6-yanvar kuni "Panorama"da Ali Hamroyevning "Parajanovning
siren shamoli" hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi (odatda bayram
munosabati bilan beriladigan dam olish kunlari shaharda diqqatga arzigulik
tadbirlar bo‘lmaydi). Aytish joizki, bu film katta ekranlarda namoyish etilgan,
lekin faqat xalqaro festivallarda, rejissyor Hamroyevning vatanida esa -
birinchi marta.
Nega e’tirof aynan hozir ro‘y berdi? Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra,
2023-yilda u "bir yildan so‘ng Parajanov 100 yoshga to‘lishini, demak,
albatta film suratga olish kerakligini" eslagan. Shunday qilib, u operator
Yuriy Klimenko bilan birga Gruziya va Armanistonga yo‘l olgan. Lekin
tadqiqotchi sifatida emas, balki tirik mavjudot izlarini topish istagida
bo‘lgan inson sifatida. Arxivlar, atrofdagi do‘stlar, safdoshlar, hamkasblar
bilan uchrashuvlar - bularning barchasi nafaqat solnomaga, balki xotira yo‘nalishiga
aylandi. Shu xizmat safari tufayli ushbu kinofilm dunyoga keldi.
Har bir rejissyorga eng boshida voqeani qaysi rakursdan
ko‘rsatishni aniqlash vazifasi beriladi: ijodiy uslublar haqida
hikoyami? Vizual uslubmi? Milliy, folklor kinoning paydo bo‘lishi haqida
ma’ruzami? Ammo bularning barchasi "Siren shamoli" haqida emas.
Bu film Parajanovning ijodi haqidami? Hamroyev filmni bir necha
mavzularga ajratadi (albatta, epilogi ham bor) hamda insonning ham ijodiy, ham
shaxsiy yo‘li, uni o‘rab turgan va unga ta’sir ko‘rsatgan boshqa odamlarning
taqdiri haqida hikoya qiladi. U asosiy narsadan - bolalikdan, ota-onasidan
boshlaydi va Parajanovning davom etayotgan hayoti bilan yakunlaydi, chunki u
"pochtachi, dorixonachi yoki hatto prezident ham emas"ki, u hayotdan ko‘z yumsa.
"Men Parajanovni dafn qilganim yo‘q," deydi Hamroyev film
boshida. Xuddi shu lahzada kamera Yerevanni ko‘rsatadi, u yerda Parajanovning
jasadi solingan tobut minglab odamlar ustida suzib boradi. Keyinchalik uning
do‘stlari bu inson hech qachon yer yuzida yashamaganligini bir ovozdan
takrorlaydi. Bunga qarshi fikr aytishga ojizmiz.
Keyin kadrda Parajanov to‘satdan tirik - kulib, bolaligini eslab paydo
bo‘ladi. U yerdagi voqealar shundayki, qayerda haqiqat, qayerda o‘yin
ekanligini darhol tushunib bo‘lmaydi. Masalan, tintuv paytida og‘ziga yashirgan
olmoslar yoki tenorlik karyerasini tanlash haqidagi hikoyalarning hammasi
haqiqatga o‘xshaydi, lekin uning boy tasavvuri bilan bog‘lanib ketgan.
Ammo "Siren shamoli" ham faktlarni qayta tiklash haqida emas.
Bu Ali Hamroyevning rejissyor haqidagi emas, do‘sti Parajanov haqidagi hikoyasidir.
Ularning do‘stligi 1985-yilda, Toshkentdagi uchrashuvdan boshlangan - va bu
tig‘iz munosabatlar har bir lavhada sezilib turadi. Parajanov bu yerda dunyoviy
inson sifatida namoyon bo‘ladi: millati bo‘yicha arman, Tbilisida tug‘ilgan,
Moskvada ta’lim olgan, Kiyevda, Kavkazda, kino endigina o‘z tilini izlayotgan
hududlarda ishlagan.
Hamroyev yubiley filmi shaklidan ongli ravishda voz kechgan. Vaholanki,
yaqindagina Parajanovning yuz yilligini butun dunyo nishonlagan edi. Hamroyev mashhur
rejissyorning yonida bo‘lgan qadrdonlar davrasini to‘plagan: operator Yuriy
Klimenko, rejissyorlar Roman Balayan, Irakliy Kvirikadze, Artavazd Peleshyan,
sayr paytida "uchib" ketayotgan Parajanovning afsonaviy suratining
muallifi — fotosuratchi Yuriy Mechitovlarni. Xuddi shu tarkibga Andrey
Xrjanovskiy va Andrey Tarkovskiyni ham kiritish mumkin. Bularning barchasi
hikoyamiz qahramoni uchun vaqt, hibsga olinish va o‘limdan ham kuchli bo‘lgan
aloqalar hisoblangan.
Filmda solnoma shaklida kadrlar paydo bo‘ladi - masalan, 1988-yildagi
Rotterdam matbuot anjumani, Parajanovning ozodlikka chiqqanidan keyin ilk bor
chet elga chiqishi. Uning hikoyalari, do‘stlarining xotiralari, animatsiya va
hujjatli parchalar uning baland-pastlikdan iborat notekis taqdirining
xaritasini namoyon etadi.
Tashqi dunyoda yashashni bilmagan va buning uddasidan chiqolmagan hamda
har safar o‘zi uchun boshqacha – yengilroq, orzu-havaslarga to‘la hayotni
o‘ylab topgan rassom taqdiri. Ammo uning “xayoliy” bu dunyosiga ham ta’qiblar,
taqiqlar, ishdagi to‘siqlar va hatto qamoq raxna solgan.
Biroq hamma narsa tugagandek tuyulgan vaziyatlarda ham u ijod qilishda
davom etgan. Chiqindi yoki qo‘l ostidagi oddiy buyumlardan u o‘sha talerlar –
turli shakllarda kesilgan yaltiroq qatiq qopqoqlaridan Bibi Maryam, Pushkin,
Gogol timsollarini yasadi. Bugungi kunda ular Yerevandagi muzeyda saqlanadi
(bunga filmning bir qismi ajratilgan). Shunday medalyonlardan biri Fellinining
qo‘liga tushib qoladi va Forman hamda Mastroyanni munosib deb topilgan Rimini
festivalining kumush mukofoti timsoliga aylanadi.
Parajanovning kino va sobiq Ittifoq mualliflariga ta’siri masalasi
ko‘tarilganda, shu ma’lum bo‘ladiki, gap taqlid haqida ham emas, balki aynan
erkinlik tuyg‘usi atrofdagilarga yuqqanida. O‘sha erkinlikning milliy
kinostudiyalar kinematografiyasiga ta’siri Parajanovning “Unutilgan ajdodlar
soyasi” (1964) kartinasidan boshlangan edi. Aleksandr Dovjenko nomidagi Ukraina
milliy kinostudiyasida rejissyor milliy folklor namunasi bo‘lgan fenomen filmni
suratga oldi. Bu bilan esa sovet respublikasida ham mana shunday dadil filmlar
suratga olinishini isbotlab berdi. Keyinchalik Parajanov o‘zi uchun qadrdon
bo‘lgan Armaniston madaniyatiga murojaat qilib, yana bir asari – “Anor rangi”
(1970) ni suratga oladi. Mifologiyadan ilhomlangan rejissyor kinohikoyadagi
odatiy yondashuvni o‘zgartiradi va sovet ommaviy madaniyatining mavjud qolipiga
qarama-qarshi bo‘lgan asarni suratga oladi. Uning ushbu ramziy kinosi
kinematografiyada shoirona davrni belgilab bergan edi.
hatto maftun etadi. Sen-Sansning “O‘lim raqsi”, Vivaldi, Satining
Gnosiyennasi bilan olib borilgan musiqiy jo‘rlik dastlab tomoshabinni hayajonga
solmaydi go‘yo, lekin keyinchalik asrlar davomida madaniyatda mustahkamlangan,
o‘zgarmas ohanglardan his qiladigan hayajonni boshdan kechirishga undaydi. Bir
tomondan Parajanov shaxsining miqyosi bunday bo‘rttirishga muhtoj emasdek
tuyuladi. Ammo Hamroyev o‘zini tutib turolmaydi, chunki ekrandagi insonning
hikoyasi rejissyor uchun haddan tashqari yaqin bo‘lib, bu tuyg‘ularni tiyib
turishning iloji yo‘q.
Xuddi shu ohang finalda ham davom etadi, ya’ni binafsha rang siren gullari
shamolda hilpirab turgan ta’sirli kadrlarda. Ular filmning nomiga ham, uning
to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasviri – binafsha rangdagi va erkin ruhdagi shamolga ham
ishora qiladi.
Hamroyev bu usullardan voz kechmaydi – aslida bu talab qilinmaydi ham.
Bu endi Parajanov kabi kinoga yangi, ilgari tasavvur qilib bo‘lmaydigan
timsollarni olib kirgan, she’riy kinematografiya tilini shakllantirgan iliqlik
davri emas. O‘shanda uning “Qushlar ortidan ketayotgan odam”i 1974-yilda
“parajanovchilik”da ayblangan edi.
Ushbu bolalarcha va shoirona tarzda barhayotlikka, butunlay yo‘q bo‘lib
ketmaslikka ishonish hissida, jumladan Hamroyev shaxsiyatining ko‘lami yotadi.
U Parajanovni do‘st, ustoz, kosmos deb ataydi. Ma’lumki, kosmos sanalar va
filmografiya ro‘yxatlari bilan tasvirlanmaydi, balki faqat his qilinadi.
Mazkur film nima uchun an’anaviy hujjatli kino bo‘lmaganiga yana bir
o‘ta shaxsiy sabab bor. O‘sha ayblovlardan o‘n yil o‘tib, Hamroyev bilan
Parajanov 1985-yilda Toshkentda uchrashib qoladi, shunda Parajanov Hamroyev
onasining qabriga kelib, o‘sha joyda hamma gullarni sotib oladi va qabr ustini
gullarga to‘ldiradi. Parajanovning onasi u jazo muddatini o‘tayotgan chog‘ida
Tbilisida vafot etgan edi. Shundan keyin cheksiz shoironalikdan, shaxsiy
mamnunlikdan, behisob hayajondan qochib qutulish mumkinmi? Albatta, yo‘q!
Boshqacha javob bo‘lishi ham mumkin emas.
Bir buyuk inson mavqeda o‘zidan qolishmaydigan do‘sti haqida film
ishlaganda, nima sodir bo‘lishini bilasizmi? Yana bu do‘st Sergey Parajanov
bo‘lsa-chi? Bu kartina faqat yurakdan chiqadigan dil izhorlaridan iborat
bo‘lishi tayin.














