O‘zbekiston g‘arbi hali kashf etilmagan makon. Bu yerda qumlar orasidagi qadimiy qal’alarni, sirli qabristonlarni, inson oyog‘i tegmagan daralar va hozir ham sayg‘oqlar uchraydigan cho‘llarni ko‘rish mumkin. Bunday joylarda sayyohlar oqimini ko‘rmaysiz, lekin bu yerlar haqiqiy sarguzashtlarga boy mamlakatning boshqa tomonidir.
Sarmishsoy darasi (Sarmish petrogliflari) — Navoiy
Nurota tog‘larining janubiy yonbag‘iridagi Sarmishsoy darasida toshlarga chizilgan besh mingdan ortiq qadimiy rasmlarni ko‘rish mumkin. Qoyalarda ov manzaralari, raqs tushayotgan odamlar, buqalar va bu joylarda yo‘qolib ketgan boshqa hayvonlar tasvirlangan. So‘fiylardan qolgan arab yozuvidagi bitiklar ham bor. Bu joyni toshlarda ko‘p asrlik tarix saqlanib qolgan haqiqiy ochiq osmon ostidagi muzey deyish mumkin. Bahorda dara yam-yashil tusga kirib, hamma yoq gullarga burkanadi, ayniqsa, qoyalar go‘zal ko‘rinadi.
Dara Navoiy viloyatida, Navoiy shahridan taxminan qirq besh kilometr janubi-sharqda, Sarmish va Yangirabot qishloqlari yaqinida joylashgan. U Buxorodan bir yuz qirq kilometr uzoqlikdagi Qizilqum cho‘li chegarasidagi Qoratog‘ tizmasini kesib o‘tadi.
Navoiydan u yerga avtomobil yoki taksida borish yaxshiroq, yo‘lga bir soatcha vaqt ketadi. Bu yerga jamoat transporti qatnamaydi, lekin Navoiyga poyezd yoki yo‘nalishli taksi orqali borib, keyin taksida borsa buladi. Yo‘nalishning oxiriga kelib sahro orqali tuproq yo‘ldan o‘tasiz. Kirish bepul, dara pastida piyodalar yo‘li bor. Infratuzilma deyarli yo‘q, shuning uchun o‘zingiz bilan suv, qulay poyabzal olib, yuqorida joylashgan rasmlarni ko‘rish uchun qoyalarga chiqishga tayyor bo‘lib kelishingiz kerak.
* * *
Ustyurt platosi — Qoraqalpog‘iston
Orol dengizi va Qizilqum o‘rtasidagi keng plato mamlakatning eng kam o‘rganilgan joylaridan biridir. Uning asosiy xususiyati deyarli yuz metrli ulkan chink jarliklari va g‘ayrioddiy qoyalar shaklidagi egri-bugri kanyonlaridir. Bu yerdagi manzaralarda go‘yo o‘zga sayyoraga tushib qolgandek bo‘lasiz: qat-qat ohak devorlar, sho‘rxok yerlar, bepoyon sahrolar.
U yerga faqat tajribali haydovchisi bor yo‘ltanlamas mashinada borish mumkin. Odatda Ustyurtga sayohatni eski Mo‘ynoq portiga tashrif bilan uyg‘unlashtirishadi. Nukusdan shimolga avvaliga shosse bo‘ylab, keyin esa tuproq yo‘l orqali boriladi. Tongni platoda kutib olish uchun bir kunga borsangiz bo‘ladi, lekin quyosh botishini ko‘rish uchun o‘tov lagerida ikki kun tunab qolish kerak. Infratuzilma bu yerda minimal: Mo‘ynoqda kafe va yoqilg‘i quyish shoxobchalari bor, platoda esa faqat chodirlar yoki o‘tovlar o‘rnatilgan, aloqa yo‘q, atrof yovvoyi tabiat va to‘liq sukunat.
* * *
Ayoz qal’a — Qoraqalpog‘iston
Ayoz qal’a miloddan avvalgi to‘rtinchi asr va milodiy to‘rtinchi asr oralig‘ida qurilgan uch qismdan iborat qadimiy qal’adir. Minorali paxsa va g‘isht devorlar sahro qumlari orasida hamon ko‘zga tashlanib turadi.
Birinchi qal’a Ayozko‘l sho‘r ko‘li yaqinidagi baland platoda joylashgan. Undan butun dasht to ufqgacha ko‘rinadi. Arxeologlar tomonidan bu yerdan saroy qoldiqlari, qurol-yarog‘ va bezaklar topilgan. Pastda yana ikkita qal’a joylashgan bo‘lib, ular devor qoldiqlari va tor yo‘laklar bilan o‘ralgan. Afsonaga ko‘ra, bu yerda darvesh Ayoz yashagan, shuning uchun bu joy uning nomini olgan.
Qal’alar Urganchdan sakson kilometrcha uzoqlikdagi Qizilqum sahrosida Bo‘ston qishlog‘i yonida joylashgan. Yo‘lning ba’zi joylari tuproqdan iborat. Xususiy mashinada yoki ekskursiya bilan borsa bo‘ladi. Yaqin atrofda o‘tov lageri bor, u yerda tunab qolib, cho‘l ustida quyosh botish manzarasini ko‘rish maroqli.
* * *
Markaziy Qizilqum milliy bog‘i — Navoiy
Markaziy Qizilqum milliy bog‘i Navoiy viloyatining Uchquduq tumanidagi Qizilqum cho‘lida joylashgan. Uning maydoni bir million ikki yuz ming gektarga yaqin. Bu yerda balandligi yetmish metrgacha bo‘lgan qumli tekisliklar va tepaliklar cho‘zilgan, sho‘rxoklar va kichik ko‘llar uchraydi. Bog‘da qirqdan ortiq o‘simlik turlari mavjud, ularning ko‘pchiligi iste’molga yaroqli yoki shifobaxsh.
Qizilqumda jayron, qoraquloq, sayg‘oq, tulki kabi jonivorlar yashaydi. Bu tabiiy muhitda cho‘l manzarasi va yovvoyi hayvonlarning haqiqiy hayotini ko‘rish mumkin bo‘lgan kam sonli joylardan biridir.
Bu yerga faqat yo‘ltanlamas mashinada, yaxshisi yo‘lboshchi bilan keling. Ko‘pincha sayohatni Navoiy viloyati bo‘ylab tur va qumtepaliklar chetidagi o‘tovlarda tunab qolish bilan birga birlashtirishadi. Haqiqiy yovvoyi sokin tabiatni ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun bu joyga tashrif buyurish ayni muddao. Bahorda yoki kuzda, havo unchalik issiq bo‘lmaganda kelgan ma’qul. Yozda harorat o‘ta yuqori bo‘lishi mumkin.
* * *
Janbasqal’a — Qoraqalpog‘iston
Janbasqal’a cho‘l chetidagi qadimiy qal’a va arxeologik yodgorlikdir. U taxminan miloddan avvalgi to‘rtinchi asrda qurilgan va qadimgi Xorazm hududida milodning birinchi asrigacha saqlangan.
Qal’a devorlari qariyb yigirma metr balandlikka ko‘tarilgan. Uning taxminiy o‘lchami ikki yuz metrga bir yuz yetmish metr. Bu joyning o‘ziga xosligi shundaki, qal’aning burchaklari va devor minoralari yo‘q, bu o‘sha davr uchun noodatiy hisoblangan. Qal’a O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Ko‘kcha qishlog‘i yaqinidagi Sulton Uvays tog‘ining janubi-sharqiga cho‘zilgan tepalik yonbag‘irida joylashgan.
Bu yerga Nukusdan yoki Qoraqalpog‘istonning boshqa shaharlaridan yo‘l bor. Yo‘lning ba’zi joylari tuproqdan iborat, mashinani shunga qarab tanlash kerak. Bu devorlari mustahkam qadimiy shaharning deyarli to‘liq saqlanib qolgan xarobalarini ko‘rish imkoni bo‘lgan noyob joydir. Bu yerda qadimiy Xorazm muhitini va cho‘l chegarasidagi sokinlikni his qilsa bo‘ladi. Sayyohlar ko‘p emas, tarix bilan yolg‘iz qolish imkoni bor. Yilning salqin faslida, bahor yoki kuzda borish maqsadga muvofiq.
Bizning qo'llanmamiz sizga yoqdimi? Shunda siz bizning boshqa materiallarimizga ham qiziqishingiz mumkin:





