Biz Markaziy Osiyodagi bir nechta shaharlardagi o‘zgarishlarni tahlil qildik va BMTTDning “Markaziy Osiyoda shaharlarning tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi xavfiga chidamliligini oshirish” loyihasi tahlilchisi, O‘zbekiston yosh arxitektorlar uyushmasi eksperti Akmal Abdullayev bilan shaharlarning yangi qiyofasi urbanizatsiya nuqtayi nazaridan zamon talablariga nechog‘li javob bera olishi haqida suhbatlashdik.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda bir vaqtning o‘zida o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda: qayerdadir bog‘lar va sohilbo‘yi maydonlariga ega yangi kvartallar qurilmoqda, qayerdadir eski qal’alar, muzeylar va saroylar zamonaviy madaniyat markazlariga aylantirilmoqda. Bunday tashabbuslar mintaqa shaharlarini dunyoga qayta namoyon etayotganini, unutilgan hududlardan sayyohlar uchun jozibador maskanlarga aylantirilayotganini ko‘rsatadi.
Keling, Chimkent, Farg‘ona, Ostona, Turkiston, Olmaota, Chirchiq shaharlarining yangilanish yo‘llarini hamda bu o‘zgarishlarda qanday umumiylik borligini ko‘rib chiqamiz.
Yangi Chimkent: zamonaviy Shymkent City
Chimkent — Qozog‘istonning eng yirik shaharlaridan biri va bugungi kunda u faol rivojlanib bormoqda. Bir necha yil oldin shahar shimolida 50 mingdan ortiq kishilik sig‘imga ega yangi Shymkent City tumani qurilishi boshlandi. Loyiha 400 gektardan ortiq maydonni egallaydi: bu yerda uy-joylar, maktablar, bolalar bog‘chalari va ijtimoiy obyektlar barpo etilmoqda. Tuman o‘zining ishbilarmonlik, sport va madaniy hayotiga ega haqiqiy «shahar ichidagi shahar»ga aylanishi rejalashtirilgan.
Tuman markazida konsert va forumlar uchun ikki ming o‘rinli Kongress xoll paydo bo‘ladi. Uning yonida «Chimkent Arena» katta sport majmuasi qurilmoqda, shahar aholisining dam olishi uchun esa 49 gektar maydonda yo‘laklar va o‘yin maydonchalariga ega bog‘ yaratilmoqda. Yangi bog‘ A. Asqarov nomidagi Dendropark bilan bog‘lanib, unda sayr uzun hudud bo‘ladi. Markazga tez va qulay yetib borish uchun tuman shaharning qolgan qismi bilan yangi magistral va jamoat transporti yo‘nalishlari orqali bog‘lanadi.
Chimkent qal’asi: qazishmalardan ochiq osmon ostidagi muzeyga qadar
Chimkentning tarixiy markazi ham o‘zgarmoqda. Eski shaharning asosiy diqqatga sazovor joyi — qadimiy Chimkent qo‘rg‘oni uzoq vaqt davomida bozor yonidagi tashlandiq tepalikka o‘xshab turardi. U taxminan 2200 yoshda. 2017-yilda uning asosida bu yerda ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etishga qaror qilindi. Qayta tiklash ishlari 2018-yilda boshlangan. 2021-yilda esa Chimqal’a tarixiy-madaniy majmuasi ochildi. Arxeologlar turli davrlarga oid devorlar, minoralar va uylarning qoldiqlarini o‘rganishdi. Ular bergan ma’lumotlar asosida, qal’a bo‘laklari, darvozalar, karvonsaroy va o‘rta asrlardagi bozorlarning saqlanib qolgan qismlari qayta tiklangan. Qazishmalar paytida topilgan uylarda shahar aholisining o‘tmishdagi turmush tarzini ko‘rsatish uchun o‘choqlar, tandirlar, g‘ishtdan yasalgan yotoqlar shundayligicha qoldirilgan.
2021-yil bahorida majmua Chimqal’a muzey-qo‘riqxonasi maqomini oldi . Bu Chimkentning yangi turistik maskanidir. Tashrif buyuruvchilar qazishmalar bo‘ylab sayr qiladi, zallardagi artefaktlardan bahramand bo‘ladi, yer osti yo‘laklariga tushadi. Kelajakda mehmonlar uchun interaktiv qazishmalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu Qozog‘istondagi katta shahar markazida qadimiy yodgorlik saqlanib qolgan yagona joy hisoblanadi.
Muammolar ham yo‘q emas. 2024-yilga kelib, majmua hududidagi etnoovul eskirdi, devorlarida namlik va mog‘or paydo bo‘ldi. Vaziyatni bartaraf etish uchun ishning bir qismini vaqtincha to‘xtatishdi. Sabab obyektni shahar balansiga o‘tkazish va moliyalashtirishning kechikishida. Hokimiyat yangi rekonstruksiyani tayyorlayapti. Etnoovulni yangilash, sayyohlar uchun infratuzilmani yaxshilash va xususiy sarmoyalarni jalb qilish rejalashtirilgan.
«Fosfornik» saroyi: madaniy o‘choqning yangi hayoti
Chimkentdagi yana bir muhim loyiha, bu «Fosfornik» madaniyat saroyining (ilgari — Fosforchilar madaniyat saroyi) yangilanishidir. Ushbu bino 1980-yilda uning oldida yirik kimyo zavodi ishlayotgan vaqtda qurilgan. Sobiq ittifoq davrida bu yerda konsertlar, uchrashuvlar o‘tkazilgan, biroq keyinchalik bino qarovsiz qolib, uzoq vaqt bo‘sh turgan. 2023-yilda ekspertiza uni avariya holatida deb topdi va eski bino buzib tashlandi.
2025-yil bahorida bu yerda yangi saroy qurilishi boshlandi. Loyihani Asel Tasmagambetova (Sabi fondi prezidenti) va tadbirkor Kenes Rakishev tomonidan tashkil etilgan Sabi xayriya jamg‘armasi qo‘llab-quvvatladi. Yangi Fosfornik uchta — IT, ijodiy va jamoat tashabbuslari xablari joylashgan zamonaviy madaniy markazga aylanadi. Bu yerda ustaxonalar, galereyalar, amfiteatr, kovorking, konferensiya zallari, video va ovoz yozish studiyalari bo‘ladi. Konsert va spektakllar uchun 350 o‘rinli zal, kutubxona faoliyat yuritadi.
Binoda eski me’morchilik elementlari zamonaviy uslub bilan birlashadi. Atrofda xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va kichik bog‘ barpo etiladi. Yangi Fosfornik nafaqat dam olish va ijod maskani, balki Chimkentning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi kerak.
Markaziy Osiyoning ko‘pgina shaharlarida sayyohlik maskanlari endilikda ajralib qolmayapti. Ular aholining qiziqishlarini hisobga olgan holda tashkil etilyapti: kafelar, hunarmandchilik do‘konlari, xizmat ko‘rsatish, madaniy hordiq chiqarish joylari yil davomida ishlab turibdi va shahar iqtisodiyotiga hissa qo‘shmoqda. Turizm sohasining rivojlanishi va aholi to‘lov qobiliyatining o‘sishi bunday maydonlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.
Samarqand, Turkiston, Farg‘ona va boshqa shaharlardagi piyodalar uchun mo‘ljallangan hududlar, bog‘lar va qirg‘oq bo‘ylari sayyohlar va mahalliy aholi manfaatlariga mos to‘laqonli markazlarga aylanmoqda. Sayyohlik maskanlari asta-sekin kundalik hayotga kirib borib, mehmonlardan tashqari mahalliy aholiga ham naf keltirmoqda.
Akmal Abdullayev
Farg‘ona: «Yangi O‘zbekiston» ekoshaharchasi
O‘zbekistonda ham katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Farg‘onada Yangi O‘zbekiston nomli yangi turar-joy tumani qurilmoqda. Bu eski Farg‘ona chekkasida zamonaviy ekologik shahar barpo etish loyihasidir. Qariyb 300 gektar maydonda 65 ming kishiga mo‘ljallangan 300 ta ko‘p qavatli uylar qad ko‘taradi.
Yangi hududda maktab, bog‘cha, poliklinika, savdo markazlari, sport majmuasi va masjid quriladi. Aholi uylariga yaqin joyda bandlikni ta’minlash maqsadida 50 gektar maydonda texnopark tashkil etilmoqda. Yangi O‘zbekiston uy-joy, ish o‘rinlari va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan mustaqil shahar markaziga aylanadi.
Tuman markazida 70 gektar maydonda katta bog‘ barpo etiladi. Unda sun’iy ko‘l, xiyobonlar, dam olish maskanlari tashkil etiladi. Bugungi kungacha 10 mingdan ortiq daraxt ekilgan, jami 21 ming tup daraxt ekish rejalashtirilgan. Bu yerda energiyani tejash va tabiatni asrashga mo‘ljallangan velosiped yo‘laklari, yashil hududlar va zamonaviy texnologiyalar bo‘ladi.
Farg‘ona bunday tuman barpo etilayotgan birinchi shahar hisoblanadi. Kelgusida bu kabi loyihalar boshqa joylarda ham amalga oshiriladi. Yangi O‘zbekiston sabab shaharda yangi ish o‘rinlari paydo buladi va zamonaviy uy-joylar qad ko‘taradi, bu joy yashash uchun qulay maskanga aylanadi.
Tahlillarga kura, faqat arxitektura bilan cheklanib qolmay, to‘laqonli shahar klasterlari sifatida qurilayotgan loyihalar barqaror bo‘lib chiqmoqda. Bunga misol sifatida Farg‘ona va Namangandagi uy-joy, ijtimoiy obyektlar va ish o‘rinlariga ega bo‘lgan Yangi O‘zbekiston shaharlari hamda tarixiy muhiti saqlanib qolayotgan va qurilishi to‘liq nazoratga olingan hamda 2050-yilgacha uzoq muddatli reja asosida rivojlanayotgan Turkiston shahridir.
Mintaqa aholisining o‘sish omili kelajakda yuklamalarni ko‘tara oladigan yirik va ko‘p vazifalarni qamrab oladigan tumanlarning maqomini oshiradi. Bunday loyihalar esa transport logistikasi, energiya samaradorligi, resurslarni boshqarish va iqlim xavf-xatarlariga moslashish jarayonlari oldindan puxta o‘ylangan joylarda foyda keltiradi.
Farg‘ona va Chimkentda energiya tejamkor yechimlar, ko‘kalamzorlashtirish va qulay piyodalar joylari joriy etilmoqda, ammo ekologiya qoidalari faqat barqaror foydalanish sharoitida ishlaydi. Loyiha ekotizimi uchun muntazam parvarish, to‘g‘ri sug‘orish, ishonchli muhandislik tizimlari va qulay transport zarur.
Ta’kidlash joizki, puxta o‘ylanmagan sug‘orish tizimi yoki yosh daraxtlarni o‘z vaqtida parvarish qilmaslik natijasida ekinlarning nobud bo‘lishi kabi holatlar boshqaruv va to‘g‘ri foydalanish jarayoni tashkillashtirilmagan joyda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda hokimiyatlar bunday tumanlar faqat taqdimotlarda emas, balki amalda qulay bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan yondashuvlarni joriy etib, vakolatlarni sekin-asta shakllantirmoqda.
Akmal Abdullayev
Ostona: noldan boshlab yaratilgan sayyohlik ohangrabosi
Ostona kichik shaharning zamonaviy poytaxtga aylanishiga yaqqol misoldir. 1997-yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev poytaxtni Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirishga qaror qildi va bu shahar tez orada Ostona nomini oldi. Bir necha yil ichida shahar ulkan qurilish markaziga aylandi. Ishim daryosining chap qirg‘og‘ida hukumat binolari, Oq O‘rda prezidenti qarorgohi, parlament, Oliy sud, shuningdek, Bayterek yodgorligi, Tinchlik va hamjihatlik saroyi, Xon Shatir markazi kabi mashhur zamonaviy inshootlar va boshqa binolar qad ko‘tardi.
Poytaxtning ko‘chirilishi butun mamlakat uchun katta turtki bo‘ldi. Ostonaga sarmoyalar kiritildi va barcha hududlardan mutaxassislar yuborildi. Shahar qisqa vaqt ichida rivojlanish markaziga va yangi Qozog‘istonning ramziga aylandi. Yigirma yil ichida u kichik qishloqdan osmono‘par binolar, keng ko‘chalar va yashil bog‘larga ega zamonaviy megapolisga o‘zgardi.
Bugungi kunda Ostona mintaqa yetakchisi bo‘lib qolmoqda va yirik xalqaro tadbirlar — sammitlar, ko‘rgazmalar va forumlarga mezbonlik qilmoqda. Ostona Qozog‘istonning sovet davridan keyingi tiklanish ramzi sifatida tan olingan. Sayyohlarni zamonaviy binolar, butun shahar ko‘rinib turadigan Bayterek, okeanarium, Xon Shatir savdo-ko‘ngilochar markazi va Nurjo‘l xiyobonidagi kuylayotgan favvoralar o‘ziga jalb qilmoqda.
2019-yildan 2022-yilgacha shahar Nursulton deb atalgan, ammo keyin eski nomini qaytarib oldi. Hozir bu yerda yangi mavzelar, maktablar, yengil metro qurilishi davom etmoqda. Deyarli noldan o‘sgan Ostona Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohatchilar tashrif buyuradigan jo‘shqin va zamonaviy shaharga aylandi.
Olmaota va Chirchiq eski dam olish maskanlarini o‘zgartirmoqda
Qozog‘iston va O‘zbekistonda nafaqat yirik shaharlar, balki kichik shahar hududlari ham yangilanmoqda. Yaqinda Olmaotada ko‘p yillar davomida shahar plyaji bo‘lib xizmat qilgan Sayran ko‘lini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Ikki yil ichida suv havzasi to‘liq tozalanib, atrofi obodonlashtirildi. Suv tubi mustahkamlandi, suvning sifati yaxshilandi, velosiped yo‘laklari, bolalar va sport maydonchalari bo‘lgan 2,5 kilometrlik sayilgoh tashkil etildi. Qirg‘oqqa qum keltirildi, plyaj dushxonalar va qutqaruv postlari bilan jihozlandi. Minglab daraxtlar o‘tqazildi, yuzlab chiroqlar o‘rnatildi. Bu 35 yil ichida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan loyiha bo‘lib, endi Sayran shahar aholisining sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylandi.
O‘zbekistonda Chirchiq shahrida eski daraxtzorning bir qismi o‘rnida yangi O‘rmon bog‘i paydo bo‘ldi. U 2025-yil 1-iyun kuni ochildi va shahar aholisining faxriga aylandi. Bog‘ qariyb 80 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bu yerda xiyobonlar, bolalar maydonchalari, skeyt parki, sport maydonchalari va arqonli shaharcha bor. Markazda sun’iy ko‘l va ochiq osmon ostidagi amfiteatr qurildi. Kechqurunlari bog‘ chiroyli yoritiladi, bu esa sayr qilishni xavfsiz va maroqli qiladi.
Yangi bog‘ nafaqat Chirchiq shahrining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi, balki o‘nlab mahalliy aholi vakillarini ish bilan ta’minladi. Sanoatlashgan shahar uchun bu muhim voqea hisoblanadi. Chunki uzoq vaqt ichida ilk bor oilaviy dam olish uchun katta va zamonaviy maskan paydo bo‘ldi. O‘rmon qo‘shni Toshkentdan ham mehmonlarni jalb qilmoqda. Bu kichik rekonstruksiyalar ham shaharlarni jonlantirib, aholi va sayyohlar uchun yanada jozibador qilishining yaxshi namunasidir.
Turkiston Samarqand va Buxoroga yangi raqobatchimi?
Turkiston Qozog‘istonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda qiyofasi juda o‘zgarib ketgan. Ilgari bu tinchgina uzoq chekkada joylashgan shaharcha edi, ammo 2018-yilda unga yangi viloyat markazi maqomi berildi. Bu qarorni Nursulton Nazarboyev Turkistonning ma’naviy ahamiyatini oshirish va mintaqani rivojlantirish maqsadida qabul qildi.
Bu shahar azaldan turkiy dunyo uchun muhim maskan bo‘lib kelgan. Bu yerda YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi joylashgan. 2018-yildan keyin Turkiston jadal rivojlana boshladi. 2050-yilgacha bo‘lgan reja tuzildi va dastlabki yillardayoq katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shaharning shimolida ofislar, amfiteatr, nikoh marosimlari saroyi, sayyohlar markazi va boshqa obyektlarga ega yangi ma’muriy markaz qurildi. Ko‘plab binolar Qozog‘istonning turli viloyatlaridan sovg‘a qilindi: masalan, Olmaota zamonaviy media markazni, Mang‘istau viloyati 1000 o‘rinli ochiq amfiteatrni, Sharqiy Qozog‘iston viloyati sharqona hammomni, Qizilo‘rda nikoh marosimlari saroyini, Aqto‘be sayyohlarga xizmat ko‘rsatish markazi kabi loyihalarni moliyalashtirdi.
Qisqa vaqt ichida yangi aeroport paydo bo‘ldi, u yerdan Ostona, Olmaota, Istanbul va boshqa shaharlarga parvozlar amalga oshiriladi. Avtovokzal va yangi yo‘llar qurildi. Shaharning eski markazi ham o‘zgarib ketdi. Yassaviy maqbarasi atrofida favvoralar va xiyobonlar bilan Azret Sulton piyodalar hududi tashkil etilgan. Uning yonida Qozog‘iston tarixiga oid muzeylar ochildi.
Yangi Turkistonning asosiy faxri Karvonsaroy majmuasidir. U 2021-yilda ochilgan va shaharning yangi tashrif qog‘oziga aylangan. Bu joy Ipak yo‘li davridagi sharqona shaharni eslatadi. Bu yerda mehmonxonalar, restoranlar, do‘konlar, teatr va tomoshalar o‘tkaziladigan suv kanali bor. Loyiha minglab odamlarni ish bilan ta’minladi va sayyohlar uchun ohangraboga aylandi.
2024-yilda Turkistonga rasman mamlakatning ma’naviy va madaniy markazi maqomi berildi. Endi bu yerda tarixiy obidalar yonida baland binolar qurish taqiqlanadi. Hokimiyat eski mahallalarni saqlab qolishi va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashi shart. Turkiston hokimligiga o‘z me’moriy uslubi, shaharning dizayn-kodi va yerdan foydalanishning alohida qoidalarini tasdiqlashgacha bo‘lgan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.
Turkiston fenomenining asosiy vazifasi tarixni saqlab qolish va yangi hayot nafasini bag‘ishlashdir. Ko‘rinishidan, bu tajriba muvaffaqiyatli amalga oshdi. Turkiston Qozog‘iston janubini rivojlantirishning yetakchi loyihasiga aylandi. Shaharning muvaffaqiyati shuni ko‘rsatadiki, agar merosga hurmat bilan to‘g‘ri sarmoya kiritilsa, hatto qadimiy aholi turar joylari ham zamonaviy sharoitda ikkinchi bor hayotga qaytishi mumkin.
Bugungi kunda Turkiston ochiq osmon ostidagi jonli muzey va mehmonxonalar, bog‘lar va aeroportga ega zamonaviy shahardir. Uni Samarqand va Buxoroga o‘xshatishadi. Shahar tarixiy merosni saqlab qolish va shu bilan birga kelajakka qadam qo‘yishning ramziga aylandi.
Rivojlanish va an’analarni saqlab qolish o‘rtasidagi eng uyg‘un muvozanatni Turkiston, Chirchiq, Samarqand, O‘sh, Olmaota, Xo‘jand va Chimkent shaharlari ko‘rsatmoqda. U yerlarda tarixiy muhit, tabiiy landshaft yoki an’anaviy shahar tuzilishini hisobga olgan holda modernizatsiya amalga oshirilmoqda. Yangi yechimlar o‘ziga xos qadriyatlarni buzmasligi uchun tarixchilar va etnograflar bilan birgalikda ko‘p vazifalarni qamrab olgan jamoalar loyihalar ustida tobora ko‘proq ishlamoqda.
Asosiy omil aholining qabul qilishi. Yangi joylar odamlar kutganday bo‘lsagina, ular jonlanadi va talabgir bo‘ladi. Shaharliklar manfaatlarini hisobga olmaslik, aksincha, begonalashuv va nizolarga olib keladi.
Shaharning ikkinchi hayotini sayyohlar sonining ortishi, kichik biznesning rivojlanishi, yangi joylarga tashriflarning ko‘payishi va uy-joy narxining o‘sishi kabi omillar taʼminlamoqda. Samarqanddagi Buyuk ipak yo‘li majmuasida ro‘y berayotgan yirik hodisalar, mehmonlarning kelishi va yangi ish o‘rinlarning yaratilishi shunday misollardan biri. Ushbu manzaraga dam olish va ta’lim tashabbuslarini birlashtirgan UNESCO bog‘i qo'shimcha fayz bag‘ishladi. Birinchi daraxtlarni joriy yilning 30-oktyabr — 13-noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi forumi va 43-sessiyasi ishtirokchilari ekib berishdi.
Rekonstruksiya samaradorligi aholining shahar maydonlaridan faol foydalana olayotgani, transport qulayligi ta’minlangani va yashil infratuzilma qo‘llab-quvvatlanayotganida ham seziladi. Shu bilan birga, yirik tadbirlar vaqtidagi vaqtinchalik noqulayliklarni hisobga olish va bu borada shaharliklar bilan oldindan aloqa o‘rnatish muhimdir.
Akmal Abdullayev
Chimkent, Farg‘ona, Ostona, Turkiston, Olmaota va Chirchiqdagi yangilanishlar misolida butun Markaziy Osiyoda shaharlar ikkinchi hayotga qadam qo‘yayotganini ko‘rish mumkin. Qayerdadir yangi tumanlar, zamonaviy markazlar qurilmoqda, qayerdadir qadimiy qal’alar, obidalar tiklanmoqda, bog‘lar, madaniyat maskanlari barpo etilmoqda. Lekin hammasining maqsadi bir — merosni asrab-avaylash hamda shaharlarni aholi va sayyohlar uchun qulay va jozibali qilishdir.
Mavzu haqida o'qing: