O‘zbekiston hunarmandchiligi haqida gap ketganda, Qo‘qon ko‘pincha
Marg‘ilon yoki Rishton kabi shaharlar soyasida qolib ketadi. Ammo bu yil aynan shu yerda, ya’ni Qo‘qonda xorijiy
davlatlardan va mamlakatimizning turli burchaklaridan ustalar to‘planib,
hunarmandchilik qanday va nima bilan yashayotganini, rivoj topib borayotganini
ko‘rsatdilar. Tadbir hunarmandchilik an’analari, madaniy g‘oyalar va mahalliy
jamoalarning kesishish nuqtasi bo‘ldi.
Bu yilgi kuzgi
hunarmandchilik yarmarkasi
2025-yil
19-21-sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida III Xalqaro hunarmandchilik festivali
bo‘lib o‘tdi. Shahar yarmarka o‘tkazish uchun asosiy maydonga aylandi. Italiya
va Serbiyadan tortib Afg‘oniston va Xitoygacha bo‘lgan o‘nlab mamlakatlardan
kelgan 700 dan ortiq ishtirokchilar eski shahar ko‘chalarida o‘z chodirlarini
o‘rnatishdi. Mamlakatimizning barcha hududlaridagi hunarmandlarimiz alohida
qatorlarga joylashdilar.
Tashkilotchilar
haqiqiy bayram uyushtirishdi: musiqa, xalq raqslari, bayram sayillari –
bularning barchasi yarmarkaga
qushimcha kayfiyat in’om etdi. Birinchi kun katta konsert dasturi bilan
yakunlandi.
Xuddi shu kunlari Rishtonda II Xalqaro kulolchilik
forumi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning sharhi bilan
saytimizda tanishishingiz mumkin.
Hunarmandlarga bunday tadbirlar nima uchun kerak
Festival an’anaviy
usullarni saqlab qolgan va Markaziy Osiyoning zamonaviy amaliy san’atini
namoyish etuvchi hunarmandlarga alohida e’tibor qaratdi. Ularning ko‘pchiligi
uchun bu o‘z ishlarini keng ommaga ko‘rsatish va kuratorlar hamda
kolleksionerlar bilan bevosita muloqot qilish uchun kamdan-kam uchraydigan
imkoniyatdir.
Bunday tadbirlar qo‘l
mehnatini nafaqat daromad manbaiga, balki madaniyatni ifodalash usuliga ham
aylantiradi: har bir naqsh, material, rang – turli mintaqalarning vizual tilidir.
Hunarmandchilik madaniyat tili sifatida
Yashil bog‘lar va
adirlardan iborat Farg‘ona vodiysida
hunarmandlar bu go‘zallikni albatta, o‘z asarlarida ifoda etadi: matolarda o‘simliklar,
chirmashib ketgan uzum toklari tasvirlari, dovonlardagi egri-bugri yo‘llarning
shakllari paydo bo‘ladi.
Me’morchiligi va
gumbazlari bilan mashhur bo‘lgan Qo‘qonda
shahar uyg‘unligining aksi sifatida ritmik, simmetrik naqshlar ustunlik
qiladi. Rishtonda esa qurg‘oqchil
mintaqada hayot manbai bo‘lgan osmon va suv ramzini
ifodalovchi chuqur ko‘k va feruza rangli sopol buyumlar ko‘proq.
Har bir buyum mahalliy
tuproq, iqlim holati, jamiyat qanday yashayotgani haqida hikoya qiluvchi
o‘ziga xos xaritaga aylanadi. Hunarmand o‘z yurtining “ovozi” bilan
ishlaydi, festival esa bu ovozni eshittiradi. U hududiy uslublarni umumiy
tizimga soladi va bir vaqtning o‘zida uni madaniy xotira va zamonaviylik haqida
so‘zlash usullariga aylantiradi.
Tahririyatimiz
turli mamlakatlarning chodirlari bo‘ylab kichik sayohat uyushtirdi. Biz o‘ziga
xos gilamdo‘zlik, misgarlik, yog‘och va tosh o‘ymakorligi bilan
shug‘ullanadigan afg‘on hunarmandchiligini kashf etdik. Eronliklar esa hunarmandchilikni madaniy siyosatning bir qismiga aylantirganiga
e’tibor qaratdik. Koshon kulolchiligi, Isfaxon emali, Tabriz
to‘qimachilik san’ati – bularning barchasi shunchaki soha emas, balki milliy
brend elementlaridir. Qo‘qon festivalida ishtirok etayotgan belaruslik ustalar
zig‘ir va yog‘ochdan minimal uslubda, ammo xomashyoning tabiiyligiga e’tibor qaratgan holda
tayyorlangan buyumlarni olib kelishdi.
“Bizni naqshlar emas, buyumning tuzilishi qiziqtiradi. Unda hunarmandning imzosi
ko‘rinib turishi kerak, lekin me’daga tegmasligi lozim”, – deydi
hunarmandlardan biri.
Italiya
hunarmandchiligi esa, aksincha, ranglarga boy. Florensiya mozaikasi, Sitsiliya
kulolchiligi, Venetsiya shishasi an’anaviy hunarmandchilik global madaniy
brendning bir qismiga aylanayotganidan darak.
Inklyuziya
O‘zbekistonning
badiiy va madaniy tadbirlarida inklyuziya masalasi ochiqligicha qolmoqda va ko‘pincha amalga
oshirilmayapti. Qo‘qon esa,
aksincha, madaniy tashabbuslar barcha hunarmandlar uchun chinakam ochiq
ekanligini namoyish etdi.
Festival dasturiga
imkoniyati cheklangan hunarmandlar kiritilib, ularning teng ishtiroki
ta’minlandi. Biroq tashkilotchilarning hunarmandlarni alohida qatorga joylashtirish qarori biroz noqulaylikni keltirib chiqardi: ochiq jamiyatda imkoniyati cheklangan odamlarni ajratishdek his
uyg‘otdi.
Gap shundaki, inklyuziya “alohida joy” tamoyili asosida amalga oshirilganda, u
o‘z ma’nosini biroz yo‘qotadi va tenglik o‘rnida farqlanish paydo bo‘ladi.
Ehtimol,
tashkilotchilar mohir ustalarga alohida urg‘u bermoqchi bo‘lgandir, ammo bu
oxir-oqibat savollarni keltirib chiqardi. Aslida haqiqiy tenglik – bu hech
kimni ajratib ko‘rsatmaslikdir, chunki ommaviy tadbirga kelganlar uning bir
qismiga aylanib bo‘lishadi.
Mintaqa uchun ahamiyati
O‘zbekiston uchun
ushbu festival madaniy muvozanat vositasiga ham aylandi. Mamlakatimizda uzoq
yillar davomida madaniy tadbirlar ko‘proq Toshkentda o‘tkazilardi, turizm
borasida Samarqand, Buxoro va Xivaga murojaat qilinardi. Qo‘qon bu mantiqqa
ko‘ra, chekka hudud hisoblanardi.
Bu galgi festival esa
geografiyani kengaytirdi:
madaniy hayot vorislik saqlanib qolgan joyga ko‘chdi. Bu yerda ramziy qiymat
iqtisodiy qiymatdan yuqori turadi. “Ishlab chiqarish” qandaydir mexanik
tushuncha sifatida tushunilsa, bu yerda inson mehnati ijodkorning ishi sifatida
qabul qilinadi.
Bunday festivallar
tanilish vositasiga aylanib
bormoqda. Chunki ustalar buyurtmalar oladi, hududlar sayyohlik oqimini ko‘paytiradi,
viloyatlar esa ommaviy axborot vositalari va investorlarning e’tiboriga tushadi.
Mintaqa uchun
festival madaniy hayotni yanada ommalashtirish usuliga aylanmoqda. Madaniy
vazifaga qo‘shimcha ravishda, ushbu hodisa hududni brendlash vositasi sifatida xizmat qiladi.
Bu sayyohlar
oqimini shakllantirish uchun to‘g‘ri yo‘nalishdir: masalan, so‘nggi yillarda festival va yarmarkalar
o‘tkazilgan joylarda mehmonxonalar qurila boshlandi. Mintaqada infratuzilmani
yaratish orqali nafaqat xorijiy, balki butun mamlakat bo‘ylab sayyohlarni
ko‘proq jalb qilish mumkin.
Xalqaro o‘lchov: hunarmandchilik diplomatiya sifatida
Qo‘qon festivali diplomatik
aloqalarga ham xizmat qiladi. Yevropa, Yaqin Sharq, Xitoy, Kavkazdan kelgan
ustalar siyosiy deklaratsiyalarsiz, buyumlar va usullar almashinuvi orqali uni
ta’minlaydilar.
Samara barqarorligi
Festivaldan keyin
ijobiy natijalar qanchagacha davom etishi hali noma’lum. Tadbirlar tugagandan
so‘ng, hunarmandlar o‘rtasidagi muloqot yo‘qolmasligi, balki ustaxonalar, maktablar, kooperatsiyalar, eksport
dasturlari orqali yanada rivojlanishi kerak.
* * *
Qo‘qon festivaliga o‘xshash ma’naviy tadbirlar bugungi kunda hunarmandchilik zamonaviy
taraqqiyotning samarali vositasi ekanligini ko‘rsatmoqda. U iqtisodiyot,
ta’lim, diplomatiya, milliy o‘ziga xoslik masalalari hamda ijodni birlashtiradi. Aynan shunday
tadbirlar barqaror madaniy ekotizimlarni yaratadi, bu yerda qo‘l mehnati
mamlakatning o‘zini namoyon qilishi yo‘lida dolzarb tilga aylanadi.







