Adabiyot insonlarning ichki
kechinmalari-yu, xayolot hamda tarixiy faktlarni qamrab olgan o‘zgacha bir
mo‘jizalar makoni. U o‘zining turli janrlari, qirralari bilan ham qiziq.
Shunday bir adabiyot namunalari borki, odamzot erkinlikdan mahrum etilsa ham
uning tasavvurini chegaralab, ovozini o’chirib bo‘lmasligiga yaqqol misol bo’la
oladi. Qamoq devorlari ortida insonning jismoniy hayoti to‘xtatilishi mumkin,
ammo uning tafakkuri va ruhiy dunyosi yashashda davom etadi. Shuning uchun ham
qamoqxona adabiyoti ko‘pincha zulm, siyosiy tazyiq, mustamlakachilik yoki
adolatsizlik davrida paydo bo‘ladi. Quyida mana shunaqa qamoqxonada yozilgan
asarlarning eng yaxshi namunalarini e’tiboringizga havola etamiz.
1. Migel de Servantes – “Don Kixot”
Ispan
adabiyotining daho yozuvchisi Migel de Servantes (1547–1616) hayotida ko‘p
sinovlarni boshdan kechirgan. U oddiy oilada tug‘ilib, yoshlik yillarida
askarlik qilgan, Lepanto jangida qo‘lidan og‘ir jarohat olgan. Keyinchalik
qaroqchilar tomonidan asir olinib, yillar davomida tutqunlikda yashagan. Vatani
Ispaniyaga qaytgach esa, qarz va ayblovlar sabab qamoqning ham “mehmoni”
bo‘lgan. Aynan shu zindon devorlari orasida u o‘zining eng buyuk asari “Don
Kixot”ni yozishga kirishgan.
Romanning
birinchi qismi 1605 yilda, ikkinchisi esa 1615 yilda chop etildi. Qiziq jihati
shundaki, birinchi qism chiqishi bilanoq, boshqa bir yozuvchi “soxta davomini”
yozib yuboradi. Servantes bunga javoban chinakam ikkinchi qismni yaratib, o‘z
kitobida ham bu “soxta Don Kixot” haqida kinoya bilan so‘z yuritadi.
Asarda bosh
qahramon — oddiy dehqon. Ammo u ritsarlik romanlariga mukkasidan ketib, o‘zini
haqiqiy ritsar deb hisoblaydi. Shamol tegirmonlarini yovuz gigantlar deb
tasavvur qilib, ularga hujum qiladi, oddiy karvonsaroyni ulkan qal’a deb
biladi, o‘zini adolat uchun jang qilayotgan qahramon sifatida ko‘radi. Uning
yonida esa — hayotga chanqoq, xushchaqchaq va odamoxun sherigi Sancho Panza
bor. Shu ikki obraz orqali Servantes orzu va haqiqatning abadiy to‘qnashuvini
ko‘rsatadi.
“Don Kixot”ni
oddiy kulgili sarguzasht deb qabul qilish xato bo‘ladi. Bu asar o‘z davridagi
ritsarlik romanlari ustidan tanqidiy kulib qo‘ygan bo‘lsa-da, keyinchalik yangi janr —
realistik romanning poydevoriga
asos soldi. Qahramonlarning ichki dunyosi, ularning qarashlari, jamiyat
ustidan istehzo — bularning
barchasi Yevropa adabiyotida yangi ufqlar paydo etdi.
Bugun ham
“Don Kixot”ga ikki xil nuqtai nazar bilan qarash mumkin: asar bir tomondan, sarguzashtlarga boy va
kulgili hikoya,
boshqa tomondan esa bu
inson orzulari va ularning sinishi haqidagi falsafiy dostondir. Asarning abadiyligi
ham shunda bo‘lsa kerak,
chunki u bizga
orzular bilan haqiqat o‘rtasidagi masofa hech qachon yo‘qolmasligini eslatib turadi.
O‘zbek
kitobxonlari uchun bu
durdona asar S. Yo‘ldoshev tarjimasida o‘zbek tiliga o‘girilgan. Agar siz uni
hali o‘qimagan bo‘lsangiz, shamol tegirmonlariga qarshi jang qiladigan Don Kixot
olamiga sayohat sizni albatta hayratga solishi ajab emas.
2. Gregori
Devid Roberts – “Shantaram”
Gregori Devid Roberts (1952) —
adabiyot olamiga jinoyat va qochqinlik ortidan kelib kirgan yozuvchi. U Avstraliyada narkotik
va qurolli o‘g‘irliklar sabab uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ammo
u qamoqdan qochishga
muvaffaq bo‘ladi va yangi hayot izlash yo‘lida Hindistonga, Bombeyning tor va sershovqin ko‘chalariga kelib qoladi.
Ana shu notinch hayot, tushkunlik va kashfiyotlar aralash sarguzashtlardan iborat “Shantaram” romani dunyo yuzini
ko‘radi.
2003-yilda
chop etilgan bu asar yozuvchi uchun ham, o‘quvchi uchun ham o‘ziga xos safar
vazifasini o‘taydi. Roberts uni ilk bor qamoqda yozgan, ammo qo‘lyozmalar yo‘qolganidan so‘ng,
ozodlikda qo‘lyozmani
yana qayta tiklab, bu safar uni
kitob shaklida butun dunyoga taqdim etadi.
Roman
markazida Lin ismli qahramon yotadi. U Bombeyga kelib, oddiy odamlarning
hayotini his qiladi: do‘stlikni, kulgini, iztirobni va hatto mafiyaning
yozilmagan qoidalarini. Unga
samimiy, sodda va mehribon hindi do‘sti Prabaker hamrohlik qiladi. Bu
ikki obraz orqali kitob faqat jinoyatchining hikoyasi emas, balki insonning
o‘zini qayta topishi, begona madaniyat ichida qayta tug‘ilishi haqida
so‘zlaydi.
Roberts
Hindistonni shunchalik yorqin tasvirlaydiki, o‘quvchi o‘zini Bombey
ko‘chalarida yurgandek his qiladi: ziravorlarning o‘tkir hidi, tropik
jaziramaning og‘ir nafasi, choyxonalarning shovqini, oddiy odamlarning
tabassumi va mafiyaning yashirin qonunlari — barchasi tirik suratdek ko‘z oldingizda
gavdalanadi.
“Shantaram” —
hajmi, hayotiy tasvirlari va insoniylikka boy qahramonlari bilan adabiyot
tarixida alohida o‘rin egallagan asar. Unda sarguzasht, jinoyat, falsafa va
sevgi qatlamlari birlashib, o‘quvchini "Odam o‘z o‘tmishidan qochib, yangi inson bo‘la
oladimi?" degan hayotning eng asosiy
savoliga yuzlashtiradi.
Millionlab kitobxonlarning sevimli asariga aylangan
“Shantaram” jinoyat yoki muhojirlik
haqida emas, balki inson
qalbining abadiy izlanishi,
qayta tug‘ilishi va umid haqidagi romandir.
3. Musa
Jalil – “Moabit daftari”
Musa Jalil
(1906–1944) — tatar xalqining dardini, orzusi va jasoratini o‘z satrlariga sig‘dira olgan shoirdir. Ikkinchi jahon
urushi yillarida u nafaqat
qalam tebratdi, balki qo‘liga qurol olib
dushman bilan ham ko‘rashgan inson. Avval front muxbiri sifatida xizmat qilgan, keyin esa nemis qo‘shinlari
tomonidan asir olinib, Berlindagi mash’um Moabit qamoqxonasiga tashlangan. Nemis asirligida qiynovlarga solinganiga qaramay shoirning ruhiyati sinmadi. Aksincha, ana shu og‘ir sharoitda u o‘zining eng buyuk asari
— “Moabit daftari”ni yaratdi.
Tarixga nazar
tashlasak, Jalil qog‘oz parchalariga yashirincha she’rlar yozgan. Bu unga
qimmatga tushishi mumkin edi, chunki lager soqchilari qog’ozga bitilgan birorta
satr topib olsa, shoirni darhol otib tashlagan bo’lardi. Shunga qaramay,
u she’rlarini ishonchli do‘stlari orqali yashirib, urushdan keyin Rossiyaga
yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. 1953 yilda ilk bor chop etilgan “Moabit daftari”
oddiy she’rlar to‘plami emas, balki butun xalqning jasorati va ozodlik ruhi
sifatida qarshi olindi. Asarning
mohiyati — erkinlik, vatanparvarlik va insoniylik. Jalilning satrlari nafaqat
uning shaxsiy iztirobini, balki barcha asir xalqlarning faryodini ham aks
ettiradi. Qamoqxonaning tor devorlarida bitilgan satrlardan esa hayotga tashnalik, kenglikka intilish, vatan
va ozodlik orzusi ufurib turadi.
“Moabit
daftari” nafaqat urush davri poeziyasi, balki butun XX asr adabiyotining
ramziga aylangan. Bu she’rlar insoniyat uchun bir saboq kabi, chunki kuchli insonlarning ruhi
panjara ortida ham sinmaydi.
Musa Jalil
o‘zining bu jasorati uchun vafotidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga
sazovor bo‘ldi. Bugun esa u tatar xalqining ozodlik ramzi, butun dunyo uchun
esa insoniy jasorat timsoli sifatida yodga olinadi.
4. Nelson
Mandela – “Ozodlik sari mashaqqatli yo‘l”
Nelson Mandela (1918–2013) Janubiy Afrikadagi aparteid
tuzumiga qarshi kurashning timsoli, insoniyat tarixida erkinlik va sabr ramziga
aylangan shaxsdir. U dastlab advokat sifatida faoliyat boshlagan bo‘lsa-da,
mamlakatida hukm surgan irqiy tengsizlik va adolatsizlik uni siyosiy maydonga
olib chiqdi. U 1962 yilda hibsga olinib, buzg‘unchilik va davlatga
qarshi faoliyatda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Mandela
27 yil davomida qamoqda o‘tirdi,
uning ruhiyati va tafakkuri ana shu panjara ortida toblandi.
Uning hayoti
haqida yozilgan eng mashhur asar — “Long Walk to Freedom” (o‘zbekchada “Ozodlik
sari mashaqqatli yo‘l”) avtobiografiyasi hisoblanadi. Qo‘lyozmalari aslida
qamoqda yashirincha yozilgan, biroq xavfsizlik sabab yo‘q qilingan edi. Mandela
ozodlikka chiqqach, esdaliklarini qayta yozdi va 1994 yilda dunyo
kitobxonlariga taqdim etdi. Bu asar faqat bir insonning hayoti emas, balki
butun xalqning erkinlik tarixini aks ettiruvchi hujjatli manba bo‘lib qabul
qilindi.
Kitobda
Mandela o‘z bolalik yillari, ta’lim olishi, siyosiy qarashlarining
shakllanishi, kurashga kirib borishi va qamoqxonadagi og‘ir sinovlarini samimiy
tarzda hikoya qiladi. Qo‘rquv
va umidsizlikni, lekin shu bilan birga sabot, qat’iyat va ozodlikka bo‘lgan
sadoqatni ochib berish orqali u o‘zini qahramon sifatida emas, balki
oddiy inson sifatida tasvirlaydi.
Uning hikoyasi o‘quvchiga nafaqat Janubiy Afrika tarixini, balki inson ruhining
chidamlilik qudratini chuqur his etishga imkon beradi.
Adabiyot
olamida “Ozodlik sari mashaqqatli yo‘l” nafaqat siyosiy memuar, balki zamonaviy
avtobiografik adabiyotning yuksak namunasi sifatida e’tirof etilgan. Mandela
o‘z kitobi orqali ozodlikni yakuniy manzil emas, balki mashaqqatli, sabr-toqat
talab qiladigan jarayon sifatida tasvirlaydi. Shu bois bu asar shaxsiy hayot
tarixidan ham kengroq ma’noga ega: u insoniyatning erkinlik sari yurishidagi abadiy
saboqdir.
5. Fyodor
Dostoyevskiy – “O‘lik uydan maktublar”
Fyodor Dostoyevskiyning “O‘lik uydan
maktublar” asari yozuvchining hayotiy tajribasidan tug‘ilgan eng muhim
asarlaridan biridir. Roman 1860–1862 yillarda “Vremya” jurnalida bosilib
chiqqan bo‘lib, unda muallifning Sibir qamoqxonasidagi to‘rt yillik surgun
hayoti asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Yozuvchi Petrashevskiylar to‘garagiga aloqasi bo‘lganligi uchun
hibsga olinib, otuvga hukm qilingan, ammo jazosi so‘nggi lahzada qamoq va
majburiy mehnatga almashtirilgan edi. Ana shu og‘ir sinovlar “O‘lik uydan maktublar”ning ruhiy poydevorini
yaratdi.
Asarda
qamoqxona — nafaqat jazoni o‘tash joyi, balki jamiyatning tub-tubini ochib
beruvchi oyna sifatida ko‘rsatiladi. Dostoyevskiy turli tabaqadagi mahbuslarni
— qotillarni, o‘g‘rilarni, siyosiy jinoyatchilarni tasvirlab, ularning
qalbidagi zulmat va yorug‘likni baravar ochib beradi. Bosh qahramon Aleksandr Goryanchikov
obrazida yozuvchi o‘z boshidan kechirganlarini hikoya qiladi.
Mazkur asar
insonning eng og‘ir sharoitda ham insoniyligini yo‘qotmasligi, ozodlikdan
mahrum bo‘lganda ham ruhi tirik qolishi haqidagi bitikdir. Dostoyevskiy
qamoqxonadagi hayotni tasvirlar ekan, uni oddiy kuzatuv emas, balki inson
tabiatining teran tahliliga aylantiradi. Shu bois “O‘lik uydan maktublar” rus
adabiyotida realizmning yangi bosqichiga asos solgan asar sifatida qadrlanadi.