oloni mavzusiga bag‘ishlangan “Yetim”
dramasi va Andrey Alferov bilan hamkorlikda yaratilgan “Haqiqiy jinoyatchining kundaligi”
avtobiografik filmi.
Tanqidchilar bir vaqtlar “Oltin sher” mukofoti bilan
sahnaga chiqqanlarga ishonch bildirishmoqda. “Bechora baxtsizlar” filmi bilan
2023-yilda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Yorgos Lantimos koreys antiutopiyasining
ingliz tilidagi remeyki “Bugoniya” bilan
ekranlarga qaytmoqda.
Filmda odatiy grotesk falsafiy masalga aylanadi. “Suv
shakli” filmi bilan 2017-yili sovrindor bo‘lgan Gilyermo del Toro “Frankenshteyn”
kartinasini namoyish etadi — hokimiyat va yolg‘izlik haqidagi hikoya yil
kashfiyoti bo‘lishi kutilmoqda. Premyeralar va kutilmagan kashfiyotlar tantanasi
Tanlov dasturida tomoshabinlarni uchta novella
kutmoqda: Jim Jarmushning “Ota,
ona, opa, aka” filmi, Paolo Sorrentinoning “Barokat” kartinasi (unda
rejissyor insonlar hayotining chambarchas bog‘liqligi mavzusiga yana qaytadi)
va Ketrin Bigelouning “Dinamit uyi” nomli o‘tkir syujetli lentasi. “Dinamit
uyi” syujeti Oq uyga hujum va terrorchilik fitnasi oqibatlari atrofida
rivojlanib, ekranni hokimiyat, qo‘rquv va media o‘rtasidagi kurash maydoniga
aylantiradi. Bigelou uchun bu harbiy mavzular borasidagi birinchi tajriba emas.
U “Bo‘ron hukmdori” (2008) va “Birinchi maqsad” (2012) nomli filmlarida keng
ko‘lamli jangovar harakatlarga nozik siyosiy ma’no bera olgan. Tanlovdan
tashqari, Jorj Kluni va Adam Sendler ishtirokidagi Noa Baumbakning “Jey
Kelli” kartinasi namoyish etiladi. Tanlov dasturiga jiddiy ruh bag‘ishlaydigan va
Venetsiya tajribalarga tayyorligini ko‘rsatuvchi kartinalar ham namoyish
etiladi. Charli Kaufman “Qanday qilib arvohni otish mumkin?” nomli qisqa
metrajli filmini taqdim etadi — bu kartina haqiqiy hayot bilan o‘ziga xos meta o‘yin
ruhidagi absurd masalni aks ettiradi. Mamoru Xosoda jahon darajasidagi tomoshani
va’da qiluvchi “Cheksiz alvon” animesini hamda daniyalik Anders Tomas Yensen esa Mads
Mikkelsen ishtirokidagi “So‘nggi viking” tarixiy dramasini olib keladi. Unda epos
psixologik teranlik bilan uyg‘unlashadi. Mazkur filmlar festival chegaralarini
kengaytiradi, bu yerda falsafiy drama bilan birga janr bilan bog‘liq dadil
tajribalarini ham qadrlashadi.
“Festival-2025” voqealari quyidagicha rivojlanadi:
yulduzli nomlar, dadil tajribalar, siyosiy mavzular va jahon kinosining kelajagini belgilashga
qodir filmlar.
Hujjatli filmlar dasturi
2025-yilgi Venetsiya festivali hujjatli filmlarga alohida
e’tibor qaratadi. Ushbu janr nafaqat bugungi hayot ko‘zgusi, balki dadil badiiy
tajribalar maydoniga ham aylanib bormoqda. Aynan
hujjatli filmlar alohida manifestga aylanib, Lidoda bo‘ladigah turli munozaralarga
yo‘nalish bera oladi.
Sofiya Koppola “Sofiyadan Mark” filmini taqdim etadi. Bu
kartinada moda xronikasi do‘stlik tarixi va noyob arxiv materiallari bilan
uyg‘unlashib, modelyer Mark Jeykobsning 97 daqiqalik portretini aks ettiradi. Verner
Xersog “Arvoh fillar”ni olib keladi. Bu Angola tumanlariga sayohat bo‘lib, u
yerda haqiqat afsona bilan bir chorrahada uchrashadi va uning mashhur “ekstatik
haqiqati”ni yaratadi. Lukretsiya Martel “Bizning yerimiz” filmida zo‘ravonlik,
mustamlakachilik merosi va insonning zaif tomonlarini ko‘rsatib beradi. Ushbu kartina
faollardan biri Xavyer Chokobar xotirasiga bag‘ishlangan.
Mark Obenxaus va Laura Poytrasning “Cover up” filmi
alohida e’tiborni tortishi kutilmoqda. Film markazida Vyetnam urushi paytida
Songmidagi qirg‘inni fosh qilgani uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan
afsonaviy tergovchi jurnalist Seymur Xersh timsoli tasvirlangan. Bu
shunchaki tarjimayi hol emas: kartina haqiqat qanday
oqibatlarga olib kelishini tadqiq qilish haqida
— birgina so‘z butun tarixni o‘zgartira olishi haqida.
“Cover up” filmidan lavhalar.
“Ufqlar” va “Tanqid haftaligi”
Asosiy tanlovdan tashqari, Venetsiya har doim tajriba
uchun joy ajratadi. “Ufqlar” nomli bo‘lim an’anaviy ravishda dadil g‘oyalar va
yangi shakllar laboratoriyasiga aylanmoqda. Ushbu yilda
tomoshabinlarni quyidagi sanʼat asarlari kutmoqda: Uillem Defo ijrosidagi Kent
Jonsning “Kechikkan shuhrat”
filmi — u inson qadri va qarishi haqidagi falsafiy drama; Jorj Makkey va Mark Jenkin
duetidagi “Nevada atirguli” kartinasi – yolg‘izlikni tashqi tomonlama o‘rganish;
Teona Strugar-Mitevska va Numi Rapas filmi “Ona” — ona Tereza timsoliga
yangicha qarash; Karolina Kavalli va Kris Payn ijodi
mahsuli “Arabellaning o‘g‘irlanishi” — janr dinamikasi muallif
dastxati bilan uyg‘unlashgan keskin hikoyani eslatadi.
40-yubiley
“Tanqid haftaligi” ham ahamiyatli bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu parallel dastur
1984-yilda debyut ko‘rinishdagi to‘liq metrajli filmlar uchun yaratilgan
bo‘lib, bo‘lg‘usi klassiklar uchun raqobat maydoniga aylangan. 2025-yilda 700
ga yaqin arizadan faqat yettitasi rasman tanlab olindi. Ularning har birida
jasorat va yangi ovoz bor. Ular orasida Ivi Kalogiropoluning “Gorgona”
antiutopiyasi, Julio Bertellining “Agon” sport dramasi, Oskar Xadsonning
“To‘g‘ri aylana” nomli britancha kulguli mavzudagi
pyesasi
,
Yanis Kusimning alsgeymer kasalligiga chalingan ruhoniy ekzorsist haqidagi “Rokiya”
nomli qo‘rqinchli kartinasi hamda
Federiko Kammarata va Filippo Foskarinining “Bedorlik soatlari” nomli
hujjatli filmi bor.
Bo‘limni Kerolayn Peanoning “Stereo qizlar” dramasi
ochib beradi. U tomoshabinlarni 1990-yillar muhitiga qaytaradi va Julia
Jekmanning Nikolas Golitsin, Felisiti Jons, Emma Korrin va qo‘shiqchi Charli
XCX ishtirokidagi “Qahramonning yuz kechasi” yulduzli filmining tanlovdan
tashqari premyerasi bilan yakunlaydi. Bosh sovrin – “Kelajak sheri” va 100 ming
dollar. Bu mukofot maydonni shunchaki tramplin emas, balki jahon kinosining
yangi yulduzlari tug‘iladigan sahnasiga aylantiradi.
“Stereo qizlar” filmidan lavha.
O‘tmishga nazar: “Ekselsiora”dan
xalqaro eʼtirofgacha
Venetsiya kinofestivali tarixi 1932-yil avgustidan
boshlangan. Birinchi dastur Lido-di-Venetsiyadagi afsonaviy “Ekselsior”
(Excelsior) mehmonxonasi ayvonida bo‘lib o‘tgan va ikki hafta davom etgan –
6-avgustdan 21-avgustga qadar.
O‘sha vaqtdayoq festival o‘z
davrining eng mahoratli rejissyorlarini to‘play
olgan edi. Tomoshabinlar
Rene Kler, Ernst Lyubich, Frenk Kapra va Govard Xouks filmlarini tomosha
qilishgan. Tanlovni Lidoni jahon kino sanoati ramziga
aylantirgan va an’anani boshlab bergan Ruben Mamulyaning “Doktor Jekil va janob
Xayd” kartinasi ochib bergan.
Venetsiya tez orada butun Yevropa va boshqa
davlatlar kinoijodkorlari, tanqidchilari va tomoshabinlari uchrashadigan joyga
aylandi. 1935-yilda jamoatchilik ishtiyoqi misli ko‘rilmagan darajaga yetganda
tanlov dasturi joriy qilindi va rasmiy mukofotlar ta’sis etildi. Shu vaqtdan
boshlab Venetsiya nafaqat madaniyat ramzi maqomini, balki jahon
kinematografiyasida modani belgilab beruvchi yetakchi nomini mustahkamladi.
Urushdan keyingi yillarda festival
Yevropaning tiklanishini ramziy ma’noda ifodalagan bo‘lsa, 1960-yillarda
norozilik va mafkuraviy to‘qnashuvlar maydoniga aylandi hamda XXI asrda
mukofotlar mavsumining boshlang‘ich maydoni sifatida o‘zini namoyon etdi.
Venetsiya tarixida jiddiy janjallar
ham bo‘lib turgan. 1988-yilda Martin Skorseze ijodiga mansub “Isoning so‘nggi
vasvasasi” filmining premyerasi norozilik va g‘azab
bo‘ronini keltirib chiqardi, Franko Dzeffirelli esa norozilik belgisi sifatida
o‘zining “Yosh Toskanini” kartinasini tanlovdan qaytarib oldi. 2019-yilda Roman
Polanskining “Ofitser va josus” filmi diqqat markazida bo‘ldi – film muhokamasi
rejissyorga qarshi ayblovlarga ulanib ketdi.
Hikoyamiz yoqdimi? Instagram va Telegram sahifalarimizga obuna bo‘ling — ularda yanada qiziq
maqolalarni topasiz.